Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
16 Mar 2020

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan importi yuqori bo‘lgan qurilish materiallari yoki uning muqobil variantlarini yurtimizda ishlab chiqarish bo‘yicha bir qator loyihalar amalga oshirilyapti. Xususan, yildan-yilga talab darajasi ortib borayotgan yog‘och-qirindili plitalar (DSP) hamda ularning muqobil turlarini tayyorlash bo‘yicha yangi korxonalar tashkil etilmoqda.

Ayni payda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Buxoro, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 475 ming kub metr DSP ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Natijada 2020 yilda 275 ming kub metr va 2021 yilda esa 200 ming kub metr DSP ishlab chiqarish yangi quvvatlari foydalanishga topshiriladi.

Xususan, joriy yilda Surxondaryo viloyatida umumiy yillik quvvati 195 ming kub metr bo‘lgan 2 ta loyiha amalga oshiriladi. Navoiy erkin iqtisodiy zonasida esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi yo‘naltirilgan umumiy qiymati 7,5 ming AQSh dollari bo‘lgan 30 ming kub metr quvvatga ega korxona foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida esa “Mo‘ynoq LDSP” MChJ tomonidan umumiy qiymati 8 mln. AQSh dollari hisobiga qamishdan DSP ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Natijada, mazkur korxonada yiliga 50 ming kub metr DSP ishlab chiqariladi va 200 ta doimiy va 1500 ta mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ham DSPning muqobil turlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar ustida ishlar olib borilyapti. E’tiborlisi, yuqoridagi loyihalarning aksariyati qamishdan DSP plitalari ishlab chiqarish bo‘yicha izlanishlar olib borishyapti.

Ma’lumki, Respublikamizda jami 66,3 ming gektar qamish maydonlari mavjud bo‘lib, ular asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida joylashgan. Shu bois, qamishdan DSP mahsulotini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Ayni paytda, DSP ishlab chiqarish bo‘yicha 4 ta korxona o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, ularning yillik quvvati 70 ming kub metrni tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanida "Sifat Invest Kompaniyasi" MChJ, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida “Termiz Ta’minot” MChJ va Sirdaryo tumanida joylashgan “Fayz” MChJ qo‘shma korxonalari qamish va g‘o‘zapoyadan DSP ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, O‘zbekiston tumanidagi “Yaypan vodiy laminati” MChJ esa terak va boshqa yog‘och qipiqlaridan ana shunday mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Manba: Matbuot xizmati
Ko'rishlar: 63
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech