- Главная
- Matbuot markazi
- Matbuotda nashr etilgan materiallar
- Ezgulikning kechi, savobning cheki bo‘lmaydi
Ma’lumki, suv bilan qorishtirilganda tez qotib, toshsimon massaga aylanadigan sement eng zarur qurilish materiallaridan biri sifatida e’tirof etiladi. U binokorlikda juda ko‘p ishlatiladigan betonning asosiy tarkibiy qismini tashkil qiladi. Shu bois bu mahsulotga hamisha talab-ehtiyoj katta. O‘zbekiston esa Markaziy Osiyo mintaqasida eng ko‘p va eng sifatli sement ishlab chiqaradigan mamlakat sifatida tan olingan.
Zero, hozir yurtimizda oltita yirik sement zavodi ishlab turibdi. Ular orasida «Ohangaronsement», «Quvasoysement», «Bekobodsement» va «Qizilqumsement» korxonalari yirikligi hamda o‘ziga yarasha nufuzga egaligi bilan ajralib turadi. Umuman olganda esa, so‘nggi yillarda respublikamizda mazkur tarmoqni yanada rivojlantirish choralari ko‘rildi. Natijada sement va sement mahsulotlari ishlab chiqarish bir necha baravarga ko‘paydi. Mavjud sement korxonalari o‘z mijozlari va iste’molchilariga har yili 9 million tonnadan ortiq mahsulot yetkazib berish imkonini qo‘lga kiritishdi. Ayni damlarda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida har yili 1,5 million tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega yangi sement zavodi foydalanishga topshirilmoqda. Jizzaxda ham shu sohaga ixtisoslashgan korxona qurilmoqda,
Sement ishlab chiqarish ko‘p energiya talab qiladigan jarayon hisoblanadi. Shu bois bu korxonalarni tez-tez rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash hamda ishlab chiqarish hajmi oshishiga, mahsulot sifati yaxshilanishiga va tannarxi pasayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi zamonaviy energiya tejovchi asbob-uskunalarni joriy etish kerak. «Bekobodsement» aksiyadorlik jamiyati ana shu tamoyillarga qat’iy rioya qilib kelayotgan qaldirg‘och sement korxonalaridan biri. U 1926 yili ish boshlagan. O‘sha kezlar yiliga 25 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan. Endilikda bu ko‘rsatkich 1,1 million tonnani tashkil etadi. Shuningdek, zavodda zamonaviy klinker liniyasi ham barpo etilgan. Unda «quruq» ishlab chiqarish usuli bilan har yili 750 ming tonna klinker (kuydirib toshga aylantirilgan sement) tayyorlanadi.
«Bekobodsement»ning asosiy maqsadi barqaror rivojlanishga, jismonan va ma’nan eskirgan ishlab chiqarish vositalarini yangilariga almashtirish evaziga mehnat unumdorligini oshirishga yo‘naltirilgan ilg‘or kompaniya sanaladi. Uni barqaror rivojlantirish – mamlakatimizning sifatli sement mahsulotlariga, yuqori qiymatli qurilish materiallariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga, ishlab chiqarishni diversifikatsiyalashga va energiya samaradorligini oshirishga, korxona xodimlarining ijtimoiy muhofazasini ta’minlashga yo‘naltirilgan strategiyadir.
Darvoqe, bugunga kelib, zavod eng ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalari bilan jihozlangan. Ular yoqilg‘i-energetika resurslarini sezilarli darajada tejab, sement tannarxini pasaytirishda qo‘l keladi. Masalan, «quruq» usulni qo‘llash natijasida toshqol ishlab chiqarish uchun avvalgiga nisbatan 40 foiz kamroq tabiiy gaz sarflanmoqda. Loyiha boshida sementning 50 foizi shu yo‘sinda tayyorlangan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 68 foizga yetdi. O‘z navbatida, korxona mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligi ancha oshdi.
«Bekobodsement» AJ Jahon bankining energetika menejmenti tizimini joriy etish dasturida ham faol ishtirok etdi. Loyiha ro‘yobga chiqarilishi natijasida korxonada ISO 50001 bo‘yicha xalqaro sertifikatlash auditi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, samarali ekanligi tasdiqlandi.
ISO 50001 tizimi korxonaga quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:
● energiya samaradorligi va raqobatbardoshlikni oshirish;
● foydalanish xarajatlarini va mahsulot uchun energiya sarfini kamaytirish;
● TO amaliyotini takomillashtirish;
● atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish;
● energiya samaradorligini oshirishga doir milliy qonunchilik talablarini bajarish;
● korxona nufuzini yuksaltirish, uning investitsiyalar va innovatsiyalar uchun jozibadorligini oshirish.
Zavodda kompleks energetik tekshirish tadbirlari o‘tkazildi. Energoaudit tahlili natijalariga ko‘ra korxonaning energiya samaradorligini oshirish dasturi yaratildi. U amaliyotda qo‘llash uchun tavsiya etilgan energiyani tejovchi loyihalarni qamrab oladi. Masalan, sanoat korxonalari imkoniyatlari loyihasi doirasida 10 ta silos xo‘jaligi majmui modernizatsiya qilindi. «Elektr ekskavatorni zamonaviysiga almashtirgan holda tog‘ ochiq konida qazib chiqarilgan toshni avtotransportga yuklash uzelini modernizatsiya qilish» loyihasi amalga oshirilishi tufayli iste’mol qilinayotgan elektr energiyasini 169,41 kVt/soatga kamaytirishga, Baliqlitau kareridagi maydalash-sarxillash majmuasining texnik nosozlik sababli to‘xtab qolishi holatlariga barham berishga erishildi.
Hozir korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish maqsadida «Shag‘al-qum qorishmasi va kvars qumi (inert qurilish materiallari) ishlab chiqarish bo‘yicha karer (ochiq kon) xo‘jaligini rivojlantirish», «Sement asosidagi obodonlashtirish elementlari (yo‘lak plitkasi, bruschatka, bordyurlar) ishlab chiqarishni tashkillashtirish», «Tovar beton ishlab chiqarish va sotish», «Flyus ohagini «ho‘l» usulda ishlab chiqarish uchun 1-sonli aylanma pechni modernizatsiya qilish» loyihalari bo‘yicha diqqatga molik ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari korxonada ishchi-xodimlarni va ularning oila a’zolarini, qolaversa, Bekobod shahri aholisini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Chunonchi, joriy yilning yoz faslida shahardagi jami maydoni 20,5 gektarga teng Yoshlar istirohat bog‘i rekonstruksiya qilindi. Uning infratuzilmasi va muhandislik tarmog‘i to‘la-to‘kis zamonaviylashtirilib, kanalizatsiya tarmoqlari va yangi vodoprovod tizimi o‘tkazildi. Bog‘ tarkibiy jihatdan markaziy, sport, attraksion va tinch zonalarga ajratildi. Turli yoshdagi kishilar boshini qovushtirish, eng avvalo, keksalarni jalb etish uchun bog‘ nafaqat ko‘ngilochar go‘shaga, balki axborot olish maskaniga ham aylantirildi. Bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazmoqchi va faol dam olmoqchi bo‘lganlar sayr qilishlari va hordiq chiqarishlari uchun alohida joylar, tennis korti, mini-futbol maydonchasi tashkil etildi. Shuningdek, 17 ta attraksion, 500 o‘rinli amfiteatr, bolalar temir yo‘li, avtodromi, o‘yingohlari, dam olish shiyponchalari qurildi. Bog‘ hududi mahalliy haykaltaroshlar yaratgan kompozitsiyalar bilan bezatila boshlandi. Unda kelgusida umumxalq bayramlari, ommaviy tadbirlar, konsertlar, forumlar, ko‘rgazmalar va sport musobaqalari uyushtirish, har xil to‘garaklar ochish ham rejalashtirilgan.
Ishonchimiz komilki, qayta qurilgan Yoshlar istirohat bog‘i kelgusida bolalar va kattalar uchun eng sevimli ko‘ngilochar go‘sha, ta’bir joiz bo‘lsa, madaniyat va ma’rifat o‘chog‘i bo‘lib qoladi. «Bekobodsement» aksiyadorlik jamiyati ahli esa sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish bilan bir qatorda, el-yurt farovonligi va xalq baxt-saodati yo‘lidagi savobli ishlarga baholi qudrat hissa qo‘shishda davom etaveradi.
Makar YAkovlev,
«BEKABAD CEMENT» AJ bosh direktori