Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
15 Jan 2020

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʼllab-quvvatlash, eksportbop, import oʼrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish davlatning iqtisodiy salohiyatini yuksalishida muhim omil hisoblanadi. Shu bois, hukumatimiz tomonidan importni qisqartirish, mahalliylashtirish dasturi boʼyicha sifatli, xaridorgir mahsulotlarni tayyorlashga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilgan.

Qurilish materiallari sanoatida ham bu borada izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. “Oʼzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan importi yuqori boʼlgan qurilish materiallari yoki uning muqobil variantlarini yurtimizda ishlab chiqarish boʼyicha bir qator loyihalar amalga oshirilyapti. Xususan, yildan-yilga talab darajasi ortib borayotgan yogʼoch-qirindili plitalar (DSP) hamda ularning muqobil turlarini tayyorlash boʼyicha yangi korxonalar tashkil etilmoqda.

OAV uchun media-tur tashkil etildi

Hozirda Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Surxondaryo, Buxoro, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 515 ming kub metr DSP ishlab chiqarishga moʼljallangan 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan, 2019 yilda 40 ming, 2020 yilda 275 ming va 2021 yilda esa 200 ming kub metr DSP ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshiriladi.

2020 yilda Surxondaryo viloyatida umumiy yillik quvvati 195 ming kub metr boʼlgan 2 ta loyiha amalga oshiriladi. Navoiy erkin iqtisodiy zonasida esa toʼgʼridan-toʼgʼri chet el investitsiyasi yoʼnaltirilgan umumiy qiymati 7,5 ming АQSh dollari boʼlgan korxona foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Moʼynoq tumanida esa “Moʼynoq LDSP” MChJ tomonidan umumiy qiymati 8 mln. АQSh dollari hisobiga qamishdan DSP ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Natijada, mazkur korxonada yiliga 50 ming kub metr DSP ishlab chiqariladi va 200 ta doimiy va 500 ta mavsumiy ish oʼrinlari yaratiladi. Shuningdek, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ham DSPning muqobil turlari ishlab chiqarish boʼyicha loyihalar ustida ishlar olib borilyapti. Eʼtiborlisi, yuqoridagi loyihalarning aksariyati qamishdan DSP plitalari ishlab chiqarish boʼyicha izlanishlar olib borishyapti.

DSP

Maʼlumki, Respublikamizda jami 66,3 ming gektar qamish maydonlari mavjud boʼlib, ular asosan Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Surxondaryo, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida joylashgan. Shu bois, qamishdan DSP mahsulotini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Аyni paytda, DSP ishlab chiqarish boʼyicha 4 ta korxona oʼz faoliyatini boshlagan boʼlib, ularning yillik quvvati 70 ming kub metrni tashkil etadi. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Qoraoʼzak tumanida "Sifat Invest Kompaniyasi" MChJ, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida “Termiz Taʼminot” MChJ va Sirdaryo tumanida joylashgan “Fayz” MChJ qoʼshma korxonalari qamish va gʼoʼzapoyadan DSP ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyilgan boʼlsa, Oʼzbekiston tumanidagi “Yaypan vodiy laminati” MChJ esa terak va boshqa yogʼoch qipiqlaridan ana shunday mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Maqsad ichki bozorni mahalliy, sifatli, import oʼrnini bosuvchi yogʼoch-qirindili plitalar (DSP) hamda ularning muqobil turlari bilan taʼminlash va yangi ish oʼrinlarini yaratishdir.

Manba: Matbuot xizmati
Ko'rishlar: 36
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech