Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
7 Jan 2020

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qurilish jarayonida energiya tejamkor, innovatsion yondashuvga asoslangan qurilish materiallaridan keng foydalanilmoqda. Ayniqsa, devorbop qurilish materiallaridan gazobetonga bo‘lgan talab nafaqat dunyoda, balki yurtimizda ham ortib bormoqda.

Shu o‘rinda gazobeton haqida qisqacha ma’lumot. Gazobeton – g‘ovak (teshik-teshik) betonning bir turi bo‘lib, zamonaviy qurilish materiali. Uni ba’zan “sun’iy tosh” deb ham atashadi. Oddiy betondan farqi – tarkibida 1-3 millimetrli pufaklar mavjud bo‘lib, ular tufayli beton yengil, yetarli darajada mustahkam, issiq va sovuqdan yaxshi himoyalash xususiyatlariga ega bo‘ladi. Shuningdek, tabiiy gazni 8 marta kam sarflashi, energiya tejamkorligi va eng asosiysi, unumdor tuproqning ishlatilmasligi bilan pishiq g‘ishtdan bir necha marotaba afzalligi bilan ajralib turadi.1 metr kub metr g‘isht 1800-2000 kg og‘irlikka ega bo‘lsa, shu hajmdagi gazobetonning og‘irligi atigi 500-700 kg ni tashkil etadi.

Bu esa, qurilish jarayonini nafaqat tezlashtiradi, balki bino fundamentiga tushadigan og‘irlikni ham kamaytiradi. Qolaversa, gazobetondan foydalangan holda qurilgan uy-joylar yozda salqin va qishda issiq, havoni mo‘’tadil saqlashi bilan ahamiyatlidir.

Ushbu mahsulotdan Yevropa mamlakatlarida allaqachon keng foydalanib, sinalgan qurilish mahsulotlari sirasiga kirib ulgurgan. Rivojlangan davlatlarda gazobeton 50 yildan ortiq vaqt davomda qurilish materiali sifatida foydalanib kelinmoqda. Gazobeton Rossiyada ham so‘nggi 10 yilda qurilish materiali sifatida keng tarqalgan.

E’tiborlisi, ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xom ashyoning barchasi respublikamizda mavjud bo‘lib, xom ashyoni xorijdan olib kelish zaruriyati yo‘q.

Xususan, gazobeton tarkibida 70 foizni tashkil etadigan kvars qumi Navoiy, Qashqadaryo, Buxoro va Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida katta zaxiralari mavjud.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarilishini yanada kengaytirish maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2019-2021 yillarda respublika bo‘yicha gazobeton bloklarini ishlab chiqarishga qaratilgan umumiy quvvati 2,1 mln. metr kub bo‘lgan 14 ta loyihalar amalga oshirilayotgan bo‘lsa, shundan umumiy quvvati 325 ming metr kub bo‘lgan 3 ta loyiha (Toshkent, Jizzax va Buxoro viloyatlarida) 2019 yilda foydalanishga topshirildi.

Manba: Matbuot xizmati
Ko'rishlar: 69
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech