Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
30 Jun 2020

Joriy yilning so‘nggi oylarida birjaning sement bozorida talabning sezilarli darajada o‘sishi natijasida narxlarning oshishi holatlari kuzatilayotgan edi.

Xususan, 2020 yilning yanvar-iyun oylarida birjada barcha markali sementning o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 499,0 ming so‘mdan 792,0 ming so‘mgacha, ya’ni 59 foizga o‘sdi. Narxlarning o‘sishi asosan joriy yilning may–iyun oylariga, ya’ni qurilish mavsumining boshlanish davrlariga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘tgan davrda birja savdolariga jami 4 075,0 ming tonna sement qo‘yilgan bo‘lib, ulardan 4 044,0 ming tonnasi, ya’ni 99,3 foizi sotildi. Bunda, respublikamizda faoliyat yuritayotgan 28 ta sement ishlab chiqaruvchi korxonalaridan 16 tasi o‘z mahsulotlarini birja savdolari orqali realizatsiya qilgan.

Sementga bo‘lgan talab va narxlarning oshishiga karantin talablarining bosqichma-bosqich yumshatilishi orqali xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining faollashuvi va jadallashuvi, sotuvchi korxonalar tomonidan birja savdolariga qo‘yilayotgan sement hajmlarining o‘rtacha 25 foizga pasaytirilganligi hamda sement mahsuloti importi hajmlarining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 3 barobarga kamayganligi sabab bo‘ldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda, sement bo‘yicha birja savdolarida ishtirok etgan xaridorlarning soni ham sezilarli darajada o‘sdi. Xususan, joriy yilning yanvar oyida birja savdolarida sementni xarid qilish uchun bir kunda o‘rtacha 326 ta korxona ishtirok etgan bo‘lsa, iyun oyiga kelib ularning soni 692 tani, ya’ni o‘sish 2,1 barobarni tashkil etdi.

Birjaning sement bozorida talab va taklifning mutanosibligi hamda sement narxlarining barqarorligini bozor iqtisodiyotiga xos vositalaridan foydalangan holda ta’minlash maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va sement sotuvchi korxonalar vakillaridan tashkil topgan Ishchi guruhi tuzildi.

Ishchi guruh tomonidan sement bozorini chuqur o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tahliliy ishlarning natijalari asosida sement bozorida muvozanatni tiklash bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlar belgilandi:

1. Birja savdolarida sotilayotgan sement hajmlarini xaridorlar o‘rtasida nisbatan tezroq va samaraliroq taqsimlanishga qo‘maklashish uchun zarur choralarni qo‘llash va qulay sharoitlarni yaratib berish, shu jumladan birjadan sotib olingan sementni zavodlarda yuklash muddatlarini qisqartirish. Buning natijasida sement mahsulotini son jihatidan yanada ko‘proq iste’molchilarga yetib borilishi ta’minlanadi.

2. Sement bozorida taklif darajasini ko‘tarish maqsadida yil yakuniga qadar umumiy quvvati 4,9 mln tonnaga teng 6 ta yangi sement ishlab chiqarish zavodlarini ishga tushirish evaziga respublikamizda mavjud quvvatlarni 20,0 mln tonnaga yetkazish. Ta’kidlash joizki, joriy yilning 10 iyulidan boshlab birja savdolariga qo‘yilayotgan sement hajmi ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan 2 ta zavod hisobiga kunlik qo‘shimcha 3500 tonnaga oshadi.

3. Birja savdolariga kunlik 40,0 ming tonnadan kam bo‘lmagan miqdorda sement mahsulotini sotuvchi korxonalar tomonidan bir maromda qo‘yilishi ta’minlanadi.

4. Sement uchun oldindan to‘lovlarni amalga oshirish va narxlar o‘zgaruvchanligidan himoya qilish imkonini beruvchi bir oydan ortiq muddatga kechiktirgan holda yetkazib berish sharti bilan “forvard” shartnomalari asosida birja savdolari o‘tkaziladi. “Forvard” savdolari bir tomondan kelajakda yetkaziladigan sement uchun narxlarni oldingan belgilab olish, ikkinchi tomondan mahsulot uchun to‘lovlarni bozor qiymatlarida oldindan olish imkonini beradi.

Ishchi guruhi tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 29 iyun kuni birja savdolarida sementning o‘rtacha sotilish narxi 1 kg. uchun 792 so‘mdan 754 so‘mga yoki 5 foizga pasaydi.

Ishchi guruhi tomonidan Birja savdolariga mahsulot qo‘yilishi va narxlarning asossiz oshib ketmasligi bo‘yicha doimiy monitoring olib boriladi va zaruratga ko‘ra sement bozorida shakllanib borayotgan kon’yunkturadan kelib chiqqan holda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha boshqa qo‘shimcha chora-tadbirlar ham qo‘llanilishi mumkin.

Manba: "O‘zRTXB" AJ PR bo‘limi
Ko'rishlar: 64
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech