Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
25 Oct 2019

Davlatimiz rahbari 2017 yilda Chilonzor tumaniga tashrifi chog‘ida «Orient keramik» korxonasi loyihasini ma'qullagan edi.

Shundan so‘ng foydalanilmayotgan yerda zamonaviy bino qurilib, xorijdan keramika mahsulotlari va kafel' ishlab chiqaradigan uskunalar keltirib o‘rnatildi. Korxona joriy yil iyul' oyida ish boshladi. Uning umumiy qiymati qariyb 14 million dollar bo‘lib, yiliga 3,6 million kvadrat metr keramik mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Prezident Shavkat Mirziyoyev korxonaning ish jarayoni bilan tanishib, mahsulot turlarini ko‘zdan kechirdi.

Mahsulotlar deyarli yuz foiz mahalliy xomashyodan tayyorlanmoqda. Shu bois, xorijnikidan bir necha barobar arzon narxlarda ikchi bozorga chiqarilmoqda. Shuningdek, ularning 30 foizi Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga sotilmoqda. Birgina iyul'-avgust oylarida 500 ming dollarlik eksport qilingan. Ayni paytda bu yerda 270 nafar ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda.

«Orient keramik» mas'uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 2020-2021 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha haqida ma'lumot berildi. Unga ko‘ra, hozirda yurtimizga import qilinayotgan katta o‘lchamdagi keramogranit kafellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yana 700 ta ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari ushbu kompaniya negizida mamlakatimizning har bir hududida kichik korxonalar tashkil etish, logistikaga qulay joylar ajratib, ularni keramik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi klaster tizimida ishlatish, tovarlarni ko‘paytirib, narxni tushirish evaziga eksport hajmini oshirish zarurligini ta'kidladi.

Shu yerda Toshkent shahrida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech