Knauf O'zbekistondagi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirmoqda


Qurilish materiallari ishlab chiqarishda jahonda etakchi kompaniyalardan biri – Knauf xalqaro guruhi Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan korxonasida modernizatsiya qilingan yuqori sifatga ega gipskarton ishlab chiqaruvchi liniyani ishga tushirdi.

«Knauf Gips Buxoro» xorijiy korxonasida 16 may kuni ushbu liniyaning rasmiy ochilishiga bag'ishlangan marosim bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi hukumati, Knauf xalqaro guruhi rahbariyati, Germaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, Germaniya – O'zbekiston Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, «Knauf Gips KG» kompaniyasi ijrochi direktori M.Grundke, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi G.Overfeld "Knauf” kompaniyasi mamlakatimiz qurilish materiallari bozorida mustahkam o'rin egallab kelayotganini ta'kidladi.

Kompaniya 2009 yilda Buxoroda gips xom ashyosiga asoslangan va dunyoda sifati e'tirof etilgan Knauf quruq aralashmalari ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirgan edi. Bu mamlakatimiz quruq qurilish aralashmalari bozori shakllanishiga sezilarli turtki berdi. Oradan ikki yil o'tib, 2011 yil sentyabrda yana bir muhim loyiha amalga oshirildi – “Knauf Gips Buxoro” korxonasida knauf qoplamalari ishlab chiqarish zavodi faoliyati yo'lga qo'yildi. Yangi ishga tushirilgan liniya ana shu ishlarning davomi bo'ldi.

«Knauf Gips Buxoro» korxonasida gipskarton ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va kengaytirish ishlari salkam ikki yil davom etdi. 16 million evrodan ortiq mablag' sarflangan ushbu loyiha natijasida liniya quvvati 30 foizga oshdi. Ya'ni, bu erda yiliga 30 million kvadrat metrdan ziyod knauf qoplamalari – gipskarton ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.

– O'zbekiston iqtisodiyotida keyingi yillarda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi Germaniya – O'zbekiston Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, «Knauf Gips KG» kompaniyasi ijrochi direktori M.Grundke. – Bu kompaniyamiz faoliyatini kengaytirish uchun katta qulaylik yaratdi. O'zbekistonda kompaniyamiz tasarrufidagi ilg'or texnologiyalar va nou-xaular faol tatbiq etilishi ishlab chiqarishda raqobatbardoshlikni oshirish, ichki bozorni boyitish va eksport salohiyatini kengaytirishda yordam beradi.

«Knauf Gips Buxoro» korxonasi bosh direktori Dmitriy Deripalkoning qayd etishicha, ishlab chiqarish liniyasini modernizatsiya qilish germaniyalik mutaxassislar bilan birgalikda amalga oshirildi. Yaqin kelajakda bir necha turdagi yangi gipskarton assortimenti qurilish do'konlari peshtaxtalariga chiqariladi.

Hozirgi paytda korxonada 240 ishchi-mutaxassis mehnat qilmoqda.

«Knauf» kompaniyasi yaqin istiqbolda O'zbekistonda gips asosidagi quruq qurilish aralashmalarini tayyorlash hajmini oshirishni rejalashtirgan. Bu ishlab chiqarish liniyasi ham «Knauf Gips Buxoro» korxonasi hududida barpo etiladi. Loyiha amalga oshirilgach, quruq aralashmalar ishlab chiqarish quvvati ikki barobar oshiriladi.

Tadbirda O'zbekiston – Germaniya Ishbilarmonlar kengashi majlisi va uning doirasidagi biznes-forumda muhokama etilgan masalalar echimi o'zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, kompaniyaning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi faolligini kuchaytirishga xizmat qilishi ta'kidlandi. «Knauf» kompaniyasi rahbariyati O'zbekistonning boshqa hududlarida ham yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O'zA

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech