Qurilish materiallarini ishlab chiqishda yoqilg'i kul shlaklarini aktivatsiya qilish, texnologiyasi va to'liq o'zlashtirishning usullarini ishlab chiqish

Yoqilg'i kul shlaklarini utilizatsiya qilish masalalarining dolzarbligini hisobga olgan holda ularni mexanik-kimyoviy aktivatsiyalash bo'yicha ilmiy izlanishlar olib borildi. Ushbu usul yuqori aktivlikdagi kul shlakini olish imkonini beradi, bu esa o'z navbatida sement va oz klinkerli bog'lovchi materiallarni ishlab chiqishda undan foydalanish darajasini 5% dan 60% gacha oshirishga olib keladi. Taklif etilayotgan usulni joriy etish bir yilda 1 mln.tonnadan ortiq kul shlakidan foydalanish va sementga faol mineral qo'shimchani olish imkonini beradi. Bu narsa ko'mirni maydalash jarayonida unga qo'shimchalarni qo'shish va hosil bo'lgan kul shlaki aralashmasini quruq yo'l bilan olib tashlash orqali amalga oshiriladi.

Taklif etilayotgan usuldan foydalanish yoqilg'i kul shlakining sement toshining qattiqlashuvida ajralib chiqadigan kal`tsiy gidrooksidi bilan o'zaro aloqadorligida gidravlik faolligining ancha oshishiga va sement markasining o'sishiga (M-400-500) olib keladi. Shu bilan birga, bunda qattiq yoqilg'ining issiqlik berish qobiliyati pasaymaydi, va aksincha oshadi. Buning natijasida aktivlashtirilgan kul shlaki aralashmasi va biriktiruvchining qattiqlashuvini tezlashtirish qo'shimchalari asosida kamklinkerli va klinkersiz (M-300-400) sement olish imkoni paydo bo'ladi.

Bundan tashqari, chang holatidagi (muallaq holatida) ko'mirning yonishi natijasida hosil bo'lgan kul shlakini quruq yo'l bilan yo'qotishda, past temperaturadagi minerallar (silikatlar, alyuminatlar va kaltsiy ferritlari) gidratatsiyaga uchramaydi.

Shu narsani ta'kidlash joizki, kul shlaki aralashmasini quruq yo'l bilan olib tashlanganda, utilizatsiya joyiga qadar kul shlaklari pul`pasini yetkazib berishda katta miqdordagi suvdan, suv quvurlaridan, nasos agregatlaridan foydalanishga zarurat qolmaydi, kul shlaklari chiqindilari bilan egallangan katta miqdordagi ekin maydoni bo'shaydi, shuningdek quvurlarni ta'mirlash va tiklash ishlariga barham beriladi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida kul shlaklarini sementga mineral qo'shimcha sifatida ishlatish muammosi hal etiladi. Ishlab chiqarishda kul shlaklaridan foydalanish darajasi keskin ortadi, bu esa hosil bo'ladigan chiqindilarni to'liq ishlatish imkonini beradi.

Chiqindilar saqlagichlarini qurish zarurati yo'qoladi, mintaqadagi ekologik vaziyat yaxshilanadi.





Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech