Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
18 Jan 2019

O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda o‘xshashi bo‘lmagan innovatsion loyiha ishga tushiriladi. Loyiha bo‘yicha kelishuv Berlinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Germaniya biznes forumida Germaniyaning “Wehrhahn GmbH” kompaniyasi va “East mining invest” – O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasi o‘rtasida imzolandi.

Kelishuv Toshkent viloyatida bunyod etiladigan gaz-beton bloklar hamda avtoklav uslubi bilan tayyorlanadigan gaz-beton plitalar ishlab chiqaruvchi zavodga asbob-uskunalarning birinchi partiyasini yetkazib berishni ko‘zda tutadi.

Umumiy qiymati 130 million yevroni tashkil etadigan loyihaning 50 million yevrosi xorijiy investitsiya hisoblanadi. Bunda “O’zsanoatqurilishbank” tashabbuskorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab, konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.

Mazkur mahsulot yordamida bunyod etiladigan bino va inshootlar nafaqat issiqlik va energiya tejamkorligi bilan, balki qurilish ishlarini qisqa vaqtda amalga oshirilishi bilan muhim ahamiyatga egadir.

Loyiha texnologik uskunalarining energiya samaradorligi bo‘yicha MDH mamlakatlari orasida noyob hisoblanadi. Xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan yuqori sifatli mahsulotlar eksportga ham yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning avgust oyida Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsion forumda mazkur loyiha bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolangan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda yillik hajmi 2,5 million kub metr bo‘lgan gaz-beton bloklar hamda avtoklav uslubi bilan tayyorlanadigan gaz-beton plitalar ishlab chiqaruvchi 5 ta zamonaviy korxona qurilishi ko‘zda tutilgan.

Manba: Kun.uz
Ko'rishlar: 58
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech