Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
16 May 2018

Joriy yilning 14-16 may kunlari Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlari kengashi hamraisi, «Knauf Gips KG» kompaniyasi ijrochi direktori janob M.Grundke boshchiligida Germaniya Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirildi.

Ma’lumki, O‘zbekistonda ilg‘or texnologiyalarni jalb etgan holda zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun qariyb 1000 ta noruda foydali qazilmalari konlari mavjud.

Respublikamiz Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda horijiy hamkorlarimiz uchun har tomonlama qulay investitsiyaviy muhit yaratilgan bo‘lib, bizda ularning ikkala tomon uchun ham o‘zaro manfaatli bo‘lgan samarali faoliyat yuritishlariga barcha shart-sharoitlar va keng imkoniyatlar mavjud.

Joriy yilning 16 may kuni «Knauf Gips Buxoro» HK MChJ da KNAUF-listlarini (yuqori sifatli gipskarton listlarini) ishlab chiqarish bo‘yicha modernizatsiya qilingan yangi liniyani ishga tushirishning rasmiy marosimi bo‘lib o‘tdi.

Buxoro viloyatining Kogon shahridagi «Knauf Gips Buxoro» HK MChJ da gipskarton listlarini ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va kengaytirish loyihasi taxminan ikki yil davomida amalga oshirildi. Loyihani amalga oshirish natijasida ishlab chiqarish liniyasining quvvati 30 foizga oshirilgan bo‘lib, endi «Knauf Gips Buxoro» HK MChJ tomonidan yiliga 32 mln. kv.m dan ortiq hajmda KNAUF-listlari ishlab chiqariladi. Loyihaning umumiy qiymati 16 mln. Yevrodan ortiq mablag‘larni tashkil etdi.

Keyingi bosqichda «Knauf» kompaniyasi O‘zbekistonda gips asosida quruq qurilish qorishmalarini ishlab chiqarish hajmini oshirishni rejalashtirayotgan bo‘lib, yangi ishlab chiqarish liniyasi «Knauf Gips Buxoro» HK MChJ joylashgan hududda quriladi. Mazkur loyiha amalga oshirilganidan so‘ng quruq qurilish qorishmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha «Knauf» ning ishlab chiqarish quvvati ikki barobarga oshiriladi.

Mazkur tashrif doirasida O‘zbekistonning qurilish sanoatidagi investitsiyaviy imkoniyatlar va loyihalarning amalga oshirilishi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Xususan, O‘zbekistonda 300 dan ortiq qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun 

  • marmar, granit, gabbro;
  • dolomit, kaolin, vollostanit, kvars qumi;
  • bazalt;
  • vermikulit;
  • bentonitli va argillsimon loy, ohak kabi mahsulotlarning katta hajmdagi zahiralari majudligi ta’kidlandi.

Respublikamizda hom-ashyo mahsulotlari va energiya tashuvchilar tannarxining arzonligi qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun rag‘batlantiruvchi omil ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan hududiy jihatdan bevosita chegaradosh bo‘lib, barcha mamlakatlarni o‘zaro bog‘lab turuvchi temiryo‘llar va logistika markazlari qo‘shni mamlakatlarga qurilish materiallarining minimal sarf-harajatlar bilan tashilishiga imkon yaratmoqda.

O‘z navbatida, “O‘zqurilishmateriallari” AJ O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini yanada rivojlantirish va yurtimizning gullab-yashnashini ta’minlash maqsadida Germaniyaning boshqa ishbilarmon doiralari vakillariga ham mamlakatimizda qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohasida ikkala tomon uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etishni taklif etadi.

Manba: Axborot xizmati
Ko'rishlar: 120
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech