Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
24 Nov 2018

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi bu yerda yashovchi xalqqa koʻtarinkilik baxsh etgan boʻlsa, hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni esa yangi gʻoya va tashabbuskorlikka undadi.

Tashrif doirasida shimoliy sarhadlarda bajarilgan ishlarning tahlil qilinishi bilan bir qatorda barcha sohalarni rivojlantirish boʻyicha kelgusi yillarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan ustuvor yoʻnalishlar va dolzarb vazifalar belgilab olindi. Xususan, unda iqtisodiyotning boshqa sohalari singari sanoatning qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmogʻidagi loyihalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Bu kabi ustuvor vazifalar mushtarakligida tadbirkorlarni mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish, ularga zaruriy koʻmak berish “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining asosiy maqsadi boʻlib, bugungi kunda hududlarda amalga oshirilayotgan yangi quvvatlar aholi ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur jamiyat tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, Qoraqalpogʻistonda respublikamizning boshqa hududlarida uchramaydigan qator qurilish materiallariga boy xom ashyo zaxiralari mavjud. Jumladan, dala shpati xom ashyosi va vallastonit, talk va talk toshi, vermikulit rudasi, rodonit, listvenit kabilar shular jumlasidan. Ayniqsa, hududda sement xom-ashyosi, tabiiy pardozbop va qurilish toshlari, gips va angidrit, ohaktosh, keramzit xom ashyosi, silikat buyumlar ishlab chiqarish va qurilish ishlari uchun qum, qum-shagʻal materiallari, gʻisht-cherepitsa xom ashyosi zaxiralariga boy konlarning mavjudligi sohaning istiqbolini belgilaydi.

Albatta, mahalliy va xorijlik investorlarning mavjud imkoniyatlar qiziqtirishi natijasi oʻlaroq, ushbu zaminda yangi korxonalar ketma-ket ishga tushirilmoqda.

Jumladan, Amudaryo tumanida “Amudaryo maxsus qurulish” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 68,8 ming dollarlik (shundan, 18,8 ming dollar oʻz mablagʻi va 50,0 ming dollar bank krediti) loyiha joriy yilning iyun oyida ishga tushirilishi natijasida temir beton mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvati 5 ming kub metrga oshirildi va 6 ta qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu korxona tomonidan 25 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlangan.

Oʻtgan yilda Qoraoʻzak tumanidagi “Qoraqalpoq sement” korxonasida birinchi bosqichda yiliga 200 ming tonna sement ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Mazkur korxonaning ikkinchi bosqichida sement ishlab chiqarish kengaytirilib, jami 440 milliard soʻm (55 million dollar ekvivalentida), shundan 200 milliard soʻm loyiha tashabbuskorining oʻz mablagʻi, 160 milliard soʻm bank krediti, 10 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilishi bois yillik ishlab chiqarish quvvatini 1,2 million tonnagacha oshirish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha 2019-2020 yillarda ishga tushirilishi moʻljallangan boʻlib, unda 450 nafar mahalliy aholi doimiy ish bilan taʼminlanadi.

Qoraoʻzak tumanidagi “Dayplast Nukus” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan loyiha qiymati 7 million 875 ming dollar bank kredit mablagʻlari oʻzlashtirilishi evaziga yiliga 150 ming tonna gidratli va soʻndirilgan ohak ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Kelasi yilning iyun oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan ushbu loyiha 146 yangi ish oʻrnini yaratish imkonini beradi. Ayni chogʻda loyiha boʻyicha moliyalashtirish masalalari hal etilib, qurilish montaj ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur tumanda “Triumf Vermikulit” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 1,5 milliard soʻm, shundan 500 million soʻm tashabbuskorning oʻz mablagʻi, 1 milliard soʻm bank krediti oʻzlashtirilishi evaziga yuz foiz mahalliy xom ashyodan foydalangan holda yiliga 10 ming tonna vermikulit konsentratlari ishlab chiqarish tashkil etiladi. Mazkur loyiha 2019-yilning noyabr oyida ishga tushirilishi koʻzda tutilgan boʻlib, unda 30 nafar qoraqalpoq yoshlari doimiy ish oʻrniga ega boʻladi.

Shuningdek, Nukus shahridagi “Nukus qurilish materiallari kombinati” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashabbuskorning 1,1 milliard soʻm mablagʻi oʻzlashtirilib, kelgusi yilning yanvar oyida foydalanishga topshiriladigan yangi quvvatda yiliga 36 million dona pishgan gʻisht ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi va 80 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Amudaryo tumanida “Yuldash-Sherman” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan loyiha qiymati 2,1 milliard, shundan 300 million soʻm tashabbuskorning oʻz mablagʻi, 1,8 milliard soʻm bank krediti oʻzlashtirilishi hisobiga yiliga 60 ming kub metr chaqiq tosh ishlab chiqarish navbatdagi yilning iyun oyida ishga tushiriladi hamda 12 ta yangi ish oʻrni tashkil etiladi.

– Prezidentimizning tashrifi bizga yangi ruh, yangi gʻayrat bagʻishlash bilan birga kelajakka ishonchimizni yanada mustahkamladi – dedi Moʻynoq tumanidagi “Moʻynoq LDSP” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Utemurat Panayev. – Qoraoʻzak tumanida “Titan sement” masʼuliyati cheklangan jamiyatimiz tomonidan yiliga 200 ming tonna sement ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirish arafasidamiz. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 302 milliard 400 million soʻmni (jami 37,8 million dollar ekvivalentida (shundan 18 million dollar oʻz mablagʻimiz, 16,8 million dollar bank krediti va 3 million dollar xorijiy investitsiya) tashkil etadi. Asosiy maqsadimiz yurt ravnaqi va xalqimiz farovon hayotini taʼminlashga oz boʻlsa-da hissa qoʻshishdir. Yuz foiz mahalliy xom ashyodan foydalangan holda yuqori markali sement ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladigan korxonamizda 224 nafar fuqarolar muqim ish bilan taʼminlanadi. Davlatimiz rahbarining yurtimizga tashrifi bizga qanot boʻldi. Tashrif natijasida Moʻynoq tumanidagi tabiiy koʻllarda oʻsadigan qamishdan foydalangan holda yuz foiz mahalliy xom ashyo asosida “DSP” ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirdik. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 10 million dollar, shu jumladan, 2 million dollar tashabbuskorning oʻz mablagʻi, 8 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilishi asnosida yiliga 50 ming kvadrat metr “DSP” ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi hamda 200 nafar mahalliy aholining ish oʻrniga ega boʻlish imkoniyati yaratiladi.

Albatta, zamonaviy va sifatli, hudud uchun yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilishi, hududning iqtisodiy qudratini oshirishi barobarida, koʻpgina ijtimoiy masalalarning samarali hal etilishiga hissa boʻlib qoʻshiladi. Ishlab chiqarish korxonasi joylashgan hududning eksport salohiyati, tuman mahalliy byudjeti, eng asosiysi yangi ish oʻrinlari yaratilishi natijasida aholi daromadlari va farovonligi oshadi. Zero, har bir yaratilgan yangi ish oʻrni, bitta oilaning farovonligiga munosib hissa boʻlib qoʻshilishi oddiy haqiqatdir.

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA

"@Ozqurilishmateriallari" telegram, "@aouzsm" facebook, "uzbuildmaterials" instagram kanallari orqali yangi ma'lumotlardan xabardor bo'ling.

Manba: O'za
Ko'rishlar: 51
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech