Yangi quvvatlar – yangi ish o'rinlar yaratishda muhim omildir


“O'zqurilishmateriallari” aktsiyadorlik jamiyati hududlardagi korxonalarda yangi quvvatlarni ishga tushirish va ishlab chiqarish hajmini oshirishga alohida e'tibor qaratmoqda.

Jamiyat tomonidan Xorazm, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlarida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Masalan, joriy yilning iyun oyida Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi “Qorovul qurilish montaj” mas'uliyati cheklangan jamiyatida o'zlashtirilgan 1,2 milliard so'm hisobiga yillik quvvati 24 ming dona har xil turdagi devorbop keramzit panellarni ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi amalga oshirildi. Yana mazkur korxona tomonidan 504 mililon so'm investitsiya evaziga yiliga 2,3 ming tonna quruq qurilish qorishmalari (shpaklyovka) ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishga tushirildi. Har ikkala loyiha sabab o'ndan ortiq ish o'rni yaratildi.

Xazorasp tumanidagi “Pitnak-panel” mas'uliyat cheklangan jamiyatidagi yangiliklar ham kishi diqqatini tortishi tabiiy. Bu erda yo'naltirilgan 28,8 milliard so'm mablag' tufayli yiliga 150 ming pogona metr sendvich panel ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Buning natijasida 70 ta yangi ish o'rni tashkil etildi.

Ta'kidlash kerakki, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 17 yanvardagi “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo'lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko'lamini kengaytirish va samaradorligini oshirishda muhim darturilamal bo'layotir. Mazkur hujjatga asosan qurilish materiallarining asosiy turlarini ishlab chiqarish bo'yicha 2018 yilda ishga tushiriladigan quvvatlar ro'yxatiga kiritilgan.

Unga ko'ra, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tsement ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish asosiy masalalardan. Bu erda joriy yilning iyun oyida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan umumiy qiymati 212,80 million AQSh dollari bo'lgan va yillik quvvati 1500 ming tonna tsement ishlab chiqarish loyihasi bo'yicha test usulida tsement ishlab chiqarish boshlandi. Ushbu loyiha to'liq ishga tushgach, 1200 ta yangi ish o'rni yaratiladi.

Jarqo'rg'on tumanidagi “Surxontsementinvest” mas'uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasida umumiy qiymati 47,60 AQSh dollari bo'lgan loyiha bo'yicha 90 foiz beton va qurilish ishlari yakunlangan hamda ishlab chiqarish texnologiyalari olib kelingan. Mazkur ishlab chiqarish quvvati joriy yilning oktyabr oyigacha ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu erda yiliga 360 ming tonna tsement ishlab chiqarish yo'lga qo'yilishi va 200 ta yangi ish o'rni yaratilishi jarqo'rg'onliklar uchun katta imkoniyatdir.

Sirdaryo viloyatida ham sifatli qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishda yaxshi natijalarga erishilmoqda. Deylik, joriy yilning birgina iyun oyida Guliston shahridagi bunday yangiliklar sabab o'ttizga yaqin fuqaro ishli bo'ldi. Bunga sabab esa “Tosh beton bezaklari” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 3 milliard so'm mablag' o'zlashtirilishi natijasida yiliga 25 ming kub metr beton mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yilganidir.

Sayxunobod tumanida “Sohil yo'l qurilish” mas'uliyati cheklangan jamiyatida yo'naltirilgan 140 million so'm mablag' natijasida yiliga 60 ming kvadrat metr bruschatka ishlab chiqarish hamda viloyat markazida faoliyat yuritayotgan “Mehr nuri Gulnora” mas'uliyati cheklangan jamiyatida o'zlashtirilgan 800 million so'm mablag' evaziga yiliga 1500 tonna beton qorishmasi ishga tushirilishi tufayli o'n nafarga yaqin fuqaro ish bilan ta'minlandi.

Ayni chog'da “O'zqurilishmateriallari” aktsiyadorlik jamiyati hududlarda yangi quvvatlarni ishga tushirish bo'yicha ishlarni tizimli davom ettirmoqda.


Nasiba Ziyodullaeva, O'zA

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech