Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
13 Feb 2019

Ma’lumki, suv bilan qorishtirilganda tez qotib, toshsimon massaga aylanadigan sement eng zarur qurilish materiallaridan biri sifatida e’tirof etiladi. U binokorlikda juda ko‘p ishlatiladigan betonning asosiy tarkibiy qismini tashkil qiladi. Shu bois bu mahsulotga hamisha talab-ehtiyoj katta. O‘zbekiston esa Markaziy Osiyo mintaqasida eng ko‘p va eng sifatli sement ishlab chiqaradigan mamlakat sifatida tan olingan.

Zero, hozir yurtimizda oltita yirik sement zavodi ishlab turibdi. Ular orasida «Ohangaronsement», «Quvasoysement», «Bekobodsement» va «Qizilqumsement» korxonalari yirikligi hamda o‘ziga yarasha nufuzga egaligi bilan aj­ralib turadi. Umuman olganda esa, so‘nggi yillarda respublikamizda mazkur tarmoqni yanada rivojlantirish choralari ko‘rildi. Natijada sement va sement mahsulotlari ishlab chiqarish bir necha baravarga ko‘paydi. Mavjud sement korxonalari o‘z mijozlari va iste’molchilariga har yili 9 million tonnadan ortiq mahsulot yetkazib berish imkonini qo‘lga kiritishdi. Ayni damlarda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida har yili 1,5 million tonna mahsulot tayyorlash quv­vatiga ega yangi sement zavodi foydalanishga topshirilmoqda. Jizzax­da ham shu sohaga ixtisoslashgan korxona qurilmoqda,

Sement ishlab chiqarish ko‘p energiya talab qiladigan jarayon hisob­lanadi. Shu bois bu korxonalarni tez-tez rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash hamda ishlab chiqarish hajmi oshishiga, mahsulot sifati yaxshilanishiga va tannarxi pasayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi zamonaviy energiya tejovchi asbob-uskunalarni joriy etish kerak. «Bekobodsement» aksiyadorlik jamiyati ana shu tamoyillarga qat’iy rioya qilib kelayotgan qaldirg‘och sement korxonalaridan biri. U 1926 yili ish boshlagan. O‘sha kezlar yiliga 25 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan. Endilikda bu ko‘rsatkich 1,1 million tonnani tashkil etadi. Shuningdek, zavodda zamonaviy klinker liniyasi ham barpo etilgan. Unda «quruq» ishlab chi­qarish usuli bilan har yili 750 ming tonna klinker (kuydirib toshga aylantirilgan sement) tayyorlanadi.

«Bekobodsement»ning asosiy maq­sadi barqaror rivojlanishga, jismonan va ma’nan eskirgan ishlab chiqarish vositalarini yangilariga almashtirish evaziga mehnat unumdorligini oshirishga yo‘naltirilgan ilg‘or kompaniya sanaladi. Uni bar­qaror rivojlantirish – mamlakatimizning sifatli sement mahsu­lotlariga, yuqo­ri qiymatli quri­lish materiallariga bo‘lgan ehtiyojlarini qon­dirishga, ishlab chiqarishni diversifikatsiyalashga va energiya samaradorligini oshirishga, korxona xodimlarining ijtimoiy muhofaza­sini ta’minlashga yo‘naltirilgan strategiyadir.

Darvoqe, bugunga kelib, zavod eng ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalari bilan jihozlangan. Ular yoqil­g‘i-energetika resurslarini sezilarli darajada tejab, sement tannarxini pasaytirishda qo‘l keladi. Masalan, «quruq» usulni qo‘llash natijasida toshqol ishlab chiqarish uchun avvalgiga nisbatan 40 foiz kam­roq tabiiy gaz sarflanmoqda. Loyi­ha boshida sementning 50 foizi shu yo‘sinda tayyorlangan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 68 foizga yetdi. O‘z navbatida, korxona mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarda raqobat­bardoshligi ancha oshdi.

«Bekobodsement» AJ Jahon bankining energetika menejmenti tizimini joriy etish dasturida ham faol ishtirok etdi. Loyiha ro‘yobga chiqarilishi natijasida korxonada ISO 50001 bo‘yicha xalqaro sertifikatlash auditi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, samarali ekanligi tasdiq­landi.

ISO 50001 tizimi korxonaga qu­yidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:

● energiya samaradorligi va ra­qobatbardoshlikni oshirish;

● foydalanish xarajatlarini va mahsulot uchun energiya sarfini kamaytirish;

● TO amaliyotini takomillashtirish;

● atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish;

● energiya samaradorligini oshi­rishga doir milliy qonunchilik talablarini bajarish;

● korxona nufuzini yuksaltirish, uning investitsiyalar va innovatsiyalar uchun jozibadorligini oshirish.

Zavodda kompleks energetik tekshirish tadbirlari o‘tkazildi. Energoaudit tahlili natijalariga ko‘ra korxonaning energiya samaradorligini oshirish dasturi yaratildi. U amaliyotda qo‘llash uchun tavsiya etilgan energiyani tejovchi loyihalarni qamrab oladi. Masalan, sanoat korxonalari imkoniyatlari loyihasi doirasida 10 ta silos xo‘jaligi majmui modernizatsiya qi­lindi. «Elektr ekskavatorni zamonaviysiga almashtirgan holda tog‘ ochiq konida qazib chiqarilgan toshni avtotransportga yuklash uzelini modernizatsiya qilish» loyihasi amalga oshirilishi tufayli iste’mol qi­linayotgan elektr energiyasini 169,41 kVt/soatga kamaytirishga, Baliqlitau kareridagi maydalash-sarxillash majmuasining texnik no­sozlik sababli to‘xtab qolishi ho­lat­lariga barham berishga eri­shildi.

Hozir korxonada ishlab chiqari­layotgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish maqsadida «Sha­g‘al-qum qorishmasi va kvars qumi (inert qurilish materiallari) ishlab chiqarish bo‘yicha karer (ochiq kon) xo‘jaligini rivojlantirish», «Sement asosidagi obodonlashtirish elementlari (yo‘lak plitkasi, bruschatka, bordyurlar) ishlab chiqarishni tashkillashtirish», «Tovar beton ishlab chiqarish va sotish», «Flyus oha­gini «ho‘l» usulda ishlab chiqarish uchun 1-sonli aylanma pechni modernizatsiya qilish» loyihalari bo‘yicha diqqatga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari korxonada ishchi-xodimlarni va ularning oila a’zolarini, qolaversa, Bekobod shah­ri aholisini ijtimoiy jihat­dan qo‘l­lab-quvvatlash masalalariga ham jid­diy e’tibor qaratilmoqda. Chunonchi, joriy yilning yoz faslida shahardagi jami maydoni 20,5 gektarga teng Yoshlar istirohat bog‘i rekonstruksiya qilindi. Uning infratuzilmasi va muhandis­lik tarmog‘i to‘la-to‘kis zamonaviylashtirilib, kanalizatsiya tarmoq­lari va yangi vodoprovod tizimi o‘tkazildi. Bog‘ tarkibiy jihatdan markaziy, sport, attraksion va tinch zonalarga ajratildi. Turli yoshdagi kishilar boshini qovushtirish, eng avvalo, keksalarni jalb etish uchun bog‘ nafaqat ko‘ngilochar go‘shaga, balki axborot olish maskaniga ham aylantirildi. Bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazmoqchi va faol dam olmoqchi bo‘lganlar sayr qilishlari va hordiq chiqarishlari uchun alohida joylar, tennis korti, mini-futbol maydonchasi tashkil etildi. Shuningdek, 17 ta attraksion, 500 o‘rinli amfiteatr, bolalar temir yo‘li, avtodromi, o‘yingohlari, dam olish shiyponchalari qurildi. Bog‘ hududi mahalliy haykaltaroshlar yaratgan kompozitsiyalar bilan bezatila boshlandi. Unda kelgusida umumxalq bayramlari, ommaviy tadbirlar, konsertlar, forumlar, ko‘rgazmalar va sport mu­sobaqalari uyushtirish, har xil to‘­ga­raklar ochish ham rejalashtiril­gan.

Ishonchimiz komilki, qayta qu­ril­gan Yoshlar istirohat bog‘i kelgusida bolalar va kattalar uchun eng sevimli ko‘ngilochar go‘sha, ta’bir joiz bo‘lsa, madaniyat va ma’rifat o‘chog‘i bo‘lib qoladi. «Bekobodsement» aksiyadorlik jamiyati ahli esa sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish bilan bir qatorda, el-yurt farovonligi va xalq baxt-saodati yo‘lidagi savobli ishlarga baholi qudrat his­sa qo‘shishda davom etaveradi.

Makar YAkovlev,
«BEKABAD CEMENT» AJ bosh direktori

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech