“Kvars” aksiyadorlik jamiyati o‘tgan yil 2,5 million AQSh dollari miqdorida valyutani iqtisod qilishga erishdi


“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi “Kvars” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xaridorgirligi bilan ajralib turadi.

Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida joylashgan mazkur jamiyat mamlakatimizda oyna ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik korxona hisoblanadi. Ayni kunda bu yerda 7 xil rangdagi (2,0 mm.dan 8,0 mm.gacha bo‘lgan qalinlikdagi silliqlangan) qurilish oynasi, shu jumladan, avtomobil oynalari va sanoat uchun turli oyna mahsulotlari, (20 xil turdagi 150 sm3 dan 3000 sm3 hajmdagi) shisha bankalari, 160 xil turdagi (200 sm3 dan 1750 sm3 hajmdagi) shisha butilkalari hamda korxona ehtiyoji uchun 8 turdagi o‘tga chidamli “Shamot”, “Dinas” markali g‘isht mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

«ICO-9001-2015» sertifikatiga ega bo‘lgan ushbu korxonada o‘tgan yilgi natijalar yanada samarali bo‘lganini kuzatishimiz mumkin. Xususan, butilka ishlab chiqarish 104,5 million donani yoki 109,6 foiz, silliqlangan oyna ishlab chiqarish 7 million 299 ming m2 yoki 103,3 foizni tashkil etdi. Ahamiyatli jihati shundaki, shisha mahsulotlari ishlab chiqarish uchun talab qilinadigan xom ashyo yuz foiz O‘zbekiston hududidan sotib olinmoqda. Buning natijasida korxona import hajmini yildan-yilga kamaytirishga erishmoqda.

– Korxonamiz nafaqat sifatli mahsulot ishlab chiqarishga, balki mahalliy xom ashyodan foydalanishda ilmiy izlanishlar olib borishga ham e’tibor qaratmoqda, – dedi “Kvars” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Akmal Po‘latov – Bunda mahalliylashtirish dasturining ijrosini ta’minlash bo‘yicha import hajmini kamaytirish orqali mahsulot tannarxini pasaytirish va valyuta mablag‘larini iqtisod qilishga erishilmoqda. Masalan, korxona mutaxassislari tomonidan Navoiy viloyatining Tomdi tumanidagi “Jeroy” qum konidagi kvars qumi o‘rganilib, uning tarkibiga zaruriy qo‘shimchalarni qo‘shish borasida tajriba o‘tkazildi. Olingan tajriba natijasiga ko‘ra, mahsulot sifatiga putur yetkazmagan holda mahalliy xom ashyodan 100 foiz foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Bunday o‘rganishlar samarasida korxona yiliga 2,5 million AQSh dollari miqdorida valyutani iqtisod qilishga erishdi.

Ishning unumi e’tibor va hamjihatlikka bog‘liq. Korxonada rahbariyat va xodimlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishga bo‘lgan mas’uliyat barchaga o‘rnak bo‘ladigan darajada tashkil etilgan. 19 millatga mansub 2 ming 316 nafar ishchi va xodim mehnat qiladigan ushbu korxona shart-sharoitlaridan ko‘ngil to‘ladi. Ishchilar bepul issik ovqat bilan ta’minlangan. Ularning ishga borib-kelishi uchun bepul transport xizmati tashkil etilgan.

Korxona o‘zining 60 o‘rinli davolash-sog‘lomlashtirish markaziga ega bo‘lib, bu yerda ishchi-xodimlar va jamiyatning pensiyaga chiqqan sobiq ishchilari bepul tibbiy muolaja olishi mumkin. Quvasoy shahridagi “Nihol” va Farg‘ona shahridagi “Xumo” oromgohlari “Kvars” aksiyadorlik jamiyatida ishlayotgan ishchi va xodimlarning farzandlari xizmatida. Ishchi-xodimlarning mehnatini muhofaza qilish va texnika xavfsizligi ta’minlash bo‘yicha ishlar ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

– Ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish, mahsulot sifatini hozirgi talablarga moslashtirish hamda hamkor korxonalar bilan aloqani mustahkamlashda erishilgan yutuqlar xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etildi – dedi korxonaning xalqaro aloqalar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassisi Mansurjon Najmutdinov – Jumladan, 2017 yilning aprel oyida yuqori xalqaro sifat standartlarini joriy etish, yuksak ko‘rsatkichlarga erishayotgan korxonalar faoliyatini tahlil va monitoring qilish bilan shug‘ullanadigan “International star for leadership in quality” xalqaro biznes tashabbuslar direksiyasi tomonidan Fransiya poytaxti Parijda tashkil etilgan tadbirda “Kvars” aksiyadorlik jamiyatining faoliyatiga yuksak baho berilib, u “International star for Leadership in quality” mukofot – kubogi bilan taqdirlandi. Quvasoyliklar Markaziy Osiyo korxonalari orasida bu yuksak mukofotga erishgan yagona jamoaga aylandi. Shuningdek, 2017 yil 26 mayda Mustaqil hamdo‘stlik mamlakatlari davlatlarining eng ilg‘or korxonalari orasida Rossiya Federatsiyasi Savdo-sanoat palatasi, “Ishbilarmon Rossiya” Umumrossiya jamoat tashkiloti tomonidan Moskva shahrida o‘tkazilgan tanlovda “Kvars” aksiyadorlik jamiyati “Xalqaro sifat standarti” laureati diplomi bilan taqdirlandi.

Ayni kunda korxonada yangi quvvatlarni tashkil etish, mahsulot turini ko‘paytirish bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda. Bunda davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan tasdiqlangan amaliy harakatlar rejasi (“Yo‘l xarita”lari) ijrosi doirasida korxonada sutkasiga 400 tonna silliqlangan qurilish oynasi ishlab chiqarish quvvatga ega bo‘lgan sexni qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlar amalga oshirildi. Yangi sexni tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida 7,5 kilometr uzunlikda gaz quvuri montaj qilindi.

Shisha idishlar ishlab chiqarish sexiga Italiyaning “Boterro” va “BDF” kompaniyalarining yangi zamonaviy uskunalari o‘rnatilishi natijasida ishlab chiqarish hajmi, turi va sifatini oshirish hamda shisha ishlab chiqarishda sarf etiladigan xom ashyoni iqtisod qilish imkoniyati yaratildi.

Shu bilan birga, qop ishlab chiqarish sexining ishga tushirilishi qo‘shimcha 33 ta yangi ish o‘rnini, metallni qayta ishlash sexiga Italiyadan yangi T-10 rusumidagi qoliplarni tozalovchi “Drobestruy” dastgohi, xom ashyo tayyorlash bo‘limiga Ukraina davlatidan 3 dona magnit separator va oynaga ishlov berish sexiga Ispaniyadan yangi turdagi, zamonaviy oynaga keramik bo‘yoqlar yordamida rangli ishlov berish dastgohi o‘rnatilishi korxonaning o‘tgan yilda erishgan yutuqlaridir.

Korxona ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini oshirish va energiya resurslarini tejash va doimiy nazorat qilib borish bo‘yicha “ISO-50001” va “ISO-9001:2015” xalqaro muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, korxona “Toshkent” Respublika fond birjasida birlamchi ommaviy taklif etish IPO o‘tkazish yo‘li bilan birinchi bor o‘z aksiyalarini sotuvga chiqarishga erishgani yanada e’tiborga loyiq.

– Korxona ishchi-xodimlarini uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida Quvasoy shahrida 5 qavatli, 40 xonadan iborat zamonaviy uy-joy qurish ishlari boshlandi – deydi korxonaning kapital qurilish bo‘limi boshlig‘i Sanjar Karimov – Bundan tashqari, “Qolipli non”, “Makaron”, “Polietilen plenka”, “O‘rov qog‘ozi” ishlab chiqarish va tikuvchilik sexlarini ishga tushirilishi natijasida 81 nafar kasb-hunar kollejlari bitiruvchisi ish bilan ta’minlandi. Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, Pakana qishlog‘ida zotli otlarni parvarishlash va ko‘paytirishga ixtisoslashgan, zamonaviy ot kompleksi barpo etildi. Albatta, bunday yangi imkoniyatlar fuqarolarimiz turmush-tarzining yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA.

"@Ozqurilishmateriallari" telegram, "@aouzsm" facebook, "uzbuildmaterials" instagram kanallari orqali yangi ma'lumotlardan xabardor bo'ling.

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech