Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
3 Feb 2020

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar samaradorligi” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumani

Tadbirda, "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi ijro etuvchi apparatining rahbarlari va mutaxassislari, uyushma tarkibidagi yirik ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, 2019 yil yakuni bo‘yicha qurilish materiallari sohasida jami 20,0 trln.so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Jumladan, o‘tgan hisobot yilida 11,0 mln.tonna sement (2018 yilga nisbatan 119,4%), 18,8 mln.kv.m qurilish oynasi (151,3%), 250 ming dona santexkeramika mahsulotlari (111 %), 16,5 mln.kv.m keramik plitkalar (101,9%), 650 ming o‘ram oboy (4,8 marta), 2 ming tonna bazalt kompozitli armatura (181,2%) kabi qurilish materiallari ishlab chiqarildi.

Matbuot anjumani

Boshlanayotgan yangi 2020 yilda esa yuqoridagi ko‘rsatkichlar yanada ortishi kutilyapti. Xususan, 2020 yilda qurilish materiallari sohasi bo‘yicha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 22,0 trln. so‘mga yetkazish va o‘sish sur’atini 2019 yilga nisbatan 110 foizga ta’minlash hamda 8900 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilmoqda.

O‘tgan yilda ko‘plab yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Xususan, umumiy qiymati 10 mln. AQSh dollari bo‘lgan, yiliga 200 ming dona sanitar-texnik buyumlar ishlab chiqaruvchi “Great Wall Ceramic” MChJ QK, loyiha qiymati 38 mln. AQSh dollarlik, yiliga 180,0 ming tonna metall armatura tayyorlash imkoniyatiga ega “Run Tong Metal Industrial” MChJ XK, yillik quvvati 180 ming kv. metr yirik panelli temir-beton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Yevro Global Invest” MChJ kabi korxonalar ishga tushirildi.

Matbuot anjumani

Davlatimiz rahbarining viloyatlarga qilgan tashriflari davomida ham qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini tashkil etish to‘g‘risida berilgan topshiriqlarga asosan yangi quvvatlar ishga tushirildi. Jumladan, Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 9,1 mln AQSh dollari bo‘lgan qamish asosida yiliga 150,0 ming kub metr DSP ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Surxan KSP Grand” MChJ tashkil etilmoqda. Shuningdek, “Kvars” AJda yiliga 22,2 mln.kv metr oyna ishlab chiqarish quvvatiga yetkazish maqsadida 70,2 mln.dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshirilyapti.

Mamlakatimizda qurilish materiallari sanoati rivoji, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi mas’ulligida amalga oshiriladi. 200 ga yaqin sanoat korxonalarini jamlagan uyushma tomonidan hozirda xorijiy investorlarni keng jalb qilgan xolda ko‘plab yirik loyihalarni hayotga tadbiq etish, yangi turdagi, energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishga, sohaga innovatsiyani keng jalb qilish, eksport ko‘lamini oshirishga e’tibor qaratilgan.

Matbuot anjumani

Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan o‘tgan yilda jami 5,0 trln. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘sish 106,8 foizga ta’minlangan.

Statistika ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil yakuni bilan: 8180 ming tonna - sement, 18,8 mln kv.m 2-mm o‘lchamda - qurilish oynasi, 8,0 mln kv.m - keramik plitka, 38,2 mln.kv.m. – gipsokarton, 110,0 ming tonna - quruq qurilish aralashmalari, 8,0 mln dona – shifer, 96,0 ming tonna – ohak kabi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan.

E’tiborlisi, o‘tgan davr davomida mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha import o‘rnini bosuvchi keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, keramogranit, bezakli oyna, bazalt armaturasi, gulqog‘oz (oboy)ni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. 2020 yilda uyushma bo‘yicha 5,9 trln.so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish va o‘sish sur’atini 114,4 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda 20 ta investitsiya loyihalariga 260.3 mln. AQSh dollar, shundan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga 210,6 mln AQSh dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi. 2020 yilda 17 ta loyihaga 357,9 mln. dollar miqdorida investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Matbuot anjumani

Hududlarni sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturlariga asosan dastlabki ro‘yxatga asosan 2019 yilda qurilish materiallari sohasida umumiy qiymati 7,8 trln. so‘mlik jami 1005 ta loyihani amalga oshirish belgilangan edi. O‘tgan hisobot yilining yanvar-noyabr oylarida 866 ta loyihalar bo‘yicha 11,9 trln.so‘mlik mablag‘lar o‘zlashtirildi. Dastlabki shakllantirilgan loyihalar ro‘yxatiga asosan 2020 yilda 423 ta loyihalarga 17,8 trln. so‘m miqdorida investitsiyalar jalb qilish belgilangan.

Davlatimiz rahbarining xorijiy davlatlarga tashrifi davomida ko‘plab yo‘nalishlarda davlatlararo xalqaro kelishuvlarga erishilmoqda. Xususan, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Belarussiya va Janubiy Koreya davlatlariga amalga oshirilgan tashriflar doirasida 2017-2020 yillarda zamonaviy import o‘rnini bosuvchi qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida ilg‘or xorijiy kompaniyalar bilan umumiy qiymati 2 295,3 mln. dollarlik 44 ta Memorandum va Kelishuvlar imzolangan. Shulardan bugungi kunga kelib 312,7 mln.dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirildi. Yirik loyihalar sirasiga “Kvars” AJda float-oyna ishlab chiqarish, «Ohangaronsement» AJda («Yevrotsementgrup») sement ishlab chiqarishni tashkillashtirish, «Anxuy Konch Sement» kompaniyasi tomonidan sement ishlab chiqarish loyihasi kabilar kiritish mumkin. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida import o‘rnini bosuvchi eksportga yo‘naltirilgan zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlar ishga tushiriladi.

Mamlakatimiz qurilish materiallari nafaqat mahalliy balki, jahon bozorida o‘z o‘rniga ega. Buni raqamlarda ham kuzatish mumkin. 2019 yilda uyushma tarkibidagi eksportyor korxonalar tomonidan jami 55,0 mln.dollar miqdorida eksportni amalga oshirish prognozi belgilangan edi. E’tiborlisi, tadbirkorlar tomonidan 85,3 mln. dollar miqdorida eksport amalga oshirilib, belgilangan reja 155 foizga bajarilgan. O‘tgan yilda, gipsokarton plitalari (3933,7 ming doll.), keramik plitka (5428,2 ming doll.), gulqog‘oz (1795,5 ming doll.), qurilish oynasi (2332,5 ming doll.), bazalt kompozitli armatura (1555,5 ming doll.), sanitar-texnik buyumlar (86,1 ming doll.), ohak (2717,0 ming doll.) kabi qurilish materiallarining eksporti amalga oshirildi. 2020 yilda soha korxonalari tomonidan eksport miqdorini 200,0 mln. dollarga yetkazish yoki 2019 yilga nisbatan 142,9 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. Eksport miqdorining oshishi asosan eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar nomeklaturasini ko‘paytirish, eksport geografiyasini yanada kengaytirish hamda eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobiga amalga oshiriladi.

Ma’lumki, keyingi yillarda davlatimiz tomonidan importni qisqartirish, mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yildan-yilga talab ortib borayotgan qurilish materiallari sanoatida bu borada tizimli ishlar amalga oshirilib kelinyapti. Jumladan, 2019 yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida jami 417 mlrd.so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan reja 139 foizga bajarilgan. 2020 yilda 19 ta mahsulot turlari bo‘yicha 770,2 mlrd.so‘mlik mahalliylashtirilgan qurilish materiallari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Jumladan, keramogranit, keramik plitka, santexkeramika mahsulotlari, gulqog‘ozlari, yog‘och qirindili plitalar, linoleum, mineral vata, gazobeton bloklari kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari hamda aholini qiziqtirayotgan shu kabi savollarga tadbir tashkilotchilari tomonidan batafsil javob berildi.

Manba: Matbuot xizmati
Ko'rishlar: 94
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech