«Kvarts» jahon bozoriga zamonaviy an’analar bilan kirib bormoqda


Bugun hayotimizning har bir jabhasiga innovatsiya va zamonaviy an’analar kirib bormoqda. Ilm-fan, savdo-iqtisodiyot, bank-moliya va boshqa barcha so­halar innovatsiya va rivojlanish sari yuz tutmoqda. «Kvars» aksiyadorlik jamiyati ham o‘z mahsulotlari bilan O‘zbekiston va jahon bozoriga zamonaviy an’analar bilan kirib borayotgan korxonalardan.

Farg‘ona viloyatining Quvasoy shah­rida faoliyat olib borayotgan «Kvars» aksiyadorlik jamiyati mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan yirik sanoat korxonalaridan sanaladi. 1975 yilda tashkil etilgan korxona mamlakatning oyna va shisha mahsulotlari ishlab chiqaruvchi nufuzli korxonalaridan biriga aylandi.

Qariyb 50 gektardan ortiq hudud­ni egallagan korxonaning beshta asosiy ishlab chiqarish sexi mavjud. Shisha idishlar, silliqlangan oyna, toblangan oyna va o‘tga chidamli mah­sulotlar ishlab chiqarish sexlari ham­da to‘qqizta yordamchi ishlab chiqa­rish maydonlari mavjud. Korxonada 2 ming 200 nafardan ziyod ishchi faoliyat yuritadi. Yil sayin ishlab chiqarish hajmi ortib bormoqda. Xususan, 1991 yilda korxona tomonidan 5 turdagi shisha bankalari hamda 9 turdagi shisha butilkalari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda 20 turdagi shisha bankalari hamda 170 turdagi shisha butilkalari ishlab chiqarilib, iste’molchilarga yetkazib berilmoqda.

2015 yildan boshlab korxona faoliyatida keskin rivojlanish va mo­dernizatsiya davri boshlandi. Mamlakatimizda yengil va og‘ir sanoatning hamda qurilish sohasining ri­vojlanishi natijasida xaridorlarning shisha va oyna mahsulotla­riga bo‘lgan ehtiyoji yanada or­tib, xomashyo bilan taminlash muammosi paydo bo‘ldi. Shu sababli korxonaga ilgari Xitoy, Rossiya va Tojikiston davlatlaridan keltiriladigan xomashyoni mahalliylash­tirish dasturi ishlab chiqilib, amal­ga oshirish ishlari boshlab yubo­rildi.

Dastlab, asosiy xomashyo hisob­langan respublikamizdagi mavjud kvars qumi konlari o‘rganib chiqi­lib, Navoiy viloyatining Jeroy qum konidagi xomashyo sifatli, degan bir to‘xtamga kelindi. 2016 yili laboratoriya xulosalari va izlanishlar natijasida Jeroy qumi shisha va oyna mahsulotlari ishlab chiqarishga yaroqli ekani ma’lum bo‘ldi. Bugungi kunda shisha mahsulotlari uchun xomashyo to‘liq mahalliylash­tirilib, korxonada yiliga 2,5–3 mln. AQSh dollari iqtisod qilinmoqda.

2016 yili Angren–Pop temir yo‘lining ochilishi korxonaga keltiriladigan xomashyoni qulay va tez olib kelish imkonini yaratdi. Ayniqsa, kvars qumini Navoiy viloyatidan olib kelish muammosi ijobiy hal etildi.

Jamiyatning 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan Strategik rivojlantirish dasturiga asosan ishlab chi­qarish texnologiyalari bosqichma-bosqich yangi zamonaviy, energotejamkor uskunalarga almashtiril­moqda. 2017 yilda shisha idishlar ishlab chiqarish sexi Italiyaning «Bottero» hamda «BDF INDUSTRIES» kompaniyalarining energo tejamkor liniyalarni ishga tushirish orqali to‘liq modernizatsiya qilindi. Kvars qumi sifatini yanada yaxshilash maq­sadida xomashyo tayyorlash sexiga magnit separatorlar o‘rnatildi.

O‘tgan yili korxonaga oynalarga keramik bo‘yoqlar bilan tasvir tushirishga mo‘ljallangan zamonaviy texnologiya xarid qilindi. Buning natijasida O‘zbekistonda ilk bor dekorativ tasvirlar tushirilgan, rangi o‘chib ketmaydigan toblangan oynalar hamda undan tayyorlangan buyumlarni yaratish imkoniyati vujudga keldi.

Shisha mahsulotlarni ishlab chi­qarishda metall qoliplarning aha­miyati katta. Shu bois korxonada zamon talablariga javob beruvchi dizayndagi shisha idishlari ishlab chiqarish uchun yanada mukammal qo­liplar tayyorlash va ta’mirlash uchun metallni qayta ishlash bo‘limiga ham 2017 yili AQShning «XAAS» universal dastgohi o‘rnatildi. Yangi dast­gohning o‘rnatilishi turli tarashkorlik vazifalarini bajarish, kon­figuratsiyali va dizayndagi shisha idishlari qoliplarini tayyorlash imkonini bermoqda. Shuningdek, 2016 yili sexda mavjud cho‘yan quyuv kompleksiga qo‘shimcha ravishda Xitoyning jahonga mashhur «Foashan Xenyuan Furneys Menifekturing Kompani Limited» kompaniyasining energiya tejamkor, zamonaviy induksion quyuv kompleksi o‘rnatildi. 2015–2017 yillari korxonada sex­larni bosimli siqilgan havo bilan ta’minlash maqsadida texnologik jarayonlarni bosimli havo yetkazib berish sexidagi kompressorlar Belgiya davlatining «ATLAS KOPKO» firmasida ishlab chiqarilgan zamonaviy va energotejamkor kompressorlariga almashtirildi.

Ishlab chiqarilayotgan shisha idish­larni sifatli qadoqlash maqsa­dida polietilen plyonkasi ishlab chiqarish sexi tashkil etilib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. «Kvars-AKFA» eshik va deraza romlari va steklopaket, ya’ni ko‘p qat­lamli oyna tayyorlash sexining ishga tushirilishi qo‘shimcha mahsulot ishlab chi­qarish imkonini berdi. Kalsiylangan sodani tashib keltirishni tezlashtirish va mahsulot tannarxini pasaytirish maqsadida polipropilen qop­lari ishlab chiqa­rish sexi uchun Xitoy Xalq Respublikasidan dastgoh­lar keltirilib, ishga tushirildi.

Ayni kunda korxonada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respub­likasi o‘rtasidagi strategik hamkor­likni har tomonlama yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq «Kvars» aksiyadorlik jamiyatida sutkasiga 400 tonna qurilish oynasi ishlab chiqa­rishni tashkil etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan. Qiymati 70,2 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan mazkur loyihani amalga oshirish natijasida yiliga qo‘shimcha 22,2 mln. kv. m oyna listlari ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi, 280 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, ichki bozorda import oyna mahsulotlari salmog‘i keskin kamayishiga erishiladi.

Korxonada yangi float liniyasini qurish hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ana shunday sa’y-hara­katlar samarasi o‘laroq, bugun korxona mahsulotlariga nafaqat respub­likamizda, balki Qirg‘iziston, Tojikiston kabi qo‘shni davlatlarda ham talab va ehtiyoj yildan-yilga ortib bormoqda.

Eksport faoliyati bilan shug‘ul­langan korxona mahsulot sifatini ushlab turishni birinchi vazifa, deb biladi. Shu sababdan ham korxonada xalqaro standartlarga mos sifatni boshqarish tizimlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratil­moqda. Natija ham shunga yarasha: 2017 yilda «Kvars» aksiyadorlik jamiyatiga – ISO 9001:2015, ISO 50001:2011, mamlakatning yirik korxonalari orasida birinchilardan bo‘lib xal­qaro sifatning yangi tizimi UNI EN ISO 9001:2015 energomenejment sertifikati berildi.

O‘z navbatida, «Kvars» AJ ishlab chiqarayotgan mahsulotlar xorijlik mutaxassislar tomonidan ham e’tirof etilayotganini ta’kidlash joiz. 2017 yilning 7–8 aprel kunlari Parij shahrida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda korxona mahsulotlariga yuqori baho berilib, uning rahba­riyati va jamoasi sifatni yaxshilash­ga intilishi, ishlab chiqarishga innovatsiya va ilg‘or texnologiyalarni chuqur tatbiq etgani uchun «Sifat so­hasida yetakchiligi uchun xalqaro yulduz» sovrini bilan taqdirlandi. O‘tgan yilning 25 mayida Moskva shah­rida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada qatnashgan korxonaga «Xalqaro sifat standarti» mukofoti topshirildi. 2017 yil dekabr oyida esa korxona Moskva shahrida tantanali tarzda «Ishonchli hamkor» diplomi bilan taqdirlandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yil «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» deb e’lon qilingani korxona ishchi va xodimlarining innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga zamin yaratdi. Ularning zamonaviy texnika va texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, ijodiy tafakkur va yaratuvchilik salohiyatini rivojlantirish, korxonada shakllangan ilmiy maktab an’analari bardavomligini ta’minlash va yangi ilmiy yo‘nalishlarga asos solishga alohida e’tibor qaratildi. Natijada, innovatsion g‘oyalar hamda energiya va boshqa resurslarni tejaydigan texnologiyalarni yaratish, energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mexanika kabi yo‘nalishlarda korxonada faoliyat olib borayotgan yosh muhandis–texnik xodimlar orasidan ilg‘or va tashabbuskor kadrlar aniq­landi. Dastlab jamiyatda «Har haf­tada bitta g‘oya» shiori asosida innovatsion g‘oyalar kiritish tashabbusi e’lon qilindi, natijalar ham salmoqli bo‘ldi. Ushbu tashabbus doirasida nafaqat ishlab chiqarishga, balki korxona faoliyatiga ijobiy ta’sir qiluvchi 40 dan ziyod takliflar kelib tushdi. «Eng yaxshi innovatsion g‘oya» ko‘rik-tanlovi ham korxona ishchi-xodimlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Tanlovga qatnashish uchun ishtirokchilarning innovatsion g‘oya­lari taqdimotlari keng muhokama qilinib, tanlov g‘oliblari va ishtirokchilari moddiy-ma’naviy rag‘­bat­lantirildi.

Korxonada faol innovatsion faoliyat va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishga tatbiq etishni kuchaytirish faoliyat mezoniga, korxona boshqaruvining asosiy e’tiboriga aylandi. Shuning uchun ham aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qarori bilan korxonada innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilindi va Nizomi tasdiqlandi.

Bugun «Kvars»aksiyadorlik jamiyati kelajak sari dadil odimlayotgan, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq qilayotgan korxona sifatida yurtimiz hamda qo‘shni davlatlarda shisha va oyna mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish orqali mamlakat taraqqiyotiga munosib his­sa qo‘shishni maqsad qilgan.

Akmal Po‘latov,
«Kvars» AJ boshqaruvi raisi

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech