Qurilish materiallari sanoati rivojlanishning yangi bosqichida


O‘z tarkibida 112 ta korxonani jamlagan “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, bu jarayonda raqobatdosh, eksportga yo‘naltirilgan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi turdagi sifatli qurilish materiallariga bo‘lgan ichki ehtiyojni qondirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu talablar esa mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga keng imkoniyatlar eshigini ochayotir.

Fikrimiz isboti sifatida yurtimizdagi mahalliy va xorijiy tadbirkorlar faoliyati haqida to‘xtalib o‘tsak. Toshkent viloyati Angren shahridagi “Angren” erkin iqtisodiy hududida “Great Uol Keramiks” qo‘shma korxonasi shular sirasidan.

Korxona keramik plitkalar va sanfayans mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Loyihaning umumiy qiymati 22 million dollar bo‘lib, yiliga uch yarim million kvadrat metr keramik plitkalar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Loyihaning birinchi bosqichida 18 million 600 ming dollar xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirildi. Buning natijasida yiliga 3,5 million kvadrat metr keramik plitkalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va 47 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Loyihaning ikkinchi bosqichida esa yiliga 200 ming dona sanfayans ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Ahamiyatli jihati shundaki, korxonaga Xitoy Xalq Respublikasining eng ilg‘or uskunalari o‘rnatilgan. Ayni kunda asbob-uskunalarni montaj qilish va ishga tushirish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shu yilning dekabr oyidan korxonada zamonaviy va sifatli mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan qulayliklar tufayli “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratmoqda.

“Angren” erkin iqtisodiy zonasida “Lyuks granit” mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati ham yuqorida to‘xtalib o‘tgan korxona yutuqlaridan aslo qolishmaydi. Unda umumiy qiymati 37,5 million dollar (4,4 mln. dollar xorijiy investitsiyalar va kreditlar, 33,1 mln. dollar tijorat banklari kreditlari) o‘zlashtirilishi evaziga yiliga 2 million 700 ming kvadrat metr keramogranit ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Korxonada Italiyaning “Siti B&T Group” kompaniyasi uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, joriy yilning sentyabr oyidan mahsulot ishlab chiqarila boshlash evaziga 50 nafar mahalliy aholi yangi ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi “Pergament kualiti eksklyuziv” mas’uliyati cheklangan jamiyatida Germaniya texnologiyasi bo‘yicha yiliga 3 million rulon sifatli va zamonaviy oboy mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2017 yilda muvaffaqiyatli foydalanishga topshirilgan mazkur loyiha asosida 9,5 million dollardan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilishi natijasida 116 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Albatta, tizimda amalga oshirilayotgan bu kabi loyihalar yurtimiz qurilish materiallari sanoatini yangi bosqichga olib chiqishi barobarida mahalliy korxonalarni bugungi talab va ehtiyojiga monand faoliyat ko‘rsatishga undaydi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA.

"@Ozqurilishmateriallari" telegram, "@aouzsm" facebook, "uzbuildmaterials" instagram kanallari orqali yangi ma'lumotlardan xabardor bo'ling.

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech