Qadimiy qurilish ashyolarining zamonaviy ko‘rinishi


Bunyodkorlik – xalqimizga xos fazilat. Bugun yurtimizga ko‘z tumor bo‘lib turgan Registon maydonidagi majmualar, Minorai Kalon, Chor minor, Amir Temur maqbarasi, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda majmuasi kabi tarixiy obidalar viqoridan ajdodlarimiz bu hunarni xo‘p e’zozlagani ma’lum bo‘ladi.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Minorai Kalonning barpo etilishi o‘rta asrlarning rivojlangan davri XII asr, ya’ni 1127 yilga to‘g‘ri kelar ekan. Uni bunyod etishda tosh, maxsus qorishmalar qotishmasidan, chorsu pishiq g‘ishtidan, loy, taxta va boshqa bir qator zarur ashyolardan foydalanilgan. Balandligi 50 metr, aylanma eni 9 metr bo‘lgan ushbu obidaning dizayni o‘ziga xos bo‘lib, uning salla shaklidagi yuqori qismi g‘isht o‘ymakorligi bilan bezatilgan va karniz holiga keltirilgan.

Bundan ma’lumki, ota-bobolarimiz imorat qurilishida unga ishlatiladigan ashyolar sifatiga alohida e’tibor qaratgan. Barpo etilgan binolar va inshootlarning qurilishi aynan shu ashyolar sifatiga bog‘liq. Shu bois, qadimiy bunyodkorlik an’analarini bizgacha saqlanib kelinmoqda.

Yurtimizda bunyodkorlik ishlari mustaqillik yillarida yanada rivojlanib, bugun milliylik va zamonaviylikni o‘zida ifoda etmoqda. Muhimi, yurtimizda qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishga keng imkoniyat beradigan boy manbalar bor. Tahlillarga ko‘ra, yurtimizda 1001 qurilish materiallari xomashyo zaxirasi mavjud konlar aniqlangan. Bugungi kunda ularning 536 tasi yoki 53,5 foizidan foydalanilmoqda.

Qurilish sanoati rivojiga qaratilayotgan alohida e’tibor natijalarini "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi tizimida erishilayotgan yutuqlarda ko‘rishimiz mumkin. Ayni kunda yurtimizda 8 mingdan ziyod qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yillarda 120 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda ular soni 180 dan oshib ketdi.

– Yuqorida qayd etilgan natijalar qurilish sanoatini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganidan dalolat beradi, – dedi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisining ishlab chiqarish va mavjud quvvatlardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Ismoilov – Bugun ijtimoiy soha ob’ektlari, noturar va aholi turar joylari uchun sifatli, arzon, zamonaviy qurilish materiallari zarur bo‘lmoqda. Qurilish ishlari qiymatining 55-60 foizini qurilish materiallari tashkil etishini, zamonaviy arxitektura yangi, sifatli, arzon, yengil va zilzilabardosh, innovatsion qurilish materiallarini talab etishini inobatga oladigan bo‘lsak, tarmoq taraqqiyoti ahamiyatini his qilish qiyin emas. Prezidentimizning joriy yil 20 fevralda qabul qilingan “Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasining tashkil etilgani ham soha rivojida o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi. Chunki uyushma tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, qisqa fursatda samarali natijalarga erishmoqda. Uyushma tashkil etilgandan so‘ng belgilangan vazifalar ijrosiga jiddiy kirishildi. Birinchi navbatda, mavjud korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini va mahsulotlar sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Uyushma tarkibidagi korxonalar tomonidan joriy yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sish sur’atini 2018 yilga nisbatan 107,6 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘tgan birinchi yarim yilligida o‘sish sur’ati 104,3 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, ushbu davrda 270 ming rulon oboy, 181 ming kvadrat metr keramogranit, 2,6 million kvadrat metr keramik plitalar iste’molchilarga yetkazib berildi. Korxonalar tomonidan oboy, keramogranit, keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, sendvich panellar, bazalt armaturasi kabi qurilish materiallari ishlab chiqarish o‘zlashtirilib, mahalliy bozorga yetkazila boshlangani ham soha rivoji uchun muhim hisoblanadi.

Uyushma tarkibidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar nafaqat ichki, balki tashqi bozorga chiqarilmoqda. Bozorlarimizdan joy olgan bu mahsulotlar sifatidan xaridorlarimiz mamnun bo‘layotgani ham hech kimga sir emas. Albatta, ushbu korxonalar mahsulotlariga tashqi bozorda talab ortib borayotgani – bu haqiqiy bahodir. Uyushma tizimida eksport hajmi 2016 yilda 12,9 million dollar, 2017 yilda 23,7 million dollarni, 2018 yilda 34,7 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning yetti oyida 38 million 300 ming dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Reja bo‘yicha ko‘rsatkich 155 foizni tashkil etdi.

Bugungi kunda mazkur korxonalarda ishlab chiqarilgan keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, quruq qurilish aralashmalari, pishgan g‘isht, tabiiy toshdan yasalgan qoplovchi buyumlar, ohak, polipropilen quvurlar, fitinglar singari qurilish materiallariga Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston bozorlarida talab ortib bormoqda. Endilikda ular qatoriga Tojikiston va Afg‘oniston ham qo‘shildi. Negaki, bu davlatlarga 2017 yildan santexkeramika buyumlari, asbest buyumlar, keramik plitkalar, qurilish oynasi va sement kabi mahsulotlar eksport qilinmoqda.

Yana shuni quvonch bilan aytish kerakki, uyushma tarkibidagi korxonalar mahsulotlari mamlakatimiz bozorini to‘liq egallash bilan birga, eksport hajmini sezilarli oshirishga intilayotganligi quvonarlidir. Umuman, yurtimiz qurilish mahsulotlari ishlab chiqarayotgan korxonalar mahsulotlari bugun import o‘rnini egallashga bo‘lgan rejalarini samarali amalga oshirishlarida aynan mazkur uyushmaning munosib o‘rni bor.

– Qurilish mahsulotlari qanchalik sifatli bo‘lsa, binoning chidamliligi ham shunchalik mustahkam bo‘ladi, – dedi uyushma tizimidagi “O‘zqurilishmaterialLITI” MChJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi direktori Saidahmad Razzoqov. – Bizning bunyodkorlik yo‘nalishida tajribamiz yaxshi. Ammo shu vaqtga qadar aksariyat qurilish mahsulotlari chetdan olib kelinar edi. Bugun qurilish ishlarida o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ham xorijnikidan qolishmaydi. Masalan, ilgarilari keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, oboy, polipropilen quvurlar kabi mahsulotlar chetdan olib kelinar edi. Bugun ular o‘zimizda turli shakl va ko‘rinishda keng miqyosda ishlab chiqarilmoqda. Bu uy qurayotgan xonadon egasiga, katta inshootlarni qurishda ham ancha arzon tushadi.

Qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘ining jadal rivojlanayotganiga asosiy sabablardan biri ham tarmoqda sog‘lom raqobat mavjudligidir. Ko‘cha va yo‘l yuzidagi katta hajmdagi turli reklama e’lonlari joylangan. Qariyb har ikkita reklamadan biri turli mahalliy qurilish materiallarining reklamasi. Qolaversa, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, televideniyeda ham qurilish materiallari keng reklama qilinmoqda. Reklama esa bozorda real raqobatning mavjudligini ko‘rsatib soha rivojlanishiga xizmat qiladi.

– Joriy yilda 12 investitsiya loyihasi bo‘yicha 239,9 million dollar miqdoridagi investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan, – dedi mazkur uyushmaning investitsiyalarni jalb etish va investitsiya loyihalarini monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i Bahrombek Allabergenov. – Surxondaryo viloyatida “Surxon KSP Grand” korxonasida qamish asosida yiliga 150 ming kub metr DSP ishlab chiqarishni tashkil etish, “Kvars” aksiyadorlik jamiyatida yiliga qalinligi 2 millimetrdan 19 millimetrgacha bo‘lgan 22,2 million kvadrat metr oyna ishlab chiqarish, “Samarqand Afrosiyob sement” MChJda yiliga 561 ming tonna, “Ohangaronsement” AJda yiliga 3 million tonna sement ishlab chiqarish zavodini tashkil etish kabilar shular jumlasidan. Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha jami 118,7 million dollar miqdoridagi investitsiyalar o‘zlashtirilib, belgilangan prognozning 144 foizga bajarilishi ta’minlandi. Shuningdek, joriy yilda Toshkent viloyatida “EMG” MChJ korxonasida yiliga 2,1 million kvadrat metr keramogranit, Sirdaryo viloyatida “Gret Val Star” MChJda yiliga 30,0 ming kub metr MDF plitalari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlar ishga tushirilgani ham katta yutuqlarimizdan biridir.

Ayni kunlarda Toshkent viloyati Ohangaron shahridagi sanoat hududida “Ohangaronsement” korxonasi bazasida qad ko‘tarayotgan yangi zavodning ishlab chiqarish liniyasida umumiy qurilish ishlari tugallanmoqda.

Yaqinda Rossiyaning “Yevrotsement grup” kompaniyasi prezidenti Mixail Skoroxod bu yerdagi qizg‘in ish jarayoni bilan tanishdi.

– Bir yil ichida amalga oshirilgan qurilish ishlari kishini hayratga soladi, – dedi u. – Biz siz bilan Markaziy Osiyoda ishlab chiqarish quvvati yuqoriva texnologik jihatdan yangi sement zavodi yaratilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Men Kapital qurilish boshqarmasi mutaxassislarining bajarilgan ishlar sifatiga bergan ijobiy baholaridan juda mamnunman.

Darhaqiqat, bugungi kunda yurtimizda 18 sement ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan yiliga 11 million tonnadan ziyod mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Shu bilan birga, joriy yil yakuniga qadar yillik quvvati 3,5 million tonna, 2020 yilda yillik quvvati 6,5 million tonna bo‘lgan yangi quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Joriy yil avgust oyidan boshlab Navoiy shahrida joylashgan “Qizilqumsement” AJ tomonidan respublikamizda birinchi bo‘lib M-600 markali yuqori sifatli sement ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ham tarmoqning yana bir yutug‘idir.

Muxtasar aytganda, asosiy maqsad mamlakatimizda qurilish materiallarining importini keskin kamaytirish hamda barcha turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilishini mahalliylashtirgan holda eng nozik didli xaridorlarning ham talabiga javob beradigan arzon, sifatli va zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir. Negaki, ushbu maqsadga erishish uchun barcha omillar – xomashyo zaxiralari, mahalliy va xorijiy investorlarning qiziqishi, sohaning yuqori malakali mutaxassislari, yangi-yangi g‘oyalar, ichki va tashqi bozor va davlat tomonidan yaratib berilayotgan barcha imkoniyatlar mavjud.


Nasiba ZIYoDULLAYeVA, O‘zA

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech