Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
1 Dec 2018

2018 yil 30 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zqurilishmateriallari” jamiyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”! degan ezgu g‘oyasi asosida, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining ichki bozorda qurilish materiallari narxining oshib ketishining oldini olish va ularni arzonlashtirish borasida belgilangan chora-tadbirlar, Respublikada raqobatdosh va eksportbop qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar mavzularida Matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, ijro etuvchi apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va mutaxassislari, jamiyat tarkibiga kiruvchi yirik zavod va korxonalar mas’ul xodimlari, xorijiy investorlar va ularning vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibidagi ishlab chiqarish korxonalari tomonidan davlatimiz rahbarining aholini sifatli qurilish materillari bilan ta’minlash, tarmoq korxonalarini modernizatsiyalash orqali, import hajmini kamaytirib, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, pirovardida ichki bozorda qurilish materiallari narxining oshib ketishining oldini olish va ularni arzonlashtirish borasida berilgan topshiriqlar ijrosi soha rivojida muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Unda Jamiyat tomonidan ichki bozorda qurilish materiallari narxining oshib ketishining oldini olish va ularni arzonlashtirish borasida belgilangan chora-tadbirlar natijasida o‘tgan davrda aniq chora-tadbirlar belgilanib, kutilgan natijalar qayd etilganligi aytib o‘tildi.

Jumladan, joriy yilning 1 noyabr holatiga mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan 1 tonna sementning o‘rtacha birja narxi shu yil yanvar oyidagidan (568,4 ming so‘m) 26,2 foizga pasayib 476,2 ming so‘mni, 1 kv metr qurilish oynasining narxi (34,4 ming so‘m) 29,9 foizga pasayib 24,1 ming so‘mni, 1 dona shiferning narxi (34,3 ming so‘m) 5,0 foizga pasayib 32,9 ming so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, respublikada raqobatdosh va eksportbop qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tilib, jamiyat tizimida bu borada mahalliy hokimliklar, boshqa mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda aniq maqsadlar belgilab olinganligi ta’kidlandi.

Joriy yilda jamiyat tarkibidagi korxonalar tomonidan jami 4 trillion 600 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va o‘sish sur’atini 2017 yilga nisbatan 104 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Belgilangan reja bo‘yicha o‘tgan 9 oyda jami 3 trillion 510 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 102,2 foizga yetkazilgan. Shuningdek, bu davrda 288 milliard so‘mlik iste’mol tovarlari ishlab chiqarilishi evaziga o‘sish 109,8 foizga ta’minlangani yanada e’tiborga loyiq.

Joriy yilning 9 oyida 5753,9 ming tonna sement, 9,3 million kvadrat metr qurilish oynasi, 66,5 ming tonna quruq qurilish qorishmalari, 64,8 ming tonna qurilish gipsi, 25,2 ming tonna ohak, 37,0 million dona devorbop materiallar, 5,4 million dona shifer, 58,9 ming dona santexkeramika mahsulotlari kabi sifatli va arzon mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqarilgan. Ushbu davrda qiymati 2346,0 milliard so‘mlik 231 ta yangi loyiha ishga tushirilgan. Natijada 4857 ta ish o‘rinlari tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 iyuldagi “2018-2019 yillarda investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, jamiyat tomonidan 2018-2019 yillarda jami loyihalar qiymati 1 milliard 165 million dollarga teng (2018 yilda 227 million dollar, 2019 yilda 566,4 million dollar va istiqbolli loyihalar bo‘yicha – 470 million dollar) 16 ta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi belgilangan.

Bugungi kunda investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha aniq muddat va mas’ullarni belgilagan holda “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. Bundan tashqari, har bir loyiha bo‘yicha tarmoq jadvallari tasdiqlangan.

Investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida ob’ektlarning loyiha hujjatlari, texnik-iqtisodiy asoslari hisob-kitoblari va smeta hujjatlarini tayyorlash ishlari jadal olib borilmoqda.

2018 yilning 9 oyi yakuni bilan jami 53,2 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, belgilangan reja 132,2 foizga bajarilgan.

Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 128,7 million dollar bo‘lgan 6 loyiha ishga tushirilishi ta’minlanadi. Natijada, Surxondaryo viloyatida jami 160 ming kvadrat metr tabiiy toshni qayta ishlash orqali gabbro va granit plitalar ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi, shuningdek, Jizzax viloyatida yiliga 2,5 ming tonna bazalt armaturasi, Toshkent viloyatining “Angren” erkin iqtisodiy zonasi hududida yiliga 3,5 million kvadrat metr keramik plitka va 180 ming tonna metall armatura ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

2019 yilda 8 loyiha, jumladan, Farg‘ona viloyatidagi “Kvars” aksiyadorlik jamiyati bazasida yiliga 20 million kvadrat metr qurilish oynasi, Surxondaryo viloyatida yiliga 150 ming kub metr qamishdan DSP, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida yangi sement zavodlari hamda Navoiy viloyatidagi “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatining ikkinchi texnologik liniyasini modernizatsiya qilish hisobiga klinker ishlab chiqarish quvvatini 400 ming tonnaga ko‘paytirish kabi yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Mamlakatimizda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 2018-2019 yillarda 26,2 trillion so‘mlik 712 ta, shu jumladan, 2018 yilda 927,4 million dollarlik 549 qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi. 2018 yil 1 sentyabr holatiga 549 ta loyiha bo‘yicha 4 trillion 232 milliard so‘mlik mablag‘ o‘zlashtirildi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Titan sement” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 200 ming tonna sement ishlab chiqarish uchun 37,5 million dollar, Surxondaryo viloyatida “Surxon sement invest” xorijiy korxonasida 360 ming tonna sement ishlab chiqarish loyihasi uchun 46,7 million dollar, Navoiy viloyatida “Zarafshon oyna” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yiliga 10 million kvadrat metr qurilish oynasi va 250 million dona shisha idishlar ishlab chiqarish loyihasi uchun 97 million yevro, Xorazm viloyatida “Nyu best stayl” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 2,1 million o‘ram gulqog‘oz va 1 million quti gulqog‘oz yelimi ishlab chiqarish loyihasi uchun 5,7 million dollar, Toshkent viloyati “Angren” erkin iqtisodiy zonasida “Great Wall Ceramic” qo‘shma korxonasida yiliga 3,5 million kvadrat metr keramik plitkalar va 200 ming dona sanitar keramikasi ishlab chiqarish loyihasi uchun 24,3 million dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 212,8 million dollarlik investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi hisobiga Sherobod sement zavodi qurilib, yiliga 1,5 million tonna sement va Toshkent shahrida “Pergament kvoliti eksklyuziv” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 9,5 million dollar investitsiya hisobiga 2,5 million rulon gulqog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida “Mingyuan silu industry” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasida yiliga 24 million kvadrat metr oyna mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 110 million dollar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 56,1 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. 2017 yilda loyihaning birinchi bosqichida 29 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, yiliga chetdan import qilinayotgan 4 million kvadrat metr bezakli oyna ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va 210 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda mavjud qamish va g‘o‘zapoya asosida DSP ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida yiliga 30 ming kub metr DSP ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilgan bo‘lsa, 2018-2019 yillarda Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida yana 50 ming kub metrdan, Surxondaryo viloyatida 150 ming kub metr, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlarida jami 50 ming kub metr DSP to‘liq mahalliy xomashyodan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Ayniqsa, tadbirda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi “Jizzax stoun&kuoliti” MChJ qo‘shma korxona ta’sischisi, Italiyalik investor Jivanni Petrichiolli hamda Italiyalik quruvchi-dizayner Leonardo Nozzaning ishtirok etganligi hamda O‘zbekistonda xorijlik investorlarga yaratilgan imtiyoz va ustuvorliklar hamda respublikamiz sanoatining qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘idagi mavjud imkoniyatlar hamda jamiyat tomonidan xorijlik investorlarga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘maklar to‘g‘risidagi samimiy fikrlari hamda jurnalistlarning barcha savollariga batafsil javoblari, tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Manba: Axborot xizmati
Ko'rishlar: 35
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech