Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
18 Jan 2019

Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan qurilish sanoatini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli mamlakatimiz hududlarida ko‘plab qurilish materiallarini ishlab chiqaradigan yangi quvvatlar foydalanishga topshirildi. Bunday yangilar aholi bandligini ta’minlash, xalqimizning ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga yangi ishlab chiqarish korxonalari tomonidan munosib hissa qo‘shish imkonini bermoqda.

Jumladan, joriy yilning 12 yanvar kuni Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “G‘ozg‘on” qishlog‘ida “Marmarobod” davlat unitar korxonasi foydalanishga topshirildi. U granit bloklari, plitalari va granitdan turli buyumlar (yo‘l va trotuar bordyurlari, yirik hajmdagi plitalar (slyablar), bruschatkalar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Ayniqsa, bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida hamda yaqinda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar barcha sohalar kabi qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish uchun ham dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston boshqa noruda xomashyolari bilan birga tabiiy pardozbop toshlarning ulkan zaxiralariga ega hudud hisoblanadi. Xususan, Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “G‘ozg‘on” tabiiy pardozbop toshlari jahonga mashhurligini alohida e’tirof etish joiz.

“G‘ozg‘on” nomi bilan dunyoga dong taratgan tabiiy pardozbop toshlarining sifati va rangini ko‘pchilik soha mutaxassislari va iste’molchilar yaxshi biladi. Toshlarni qayta ishlash bo‘yicha mamlakatimiz ming yillik tarixiga ega. Ixtisoslashgan maxsus yirik sanoat korxonalarida toshlarni qazib olish va qayta ishlash yurtimizda 1960 yillardan boshlangan. Bugungi kunda bu soha rivoj topib, o‘z yangi quvvatlarini yaratayotgani yanada ahamiyatlidir.

Mazkur ishlar izchilligini ta’minlashda davlatimiz rahbarining 2018 yil 26 dekabrdagi “Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim huquqiy asos bo‘lib, mamlakatimizda noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalarini foydalanishga berishning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish va iqtisodiyotning noruda xomashyo bazasini rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirilishiga keng yo‘l ochib berdi.

Hozir yurtimizdagi soha korxonalari tabiiy tosh qoplama buyumlar, marmar, granit va travertin bloklari, shag‘al, qum, chaqiq tosh, xarsangtoshlar, shisha, sopol, fosfor, chinni buyumlari sanoati uchun xomashyo – dala shpati va dolomit toshlari, pardozbop mayda toshlar va marmar xarsanglari, tabiiy tosh naqshbop (mozaika), polbop va xalq iste’mol mollari ishlab chiqarmoqda.

Respublikamizning qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘i so‘nggi ikki yilda jadal rivojlanib, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan 120 turdagi mahsulotlar turi 180 taga yetkazildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 152 ta tabiiy pardozbop toshlar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan yiliga 700 ming kub metr tosh qazib olinmoqda hamda 6650 ming kvadrat metr tabiiy pardozbop toshlar plitalari ishlab chiqarilmoqda.

Yurtimizda qurilish-bunyodkorlik ishlari hajmining keskin oshganligi, tabiiy pardozbop toshlarga bo‘lgan talabning ham ko‘payishiga olib keldi. Mavjud talabni qondirish bo‘yicha hozirgi kunda yangi quvvatlarni ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda.

– Davlatimiz rahbarining 2017 yilning 28 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan Nurota tumanida pardozbop toshlarni qazib olish va qayta ishlashga ixtisoslashgan yirik davlat korxonasini tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi qabul qilindi, – dedi “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ishlab chiqarish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Boboqulov – Farmoyishga ko‘ra, Navoiy viloyati hokimligi ta’sischiligi va “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati kafolati ostida “Marmar obod” davlat unitar korxonasi tashkil etildi. O‘tgan davrda korxonaga “G‘ozg‘on” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan 6 gektar yer maydoni ajratilib, uning atrofiga devor tiklandi, ma’muriy va ishlab chiqarish, yordamchi bino va inshootlar qurildi. Xitoydan zamonaviy texnologik uskunalar sotib olinib, o‘rnatildi. Albatta, bunday yangiliklar xalqimiz farovon hayotini ta’minlash yo‘lidagi yana bir ezgu amaldir.

Hukumat qaroriga asosan korxonaning loyihalash va qurilish ishlari parallel ravishda olib borilganligi va texnologik uskunalar, pudrat ishlari tender savdolarisiz amalga oshirilganligi, jami 9,7 milliard so‘mlik mablag‘lar hisobiga qisqa muddatda yiliga 24 ming metr kvadrat plita va 20 ming metr kub blok toshlar ishlab chiqarish quvvatiga ega yirik sanoat korxonasining qurilishi yakunlandi.

Korxonaning xomashyo bazasi Nurota va Xatirchi tumanlarida joylashgan. Birgina “Qurasoy” konidagi granit zaxiralari 1000 ming metr kubni tashkil etadi. “Qurasoy” graniti nafaqat respublikamiz, balki xorij bozorida ham o‘z xaridorlariga ega.

Korxonada ishlab chiqariladigan granit bloklari va buyumlarining aksariyat qismini Markaziy Osiyo, mustaqil davlatlar hamdo‘stligi va boshqa xorijiy davlatlarga eksport qilish ko‘zda tutilmoqda.

Korxonaning kelajakdagi xomashyo zaxiralariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirishni ta’minlash uchun “Marmar obod” davlat unitar korxonasi tomonidan vakolatli davlat idoralaridan Nurota tumanidagi “Pashot-G‘ozg‘on”, “Pargot-2” granit uchastkalarini geologik jihatdan o‘rganishga litsenziyalar olingan.

– E’tiborli jihati, ushbu zamonaviy sanoat ishlab chiqarish korxonasining qisqa muddatda foydalanishga topshirilishi nurotalik 26 nafar fuqaroni muqim ish bilan ta’minladi, – dedi “Marmarobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdurashid Sobirov. – Shu bilan birga, yangi quvvat Nurota tumani, Navoiy viloyati, balki mamlakatimiz byudjetiga tushumlar miqdoriga salmoqli hissa qo‘shadi. Mahsulot va ish sifatida texnologik quvvatlar muhim ahamiyatga ega. Bu korxonaga texnik asbob-uskunalar Xitoy davlatining “Xiamen easternPegasus LTD“ kompaniyasidan sotib olinganligi hamda ishlab chiqaruvchi korxona mutaxassislari yordami bilan o‘rnatilganligi ularning sifatli ishlashida muhim omildir.

Ayniqsa, Navoiy viloyati hokimligi va “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida “Marmar obod” davlat unitar korxonasining davlat ulushi (mulki)ni ishonchli boshqarish shartnomasi tuzilganligi hamda boshqaruv “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatiga berilganligi, korxonadagi qurilish-montaj jarayonlarida soha mutaxassislarining bevosita ishtirokini ta’minladi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish kerakki, O‘zbekiston yaqin besh yillik istiqbolda yangi quvvatlarni ishga tushirish hisobiga granit bloklari va buyumlari importini bir necha barobarga qisqartirishni rejalashtirgan. Jumladan, 2019 yilning may oyiga qadar Navoiy viloyatining Nurota hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanlarida granit bloklarini qazib olish, granit plitalari ishlab chiqarish va granitdan turli buyumlar ishlab chiqarish bo‘yicha ikkita yirik korxonalar ishga tushiriladi. Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun tashabbuskorlar tomonidan Italiyaning “Breton S.p.A.”, “Pellegrini S.p.A.”, “Marmomeccanica S.p.A.” va “Pedrini S.p.A.”, shuningdek, Turkiya va Xitoy Xalq Respublikasi ishlab chiqaruvchi kompaniyalarining texnologik uskunalaridan foydalaniladi. Ushbu loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun 4 million dollardan ziyod mablag‘lar yo‘naltirilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, mazkur loyihaning ishga tushirilishi, davlatimiz rahbari tomonidan jadallik bilan muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning sohadagi yana bir samarali natijalaridan biri deyish mumkin. “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da ishga tushirilgan ushbu yangi korxonada ishlab chiqarilgan pardozbop qurilish materiali bo‘lgan tosh mahsulotlari, birinchi navbatda Nurota tumani, Navoiy viloyati va respublikamiz hamda qo‘shni davlatlarda bunyod etiladigan zamonaviy ijtimoiy soha ob’ektlari, noturar joylar hamda aholi uchun shinam va qulay turar joylarning sifatli qurilishiga, balki hududning eksport salohiyati kengayishiga xizmat qilishiga shubha yo‘q.

Ko'rishlar: 278
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech