Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
24 Jan 2019

Ochig‘ini aytganda, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni nafaqat xalqimiz, balki xorijliklar e’tirof etmoqda. Qizg‘in hayot, har sohadagi jadallik, yangilikka intilish, o‘zgarishlarga monand harakatda bo‘lish har birimiz uchun shiorga aylanmoqda. Bugun qaysi sohada yuz berayotgan o‘zgarishlarga qaramang, uning zamirida xalq manfaati asosiy o‘ringa chiqmoqda. Aslida, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlarning asl mohiyati ham shunga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Binobarin, sohalar ravnaqi haqida gap ketar ekan, mamlakatimiz qurilish sanoatining o‘tgan ikki yil mobaynida erishgan yutuqlarini bir eslaylik. Bunda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalar faoliyati alohida ajralib turadi. Bugungi kunda mazkur korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki va tashqi bozorda o‘z mavqeni to‘liq egallab, mahalliy xom ashyodan mahsulotlar ishlab chiqarish hamda bu borada xalqaro hamkorliklarni mustahkamlashga harakat qilinmoqda.

Bunday ezgu ishlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida hamda joriy yil 8 yanvarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar barcha yo‘nalishlar qatorida qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

O‘z tarkibida ko‘plab korxonalarni jamlagan “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, bunda raqobatdosh, eksportga yo‘naltirilgan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi turdagi sifatli qurilish materiallariga bo‘lgan ichki ehtiyojni qondirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu talablar esa mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga keng imkoniyatlar eshigini ochayotir.

Quvonarlisi shuki, mazkur atsiyadorlik jamiyati ko‘plab yangi korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yib, o‘z tarkibini yanada kengaytirmoqda. Yaqinda Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “G‘ozg‘on” qishlog‘ida tabiiy pardozbop toshlardan qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi korxona – “Marmarobod” davlat unitar korxonasi o‘z ishini boshlagan edi. Bugun Jizzax shahrida yana bir korxona ishga tushirildi.

Jizzax shahri hududida joylashgan ushbu yangi quvvat – “Jizzax stoun kualiti” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston-Italiya qo‘shma korxonasidir. U tabiiy pardozbop toshlar xom ashyosidan zamonaviy va yuqori sifatli sun’iy tosh va plitkalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Mamlakatimiz hududi noruda xom ashyolari bilan birga tabiiy pardozbop toshlarning ulkan zahirasiga boy. Shu kabi Jizzax viloyati ham tabiiy pardozbop toshlarning katta koniga ega.

– Qo‘shma korxona davlatimiz rahbarining tegishli farmoni va qarori ijrosi doirasida Jizzax shahrida o‘z sohasining ustasi italiyalik investor Jovanni Petrichioli va yurtimiz tadbirkorlari ta’sischiligida tashkil etildi, – dedi “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Maqsudbek Yusupov. – Bu mamlakatimizda xorijlik investorlarga yaratilgan imtiyoz va ustuvorliklar, sanoatning qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘idagi mavjud imkoniyatlar hamda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining mahalliy hokimliklar bilan yaqin hamkorlikda xorijlik investorlarga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘maklar natijasidir. Ayniqsa, mahsulot ishlab chiqarishda 100 foiz mahalliy xom ashyodan foydalanilib, yiliga 360 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish hamda 30 nafar mahalliy yoshlarning ish bilan ta’minlanishi ushbu loyihaning iqtisodiy asoslanganligi bilan birga yuqori ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Mamlakatimizdagi soha korxonalari tabiiy tosh qoplama buyumlar, marmar, granit va travertin bloklari, shag‘al, qum, chaqiq tosh, xarsangtoshlar, shisha, sopol, fosfor, chinni buyumlari sanoati uchun xom ashyo – dala shpati va dolomit toshlari, pardozbop mayda toshlar va marmar xarsanglari, tabiiy tosh naqshbop (mozaika), polbop va xalq iste’mol mollari ishlab chiqarmoqda. Qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘i so‘nggi ikki yilda jadal rivojlanib, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan 120 turdagi mahsulotlar turi 180 taga yetkazilgani tizimdagi islohotlar tufaylidir.

Hozirgi kunda yurtimizda qurilish-bunyodkorlik ishlari hajmining keskin oshganligi bois tabiiy pardozbop toshlarga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Mavjud ehtiyojni qondirish bo‘yicha hozirgi kunda yangi quvvatlarni ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda.

– O‘zbekistonda xorijiy investorlarga yaratilgan qulayliklar va imtiyozlar bizni quvontiradi, – dedi italiyalik investor Jovanni Petrichioli. – Italiya dunyoda tosh va tosh mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Jizzaxga Italiya texnologiyasini olib kelib, mamlakat bozoriga yangi turdagi zamonaviy va sifatli mahsulot chiqarayotganimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va yurtingiz hukumati tomonidan berilgan keng imkoniyatlar natijasidir. Maqsadimiz mahsulotlarini nafaqat ichki bozorda, balki asosiy qismini xorijiy davlatlarga eksport qilishdir.

Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda 152 ta tabiiy pardozbop toshlar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan yiliga 700 ming kub metr tosh qazib olinmoqda. Ularda 6650 ming kvadrat metr tabiiy pardozbop toshlar plitalari ishlab chiqarilmoqda.

– Bozorga kirish, ayniqsa, unga yangi mahsulot olib kirish oson ish emas. Loyihamizni amalga oshirish uchun jami 2583 ming yevro, shu jumladan, 600 ming yevroga teng ekvivalentda korxonaning o‘z mablag‘i, 1083 ming yevro AT “Ipotekabank” kredit mablag‘lari, 900 ming yevro xorijiy (Italiya) investitsiyasi o‘zlashtirildi,– dedi qo‘shma korxona rahbari Abdunazar Shamsiddinov. – Korxonamizda o‘rnatilgan texnologiyaning asosiy jihati shundaki, narxi nisbatan arzon bo‘lgan tabiiy toshlar xom ashyosidan tayyor, zamonaviy va sifatli mahsulot ishlab chiqarib, qo‘shimcha qiymat yaratiladi. Bu esa nafaqat korxona, balki ishchi-xizmatchilarning ko‘proq daromad olib, ular farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Xulosa shuki, loyihani korxonaga aylantirish, ayniqsa, zamonaviy texnologiya asosida yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish, ichki va tashqi bozorda o‘z o‘rnini egallash uchun bilim, tajriba, katta mablag‘ va intilish talab etadi. Ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalangan jizzaxlik ishbilarmonlar o‘z maqsadiga erishganiga bugun biz guvohmiz. Ushbu yangi qo‘shma korxona mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishiga xizmat qilishi va jahon bozorida o‘z imkoniyatlarini ko‘rsata olishiga ishonamiz.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Manba: O'zA
Ko'rishlar: 133
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech