Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
25 Feb 2019

O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanib borayotgani mam­lakatimiz qurilish sanoatining rivojlanish ko‘r­satkichlari bilan chambarchas bog‘liq. Bu borada maxsus dasturlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda. Qurilish va bunyodkorlik ishlarini qurilish materiallarisiz amalga oshirib bo‘lmaydi. «O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi» mamlakatimizda asosiy quri­lish materiali – sement ishlab chiqa­rish holati va qo‘llanishi borasidagi savollar bilan sement materiallari ishlab chiqaruvchilarga murojaat qildi. Mamlakatimiz sement sanoatining eng keksa vakili – «Quvasoysement» korxonasining axborot ko‘magida tayyorlangan maqo­lada savollarga to‘liq javob to­pildi.

Insoniyat bir necha asrlar avval uyni mustahkam qurish haqida bosh qotira boshlagan. O‘sha vaqtlarda tup­roq birinchi tabiiy biriktiruvchi material bo‘lgan. Haqiqatdan ham, tup­roq suv bilan aralashtirilib, qu­ritilganidan keyin birmuncha mus­tahkam ko‘rinishga keladi. Betonning dastlabki qadimiy ko‘rinishi Dunay daryosi qirg‘og‘ida aniqlangan: tosh asri aholisining kulbasida (eramizdan 5000 yil oldin) 25 santimetrgacha qalinlikdagi beton pol bo‘lgan. Bunday polning tarkibida sha­g‘al va mahalliy qizg‘ish ohak bor edi. Lekin eramizdan avvalgi 3–4- ming yillikka kelibgina biriktiruvchi moddalarni ommaviy ishlab chiqa­rish tarixi boshlandi. Bu tog‘ jinslarini kuydirish va uning mah­su­lotlarini maydalash jarayoni edi. Bunday usulda ishlab chiqarilgan dastlabki biriktiruvchi moddalar – ohak va gips – Misrdagi labirint galereyalari, Rimdagi Panteon, Buyuk Xitoy devori, Meksikadagi qadimiy uylar poydevorlarini qurishda qo‘llanildi.

Hozirgi sementning ixtirochisi – 1824 yilda uni tayyorlash uchun patent olgan ingliz Djozef Aspind hisoblanadi. Aspind sementni tup­roqni ohak changi bilan aralashtirib, ushbu qorishmaga yuqori harorat ostida ishlov berish orqali tayyorlashni taklif etdi.

Bunda xom material – klinker olinar edi. Keyin uni maydalab, suv bilan aralashtirish kerak edi. Klinker quritilganida undan o‘ta mustah­kam material hosil bo‘lardi. Ushbu material portlandsement (Portland shahrida o‘zining mustahkamligi va rangi bo‘yicha Aspind tomonidan olingan sementga o‘xshash tosh qazib chiqarilgan) deb nomlanardi.

Sement eng muhim qurilish materiallaridan biri hisoblanadi. Undan betonlar, asbestotsement, beton va temir-beton mahsulotlar, qu­rilish qorishmalari tayyorlash uchun qo‘llaniladi. Sement guruhiga barcha turdagi portlandsement, putssolan portlandsement, shlakoportland­sement, glinozyomsimon sement, ken­gayuvchi sementlar va ayrim bosh­qa sementlar kiradi. Sementning har bir turi qotganda uning markasi bilan tavsiflanadigan turli mus­tah­kamlikka ega bo‘lishi mumkin. Sement markalari GOST, turli quri­lish normativlari va qoidalari bilan reglamentlangan. Odatda, ko‘p­roq 200, 300, 400, 500 va 600 markali sementlar ishlab chiqariladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston sement tarmog‘i 18 ta korxonani o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular ichida Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahridagi qa­riyib bir asrlik tarixga ega bo‘lgan sement zavodi alohida o‘rin tutadi. Hozirda «Quvasoysement» aksiyadorlik jamiyati – «ho‘l» usulda bir yilda 1 mln. tonna sement ishlab chiqa­rish quvvatiga ega bo‘lgan yuqori tex­nologiyali korxona hisoblanadi. Zavod hududi 42 gektardan ortiq bo‘lib, shundan 8 gektardan ko‘prog‘ini ishlab chiqa­rish ob’ektlari, 6 gektarini bog‘lar va 10 kilometr uzun­likdagi temir yo‘l egallagan.

Zavod qurilishi 1929 yilda boshlangan, 3 yil o‘tgach bir yilda 720 ming bochka sement ishlab chi­qarish quv­vatiga ega bo‘lgan zavod foydalanishga topshirildi. Zavod qurilishi lo­yihasi «Stromstroyproyekt» loyi­ha tashkiloti tomonidan bajarildi. Sex­larga faqat import asbob-uskunalar o‘rnatildi: «Ammer-Lyuter» firmasining «Titan» 6-DR-75 xom­ashyoni ajratish drobilkalari; «Unidan» xomashyo va ko‘mir tegirmonlari; «Smidt» firmasining «Unaks» aylanma pechlari va boshqa quritish barabanlari, ko‘mir tegirmoni, shneklar, elevatorlar va ko‘plab mayda yordamchi asbob-uskunalar sobiq SSSR zavodlarida ishlab chiqarilgan edi.

Urushdan keyingi yillarda korxonani modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamdagi ishlar qilindi: zavoddagi barcha mavjud remenli privodlar reduktorli privodlarga al­mashtirildi, ochiq konlardan xomashyoni tashish uchun avtosamosvallar xarid qilindi, ochiq konlarni ishlab, tayyorlash uchun dizel va elektr ekskavatorlar olindi. 1956–1959 yil­lar korxona tarixida alo­hida o‘rin egalladi. Zavodning yanada rekonstruksiya qilinishi va kengaytirilishi natijasida o‘sha vaqt­dagi zamonaviy va, eng asosiysi, qud­ratli, 150 metrli aylanma pech­larga ega asbob-uskunalar bilan ji­hozlangan ikkita yangi sement ish­lab chiqarish texnologik liniyasi quri­lib, foydalanishga topshi­rildi.

Sement zavodi bozor iqtisodi­yotiga tezda qayta yo‘naltirilgan hol­da XX asrning 90-yillaridagi ma­shaq­qatli o‘tish davrini boshdan ke­chirdi. 1995 yil avgustdan boshlab kombinat aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi, 1996 yilning boshida barcha texnologik liniyalarga yangi aspiratsion-ventilyatsiya tizimlari o‘rnatildi. Xomashyo shlamini tayyorlash, klinkerni kuydirish butun texnologik jarayonini va sement ishlab chiqarishni kompyuter boshqara boshladi.

Bugungi kunda Quvasoydagi zavodda uy-joy, infratuzilma va sanoat qurilishi uchun turli xildagi sement (SSPS M400 D20 markali sulfatga chidamli portlandsement, GOST 22666-94; xrizotilsement mah­su­lotlar ishlab chiqarish uchun PXS portlandsement, O’zDSt 913:2017) ishlab chiqariladi.

Korxonada Lyagan va Andijon konlarining ohaklari, tarkibida temir mavjud bo‘lgan mahalliy va Qirg‘izis­tondan keltirilgan komponentlar, Sho‘rsuv konining gips toshi xomashyo sifatida foydalaniladi. Korxonaning eng asosiy vazifasi sifatli mahsulot ishlab chiqarishdan iborat. Shu bois korxona faoliyati ishlab chiqarilayotgan mahsulotning sifatini doimiy ravishda yaxshilab borishga yo‘naltirilgan. Bugungi kunda korxona tomonidan ishlab chiqarila­yotgan barcha mahsulotlar sertifikatlangan. 2007 yilda «Quvasoy­sement» AJda sifat menejmenti tizimiga nisbatan qo‘yiladigan talablarni tartibga soluvchi ISO 9001:2000 xal­qaro standarti joriy etildi.

Korxona asosiy texnologik as­bob-uskunalarining yillik ishlab chiqa­rish quvvati klinker bo‘yicha 839,1 ming tonna va sement bo‘yicha 1001 ming tonnani tashkil qiladi. Zavod mahsulotlari respublikamiz­dagi keng ko‘lamli qurilishlarda samarali sinovdan o‘tdi. Yirik infratuzilma ob’ektlarini qurilish materiallari bilan ta’minlagan holda «Quvasoysement» O‘zbekiston shaharlari va qishloqlarining qiyo­fasini tubdan o‘zgartirishga hissa qo‘shmoqda. Zavod sementi asosida uy-joy binolari, sanoat va yo‘l in­fratuzilmasi, sport inshootlari, ij­timoiy va madaniy ob’ektlar qu­rilmoqda.

Zavod o‘z markasini ushlab turish uchun ishlab chiqarishni doimiy ravishda takomillashtirib, modernizatsiyalab turadi. 2006–2007 yillarda 4 ta aylanma pechlarda zanjir zonasi to‘liq modernizatsiya qilindi. Natijada asbob-uskunalar unumdorligi oshib, 935,6 ming tonna o‘rniga 1001,0 ming tonna sement va 769,9 ming tonna o‘rniga 839,1 ming tonna klinker ishlab chiqarilmoqda. 1 tonna klinker ishlab chiqarish uchun yoqil­g‘i-energetika resurslari sarfi 256,1 kg shartli yoqilg‘idan 240,2 kg shartli yoqilg‘igacha kamaydi. Xom­ashyo va mahsulotlarni o‘lchash bo‘yi­cha nazoratning aniqligini ta’minlash uchun 3 ta 60 tonna yuk ko‘tarish quv­vatiga ega bo‘lgan va 2 ta 40 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan statik avtomobil tarozilari hamda 2 ta 150 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan yangi temir yo‘l elektron tarozilari o‘rnatildi.

Yetkazib beriladigan xomashyo haj­mini oshirish maqsadida 8 ta yangi «BelAZ» yuk avtomashinasi, 16 ta MAN rusumli avtosamosval, 4 ta «NORTHBENTH» rusumli avtosamosval, 100 tonna va 30 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan zamonaviy avtokranlar xarid qilindi.

2008 yilda bir yilda 300 ming tonna shlam xomashyosini o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lgan 2-sonli xom­ashyo tegirmonini qurish boshlandi. Ayni paytda tegirmon foydalanishga topshirilib, texnologik jarayonga faol jalb etilgan. 3-, 4-va 5-sonli xomashyo tegirmonlari ham modernizatsiya qilinib, korpuslari almashtirildi va asosiy privodlarida VAKOMA (Germaniya) firma­sida ishlab chiqarilgan yangi reduktorlar o‘rnatildi. Natijada, tegirmonlarning loyihaviy unumdorligi 50,4 t/soatdan 60 t/soatgacha oshib, bekor turish soatlari 10 foizga kamaydi.

Mahsulot iste’molchilari quri­lish bozorining muhim ishtirokchilari, mahsulotni sotishga yordam beruvchi dilerlar va xususiy imorat quruvchilar hisoblanadi. Korxonada mahsulot yetkazib berish jarayonini yaxshilash uchun FL Smidth Ventomatic (Italiya) kompaniyasida ishlab chiqa­rilgan 120 t/s ishlab chiqarish quv­vatiga ega bo‘lgan 8 ta shtutserli qa­doqlash liniyasi ishga tushirilgan. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning sifatini nazorat qilishni yaxshilash uchun zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari xarid qilindi, bu texnologik jarayonni nazorat qilish­ning yuqori darajasini, tahlilning tezligi va aniqligini, mahsulotning yuqori sifatini kafolatlaydi. Shu bilan birga korxona eng yuqori ekologik standartlarga mos keladi.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulot­larning sifatini oshirish hamda ishlab chiqarish quvvatlaridan unumli foydalanish borasida «Quvasoy­sement» aksiyadorlik jamiyatining qo‘lga kiritgan yutuqlari nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilib, yuksak kasb mahorat, dunyoviy sifatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishdagi mohirligi va intiluvchanligi uchun 1997 yil 17 noyabrda Madrid shahrida BID direksiyasi «Quvasoysement» AJga «Xal­qa­ro Oliy sifat» oliy mukofotini, 1999 yil 25 oktyabrda esa Jeneva shahrida «Oltin yulduz» maxsus xal­qaro mukofotini, 2001 yilda GQM kompaniyasi «Yuqori marketing ma­horatini o‘zlashtirgani uchun» xal­qaro mukofotini topshirdi. 2002 yilda aksiyadorlik jamiyati sifat va yetakchilikka, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarga intilish uchun «Yevropaga yo‘l» xalqaro mukofotiga ega bo‘ldi. Ijobiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar, yuqori darajadagi korporativ harakatlar va asl nom uchun «Ishbilarmonlik faoliyatiga yuqori mahorat» xalqaro fondi korxonaga «Oltin medal» mukofotini topshirdi. 2008 yilda O‘zbekiston qu­rilish materiallari sanoati korxonalarining reytingini aniqlash bo‘yicha yillik tanlovda «Quvasoy­sement» AJ birinchi o‘rinni egallab, erishilgan natijalar uchun tegishli diplom bilan taqdirlandi.

Quvasoy sement zavodida 1300 nafar ishchi mehnat qiladi. Ular uchun xavfsiz, innovatsion va qulay mehnat sharoitlari yaratilgan. Korxona tasarrufidagi 100 o‘rinli «Ro­hat» sanatoriy-profilaktoriy tashxis qo‘yish, davolash va profilaktika uchun eng yangi asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Xodimlar o‘rtasida futbol, volleybol, shaxmat va boshqa sport turlari bo‘yicha tadbirlar muntazam o‘tkazib turiladi, yoz oylarida tabiat qo‘ynida jamoaviy dam olish tashkil etiladi.

«Quvasoysement» AJning yaqin istiqbol uchun mo‘ljallangan rejalari qatoriga investitsiyalar jalb qilgan holda ishlab chiqarish asbob-uskunalarini yangilash vazifasini kiritgan. Shuningdek, IEM sexi nasoslari tizimida doimiy bosimning ta’minlanishini avtomatlashtirish va 90,9 ming kVtch/yil hajmida elektr energiyasini tejash maqsadida KEV chastotani o‘zgartirish uskunasini o‘rnatish, sement tegirmonlarining asosiy privodlaridagi ravon ishga tushirish qurilmalarini ishlab chi­qarishga joriy etishni maq­sad qil­gan. Modernizatsiyalash­dan keyin 656,3 ming kVtch/yil haj­midagi elektr energiyasining tejalishi, ishga tushirish va to‘xtab turish sonlarining kamayishi hamda yuqori volt­li elektr dvigatellarning xizmat qilish muddati oshishi kutilmoq­da. Kompressor uchastkasida si­qilgan havo sarfini o‘lchash uskunasini o‘rnatish ishlari ham rejalash­tirilgan. Ishlab chiqariladigan 1 tonna mah­sulot uchun 96,9 ming kVtch/yil haj­mida elektr energiyasining tejalishi va asosiy uskunada foydalaniladigan siqilgan havoning ortiqcha sarflanishiga barham berilishi kutil­moqda. Xomashyo sexiga universal te­girmonlar o‘rnatgan hol­da loy tayyorlash bo‘limini qu­rish, tabiiy gazdan muqobil yoqilg‘i – ko‘mir kukuniga o‘tish, o‘z ehtiyojlari uchun temir-beton mahsulotlari (poy­devorga mo‘ljallangan bloklar, shlakobloklar, beton va b.) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish korxona oldida turgan muhim vazifa hisob­lanadi.

Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi bozorlariga qurilish materiallari yetkazib beruvchi, yetakchi va yirik korxonalardan biri hisoblangan «Quva­soysement» AJ kelajakka ishonch bilan boqib, mamlakatimizda amal­ga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shishda davom etadi.

Zafar RO‘ZIYeV,
iqtisod fanlari nomzodi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech