Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
11 Feb 2020

Yangi joriy etilayotgan «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi sohada korrupsiya va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, hozirda zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali qurilish jarayonlarining barcha bosqichida jamoatchilik uchun shaffoflikni ta’minlash maqsadida «Shaffof qurilish» axborot tizimi ustida mutaxassilar ish olib bormoqda. Ushbu tizimning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • ob’ektlar qurilishini moliyalashtirishda pudratchi bilan buyurtmachi o‘rtasida shartnoma imzolangani va avans mablag‘lari to‘langani, oyma-oy bajarilgan ishlarning hisobotini yuritish va bajarilgan ishlarga nisbatan mutanosib ravishda moliyalashtirilgani to‘g‘risidagi aniq va ishonchli ma’lumotlarning elektron bazasini shakllantirish;
  • ob’ektlar qurilishida ishtirok etayotgan barcha pudratchilar va yordamchi pudratchilar haqida ma’lumotlarni yig‘ish, bajarilgan ish hajmlari asosida to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ish turlari bo‘yicha ma’lumotlar bazalarini shakllantirish;
  • ob’ektlarda qurilish jarayonlarini nazorat va monitoring qilishda ularni ro‘yxatga olish, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tekshiruvlarini va ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni qayd etish, ularni bartaraf etish bo‘yicha ma’lumotlar bazalarini shakllantirish kabi qator vazifalarni o‘z ichiga oladi.

Vazirlik xodimlari so‘zlariga ko‘ra, qurilish ekspertizasini raqamlashtirish — loyihachiga masofadan turib, internet orqali loyihasini ekspertizaga jo‘natish imkonini beradi. Ekspertlar esa loyihani ko‘rib chiqib, e’tirozli o‘rinlari bo‘lsa internet orqali loyihachiga qaytarib jo‘natadi. Tayyor holda bo‘lsa, qabul qiladi. Mazkur tizimning qulayligi shundaki, loyihachilarning qog‘oz ko‘tarib sarson bo‘lishining oldi olinadi.

Qurilish jarayonini onlayn monitoring qilish korrupsiyaning oldini oladi

«Yana bir muhim jihati: bunda loyihachi va uning ishini ko‘rib chiqqan inspektor bir-birlarini ko‘rmaydi va tabiiyki natijada korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi», — dedi vazirlik matbuot kotibi Jamoliddin Qalandarov.

«Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi 2021 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasining butun hududida real vaqt rejimida ishlay boshlashi qayd etildi.

Tadbir davomida «Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 20 sentyabrdagi Prezident qarorida belgilangan boshqa muhim vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Manba: Matbuot xizmati
Ko'rishlar: 29
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech