Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
28 Sep 2018

“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining axborot xizmati maʼlum qilishicha, mamlakatimiz qurilish sanoatini rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarda jamiyatning mahalliy davlat hokimliklari bilan amaliy hamkorligi yaxshi samara bermoqda.

Bu kabi hamkorliklar samarasini Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar misolida ham koʻrish mumkin. Joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda qiymati 54,9 milliard soʻm boʻlgan yangi quvvatlarning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 364 nafar fuqaro muqim ish bilan taʼminlandi. Zamonaviy turli qurilish materiallari (metall armatura, profil, izol, chaqiq tosh, sement, temir-beton mahsulotlari, boyitilgan bentonit kukuni, inert materiallar, pishiq gʻisht, kafel uchun yelim, yoʻlak plitkalari, zamonaviy turdagi temir eshiklar, suyuq oboy, profillangan shifer, qurilish ohagi) ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan 23 ta loyihalar qiymatining 35,9 milliard soʻmi tashabbuskorlarning, 19 milliard soʻmi xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklari kredit mablagʻlari hisobiga toʻgʻri keldi.

Jumladan, viloyatning Qiziltepa, Karmana, Xatirchi, Uchquduq, Tomdi tumanlarida ishga tushirilgan yangi quvvatlarda bugungi kunda saksonga yaqin mahalliy fuqarolar ish bilan taʼminlandi. Jumladan, Qiziltepa tumanidagi “Fruit sizon Navoiy” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan yiliga 200 ming kub metr inert qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi uchun tashabbuskorning 4 milliard 375 million soʻm mablagʻi sarflandi. Bu yerda 30 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Karmana tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor “Sharipov Sardorbek” tomonidan qiymati 1 milliard 505 million soʻmlik, yiliga 100 tonna profil ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilgan boʻlsa, Xatirchi tumanidagi “Alfa Spektor” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 1 milliard 400 million soʻmlik, yiliga 4 ming tonna, 25 va 50 kilogrammli qoplarda eksportbop qurilish ohagi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Uchquduq tumanidagi “Ishonch Feruz” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan yiliga 85 ming kvadrat metr profillangan shifer ishlab chiqarish loyihasi uchun qiymati 1 milliard 50 million soʻm miqdorda mablagʻ sarflandi. Tomdi tumanidagi “Jana Tomdi sirlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatida qiymati 800 million soʻmlik ishlar bajarilib, pishiq gʻisht ishlab chiqarish hajmi yiliga 9 million donaga yetkazildi. Natijada 30 ta yangi ish oʻrni vujudga keldi.

– Yuqorida keltirilgan faktlar joriy yilning shu davrigacha boʻlgan saʼy-harakatlar natijasidir, – dedi “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining tashkiliy tuzilmasidagi “OʻzqurilishmateriallariLITI” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Navoiy viloyati boʻyicha qurilish materiallari sohasiga doir investitsiya loyihalari yigʻma axborot-tahlil boʻlimi mutaxassisi Zohid Xudayberdiyev. – Bu jarayon Navoiy shahrida koʻngildagidek yutuqlarni berdi. Masalan, Navoiy shahridagi “Navoiy Kamalak Afsuni” masʼuliyati cheklangan jamiyati qiymati 1 milliard 300 million soʻmlik loyihani amaliyotga tatbiq etdi. Hozir bu yerda yiliga 500 tonna, 15 va 20 kilogrammlik qoplarda eksportbop, qadoqlangan quruq qurilish aralashmalari, shpatlyovka, kafel uchun yelim ishlab chiqarilmoqda. Xuddi shu kabi, Navoiy shahridagi “Vial” masʼuliyati cheklangan jamiyati yiliga 3,5 ming dona zamonaviy temir eshiklar tayyorlamoqda. Ayni kunda jamiyat mahsulotlariga xaridorlar talabi ortib bormoqda. Qiymati 1 milliard 400 million soʻm boʻlgan ushbu loyihaning 400 million soʻmi tashabbuskorniki, 1 milliard soʻmi xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki kredit mablagʻidir.

Albatta, bu kabi saʼy-harakatlar aholi uchun zarur boʻlgan turli qurilish materiallarining ichki bozordagi hajmining oshishi natijasida ularning narxi arzonlashishiga omil boʻladi.

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA

"@Ozqurilishmateriallari" telegram, "@aouzsm" facebook, "uzbuildmaterials" instagram kanallari orqali yangi ma'lumotlardan xabardor bo'ling.

Manba: O‘zA
Ko'rishlar: 75
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech