Введен в эксплуатацию еще один крупный цементный завод в Узбекистане

News image

Текст представлен на государственном языке

“O'zqurilishmateriallari” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan sanoatning boshqa tarmoq korxonalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlarni ishga tushirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

2017 yilga qadar qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 7995 ta korxona faoliyat yuritgan bo'lsa, bugungi kunda ular soni 10 ming 552 tani tashkil etmoqda. 120 turdagi qurilish materiallari soni bugun 180 dan ziyod turga etkazildi.

O'tgan yilda tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan 16 trillion 756 milliard so'mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo'lib, ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 122,6 foizga oshgan. Jami sanoat ishlab chiqarishdagi ulushi 11,6 foizni tashkil etgan.

Bugun mamlakatimiz bo'ylab ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda barcha qurilish mahsulotlari qatorida tsementga bo'lgan talab ham yanada oshmoqda. Mavjud talabni qondirish bo'yicha bugungi kunda aniq chora-tadbirlar ko'rilib, yangi quvvatlarni ishga tushirish choralari ko'rilmoqda.

– 14 ta tsement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan yiliga 9,1 mililon tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda, – dedi jamiyatning tsement, asbotsement mahsulotlari va bog'lovchi materiallar ishlab chiqarish sho''basi boshlig'i Bahodir Ismoilov. – Bunday ko'rsatkichlarga qaramasdan, qurilish ishlarining keskin oshgani tsement ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish ehtiyojini tug'dirmoqda. Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar yillik quvvati 3 million tonnadan ziyod bo'lgan 8 ta, 2019 yilda yillik quvvati 4,7 million tonna bo'lgan 9 ta loyiha amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 10 oktyabrdagi “Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tsement zavodi qurilishi investitsiya loyihasini amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga asosan Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yana bir loyihani amalga oshirish belgilangan edi.

Qarorga muvofiq, ushbu tsement zavodining texnologik qismi Turkiyaning “Dal teknik makina tigaret ve sanayi a.s.” firmasi tomonidan amalga oshirildi.

Mazkur loyiha “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilgan ikkinchi zavod bo'lib, ushbu jamiyat tomonidan dastlab Jizzax viloyati Zafarobod tumanida qurilgan korxona modernizatsiya qilinib, yiliga 350 ming tonna oq tsement va 760 ming tonna portlandtsement ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan.

Jizzaxda ishga tushirilgan korxona MDH davlatlari bo'yicha oqligi 85 birlikdan kam bo'lmagan va mustahkamligi 500 kilogram/santimetr kvadrat markadagi yuqori sifatli tsement ishlab chiqarishga erishilgan birinchi muvaffaqiyatli loyihadir.

Yangi loyihaning Sherobod tumanida amalga oshirilganida ham o'ziga xos afzalliklari bor. Chunki eng yirik, ya'ni 708 million tonna tsement xom ashyosi, shu jumladan, 530 million tonna ohaktosh va 178 million tonna tuproq (glina) mavjud konlar aynan shu hududda joylashgan.

Qiymati 212,8 million AQSh dollari bo'lgan ushbu investitsiya loyihasining amalga oshirilishi natijasida bu erda yiliga 1 million 500 ming tonna yuqori sifatli portlandtsement ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi hamda 1200 nafar tuman aholisini doimiy ish bilan ta'minlash imkoniyati yaratildi.

Surxondaryo viloyatining geografik joylashuvi nafaqat yurtimizda amalga oshirilayotgan, balki qo'shni davlatlar, shu jumladan, Afg'oniston Respublikasida ham keng ko'lamdagi qurilish bunyodkorlik ishlari uchun zarur bo'lgan tsement mahsulotining ichki va tashqi bozorda o'z xaridorini topish imkoniyatini beradi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur loyihaning ishga tushirilishi davlatimiz rahbari tomonidan jadallik bilan muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning sohadagi dastlabki natijalaridan biri deyish mumkin.

N. Ziyodullaeva, O'zA

Будьте вкурсе новых событий на телеграмм канале "@Ozqurilishmateriallari" в facebook "@aouzsm" в instagramm "uzbuildmaterials"

Источник: УзА
Нажмите чтобы прослушать выделенный текст! Powered by GSpeech