“Obod qishloq” dasturiga hissa qo‘shish, katta mas’uliyat va yuksak sharaf!


“O‘zqurilishmateriallari” AJ - tezkor va samarali faoliyat natijalari

Jizzax, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlarida asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallarining savdo shoxobchalari o‘z faoliyatini boshladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 29 martdagi “Obod qishloq dasturi to‘g‘risida”gi farmoni hamda“Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosidagi xayrli ishlar har bir fuqaroning ko‘nglidan chuqur joy olmoqda.

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab respublikaning barcha tuman va shaharlarida, avvalo, olis va tabiiy iqlim sharoiti og‘ir hududlarda 2018 yilda 2 tadan va kelgusi yillarda 3 tadan qishloqda (mahallada) aholining yashash sharoitlarini bosqichma-bosqich tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashga, mazkur qishloqlarning (mahallalarning) qiyofasini zamonaviylashtirishga va qishloq aholisi uchun ish joylarini yaratishga qaratilgan “Obod qishloq” dasturi amalga oshirilmoqda.

Shuni alohida qayd etish kerakki, 2018 yilda mamlakatimizning 174 ta tumanidagi 368 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarini kompleks ravishda yangilash chora-tadbirlari qabul qilingan dasturning ustuvor maqsadlari sifatida belgilangan.

Dasturda, ayniqsa, 127143 ta uy-joyni ta’mirlash, ularning tomini, tashqi ko‘rinishi, yon-atrofini obodonlashtirish ishlari alohida o‘rin egallagan.

Dastur doirasida ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz va elektr energiyasini aholi uchun belgilangan narxlarda yetkazib berish preferensiyalari tatbiq etiladigan asosiy turdagi qurilish materiallari ro‘yxati tasdiqlandi, ya’ni uy-joylarni ta’mirlashda arzon va sifatli qurilish materiallari bilan ta’minlash, ishlab chiqaruvchilar uchun elektr energiyasi va gaz yetkazib berishda preferensiyalar nazarda tutilgan.

Mazkur ro‘yxatda, respublika miqyosida qariyb 106 ming tonna sement, 888,2 ming m3 shag‘al, 387,5 ming m3 qurilish qumi, 54,4 ming dona eshik, 89,1 ming dona deraza va oyna, 11,1 ming tonna lok-bo‘yoq mahsulotlari, 400 ming m2 gipsokarton, 80 mln. dona g‘isht, 57,3 ming m3 yog‘och materiallar, 69 ming dona shifer, 654,4 ming dona temir-beton mahsulotlari qayd etilgan.

Shu bilan birga, Prezidentimiz farmoni talablariga ko‘ra, mutasaddi idoralar tomonidan o‘zaro hamkorlikda sement, metall prokatini markazlashgan holda, g‘isht, temir-beton buyumlari, eshik, deraza romlari, lok-bo‘yoq mahsulotlari kabi asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallari va jihozlarini yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.

Jumladan, zarur moddiy-texnika resurslarini jamlash maqsadida, mahalliy ishlab chiqarish korxonalari tomonidan sement va metall prokati markazlashgan holda, g‘isht, tomyopqich mahsulotlari, temir-beton buyumlari, eshik, deraza romlari, lok-bo‘yoq kabi asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallari va jihozlarini yetkazib berish uchun har bir aholi punktida firma do‘konlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Belgilangan vazifalarni samarali bajarish, ko‘zlangan maqsad va natijalarga erishish maqsadida, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan dastur ijrosi doirasida qurilish-bunyodkorlik ishlariga zarur bo‘lgan barcha turdagi qurilish materiallarini uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha tegishli ishlar jadal tashkil etilmoqda.

“Obod qishloq” dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining qaroriga ko‘ra, g‘isht, shifer, eshik, deraza romlari va lok-bo‘yoq mahsulotlari mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan, ularning firma do‘konlari yoki filiali orqali qurilish-pudrat tashkilotlariga sotiladi, shuningdek, hududiy “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari tomonidan Dastur doirasida asosiy turdagi qurilish materiallarini yetkazib berish ishlari tegishli tartibda ta’minlanmoqda.

Noruda materiallar (shag‘al, qum), g‘isht, shifer, temir-beton ustunlarini (elektr energiyasi tarmoqlari uchun) aholi va qurilish tashkilotlari tomonidan korxonalarning firma-do‘konlari tarmoqlari, savdo shoxobchalari va filiallari orqali yoki korxonadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotib olinmoqda.

Pudratchi-qurilish tashkilotlari tomonidan talab etiladigan qurilish materiallarini, shu jumladan, markazlashtirilgan sement, metallprokat hamda nomarkazlashtirilgan tarzda g‘isht, shifer, eshik, deraza romlari va temir beton ustunlari (elektr energiya o‘tkazish uchun) to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotib olishlari uchun namunaviy talabnoma to‘ldirilib buyurtmachilarga taqdim etiladi, hududiy “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari, o‘z navbatida, pudratchi-qurilish tashkiloti tegishli talabnoma qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga taqdim etiladi.

Dastur ijrosini samarali ta’minlash maqsadida, respublikaning shahar va tumanlarida faoliyat yuritayotgan, shag‘al, qurilish qumi, eshik va deraza, lok-bo‘yoq mahsulotlari, gipsokarton, g‘isht, shifer, temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarayotgan korxonalar ro‘yxati va ular to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar, ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarining turlariga ajratilgan holda, respublikaning shahar va tumanlar hokimliklariga yetkazilmoqda.

“O‘tgan qisqa davr ichida, respublikamiz hududlarida, shu jumladan, Jizzax, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlarida asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallarining savdo shoxobchalari o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu savdo do‘konlari orqali mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning mahsulotlari uzluksiz yetkazib berilmoqda”, deydi “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “O‘zqurilishmaterialsavdo” jamiyati rahbari Zayniddin Atoyev.

Oddiy qishloq fuqarolari hamda kelgusi avlodning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, aholining dunyoqarashi va hayotga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish orqali, ularning ertasi, bugunidan yaxshi va farovon bo‘lishini ta’minlash kabi, ezgu niyatlar bilan boshlangan xayrli ishlarning ahamiyati va samarasi kun sayin oshib, Mustaqil Yurtimiz tarixida yangi sahifa ochganligiga, bugun har birimizning ishonchimiz komil.

Элёр Боймирзаев, ЎзА

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech