Yurt ravnaqi va aholini ish bilan ta'minlashning eng asosiy va qulay yo'li – tadbirkorlik


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yilning 19-20 may kunlari Andijon viloyatida bo'lib, hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishdi va xalq bilan muloqot qildi.

Davlat rahbarining ushbu tashrifi barcha sohalar qatorida mamlakatimiz sanoatining qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog'i, “O'zqurilishmateriallari” aktsiyadorlik jamiyati tizimida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni ham yangi g'oyalar va marralar sari undamoqda.

Ayni kunda andijonlik soha mutaxassislari tarmoqda yangi imkoniyatlar yaratib, aholining farovon yashashiga munosib hissa qo'shishga astoydil harakat qilmoqda. Bu haqda ular shunday fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Xorijiy investorlarning O'zbekiston iqtisodiyotiga qiziqishi katta, – dedi “Metco profi” xususiy korxonasi rahbari Iqboljon Toshxo'jaev. – Ayniqsa, milliy valyutamizning konvertatsiya qilinishi yo'lga qo'yilgani hamda so'mning kursi barqarorlashgandan so'ng, bu qiziqish yanada ortdi. Xitoylik sheriklarimiz bilan hamkorlikda qariyb 2,5 million dollar o'zlashtirilishi hisobiga joriy yilning uchinchi choragida metaldan tayyor qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishni rejalashtirganmiz. Buning natijasida 80 ta yangi ish o'rnini yaratishga muvaffaq bo'lamiz.

– Andijonda ham yirik tsement zavodi o'z faoliyatini boshlaydi, – dedi “Sing Lida” MChJ qo'shma korxonasi rahbari Axliddin Zokirov. – Xo'jaobod tumanining Ziyovuddin qo'rg'onida, jami 100 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 1,1 million tonna tsement ishlab chiqarish korxonasini kelgusi yilning ikkinchi yarmida ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Bu imkoniyatdan esa yana 400 nafar mahalliy yoshlar ishli bo'ladi.

– Viloyatimiz hamda qo'shni tumanlarda zamonaviy va qulay ko'p qavatli, shuningdek, namunali uy-joylar qurilayotganligi, isitish batareyalariga bo'lgan talabning ham oshishiga omil bo'lmoqda, – Andijon shahridagi “Sabo hamkor” MChJ rahbari Muhammadjon Saidov. – Shunga ko'ra, jami 1 million dollar, investitsiya jalb etilishi evaziga joriy yil yakuniga qadar yiliga 30 ming dona isitish batareyalari ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi hamda 51 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi.

Ma'lumot uchun aytish mumkinki, Andijon viloyatida bugungi kunda 459 ta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan o'tgan yil qariyb 200 milliard so'mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Shuningdek, 2017 yilda umumiy qiymati 75,6 milliard so'mlik 148 ta qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilgan. 100 milliard so'mga yaqin yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan.

Xususan, loyihalarning 56,1 milliard so'mi tashabbuskorlarning o'z mablag'lari, 18 milliard so'mi tijorat banklari krediti va 350 ming dollari xorijiy investorlar mablag'i hisobidan amalga oshirildi. Masalan, Buloqboshi tumanidagi “Nayman mel” jamiyati tomonidan 18,9 milliard so'mlik investitsiya hisobiga yiliga 50 ming tonna so'ndirilgan bo'r ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, buning natijasida 105 ta yangi ish o'rni vujudga keldi. Andijon shahrida “Sapfir-2001” jamiyatida 6,8 milliard so'mlik investitsiya evaziga yiliga 80 ming tonna asfalt ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. Bu loyiha 20 ta yangi ish o'rnini yaratdi. Xonobod tumanida “Aziya Med Sed Plit” jamiyati tomonidan umumiy qiymati 610 million so'm bo'lgan 12 ming kvadrat metr travertin plitalari ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgani yana 10 ta yangi ish o'rnining paydo bo'lishiga imkon tug'dirdi.

Yana bir e'tiborli jihati, 2017 yil viloyatga aksariyat chetdan kiritilayotgan 20 turdan ortiq qurilish materiallarini ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yildi va kengaytirildi. Bular kimyoviy cho'ktirilgan bo'r, travertin, tom yopqich materiallari (izol, ruberoid), marmar plitalar, lak-bo'yoq, plastik trubalar va fitinglar, laminat, gips va gipsokarton, temir-beton mahsulotlari kabilardir.

Viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog'ida bu yilgi rejalar yanada ulkan. 2018-2019 yillarda jami 45 ta yirik loyiha bo'yicha 1,5 trillion so'mlik investitsiya jalb etish va 1 ming 706 ta yangi ish o'rnini yaratish mo'ljallanmoqda. Natijada qurilish materiallari ishlab chiqarish bo'yicha yillik 1,3 trillion so'mlik yangi quvvatlar yaratilib, tsement, travertin va marmar plitalari, sanfayans, isitish batareyalari, shisha xom-ashyosidan bezak materiallar, plastik quvurlar va fitinglar, yog'och qipiqli polimer panellari, bo'r, penoblok, metal armaturalar va cherepitsa kabi qurilish materiallari ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi.

Darvoqe, tarbirkorlik hayotimizda tobora hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda. Yurt ravnaqi va aholini ish bilan ta'minlashning eng asosiy va qulay yo'li ham aslida tadbirkorlik, innovatsion g'oyalardir. Buni biz hayotiy haqiqat ekanini anglab etdik, desak adashmagan bo'lamiz.

Nasiba Ziyodullaeva, O'zA

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech