Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
27 Sep 2018

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 25 oktyabrdagi “Respublika qurilish materiallari sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, “O'zqurilishmate riallari” aktsiyadorlik jamiyati qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish, tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish, texnologik va texnik qayta jihozlash uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport potentsialini oshirish, xalqaro talab va standartlarga muvofiq zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish maqsadida qayta tashkil etildi.

Ana shunday talab va ehtiyojlardan kelib chiqib, bugungi kunda mazkur tashkilot qanday islohot va yangiliklarni amaliyotga tatbiq etmoqda? Yurtimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlari qatorida o'z oldiga qanday maqsad va vazifalarni qo'ygan? Mahalliylashtirish va Investitsiya dasturlarining qurilish materiallari sanoati istiqbolidagi o'rni va ahamiyati nimalardan iborat?

O'zA muxbirining “O'zqurilishmateriallari” aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Botir Zaripov bilan suhbati aynan shu savollar asosida bo'ldi.

– Botir Komilovich, tarmoqda so'nggi yillarda qanday o'zgarish va yangilanishlar bo'ldi? Dastlab shu haqda to'xtalib o'tsangiz.

– Bugungi hayot talabi va odamlarimiz istaklari o'zgarmoqda. Xalqimiz haqli ravishda yaxshi yashashga intilmoqda. Bu oddiy gap emas. Dunyodagi voqea-hodisalarni, an'analarni tahlil etib, eng maqbulini turmush tarziga qabul qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan hamqadam va hamnafas ishlashga harakat qilayapmiz. Prezidentimizning hamma narsa inson uchun, uning buguni va kelajagi uchun, degan ezgu g'oyasi xalqimizning yashash tarzi va dunyoqarashini tubdan o'zgartirib yubordi. Barcha fuqarolarimiz kelajakka, ertasi bugundan yaxshi bo'lishiga astoydil intilmoqda va ishonmoqda. Buni birgina shahar va qishloqlarda amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari ko'lami kun sayin kengayib, ommalashib borayotganidan ham anglash mumkin.

Ijtimoiy soha ob'ektlari, noturar va aholi turar joylari uchun sifatli, arzon, zamonaviy qurilish materiallari zarur bo'lmoqda. Qurilish ishlari qiymatining 55-60 foizini qurilish materiallari tashkil etishini, zamonaviy arxitektura yangi, sifatli, arzon, engil va zilzilabardosh, innovatsion qurilish materiallarini talab etishini inobatga oladigan bo'lsak, tarmoq taraqqiyoti ahamiyatini his qilish qiyin emas. 2017 yilga qadar tarmoqda 7 ming 995 korxona mavjud bo'lgan. Ayni kunda yurtimizda 10 ming 552 qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. O'tgan yili 120 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo'lsa, bugungi kunda ular soni 180 dan oshib ketdi.

O'tgan yildagi tarmoq faoliyati haqida gap ketganda, 2017 yilda mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqaradigan tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan 16 trillion 756 milliard so'mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilib, bu ko'rsatkich 2016 yilga nisbatan 122,6 foizga oshganini ko'ramiz. Sanoat ishlab chiqarishdagi ulushi esa 11,6 foizni tashkil etdi. Tahlillar shuni ko'rsatdiki, mamlakat bo'yicha 180 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo'lib, bu turlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar, ya'ni portlandtsement 2 trillion 403 milliard so'mni, chaqiq tosh 1 trillion 395 milliard, tsement, beton va sun'iy toshdan yig'ma konstruktsiyalar 1 trillion 72 milliard, alyuminiydan tayyorlangan konstruktsiyalar 724 milliard, tabiiy qumlar 643 milliard, qora metallardan tayyorlangan konstruktsiyalar 598 milliard, sendvich panellar 580 o'tga chidamsiz keramik g'ishtlar 485 milliard, yog'och qirindisidan plitalar 391 milliard, legirlanmagan po'latdan sovuqlayin deformatsiya qilingan ugoloklar, maxsus va shakldor profillar 355 milliard, quyish uchun tayyorlangan beton 351 milliard, plastmassadan qattiq quvurlar, trubkalar va shlanglar 342 milliard so'mni tashkil etdi. Bular oddiy raqamlar emas, balki mamlakatimizda sohaga qaratilayotgan e'tibor va e'tirof samarasidir.

– Joriy yilning birinchi yarim yillik yakunlari haqida to'xtalsangiz.

– Joriy yilda jamiyat tarkibidagi korxonalar tomonidan jami 3 trillion 800 milliard so'mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va o'sish sur'atini 2017 yilga nisbatan 107 foizga etkazish rejalashtirilgan. Belgilangan reja bo'yicha o'tgan olti oylik natijalarga e'tibor qaratamiz. Bunda 2 trillion 271 milliard so'mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o'sish sur'ati 101 foizga etkazildi. Shuningdek, bu davrda 183,3 milliard so'mlik iste'mol tovarlari ishlab chiqarilishi evaziga o'sish 107,7 foizga ta'minlangani e'tiborga loyiq.

Joriy yilning birinchi olti oyida 3693,1 ming tonna tsement, 6,2 million kvadrat metr qurilish oynasi, 41,9 ming tonna quruq qurilish qorishmalari, 40,7 ming tonna qurilish gipsi, 16,7 ming tonna ohak, 29,7 million dona devorbop materiallar, 3,1 million dona shifer, 25,8 ming dona santexkeramika mahsulotlari kabi sifatli va arzon mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqarildi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida qiymati 518 milliard so'mlik 154 yangi loyiha ishga tushirildi. Natijada 1 ming 938 ta yangi ish o'rni tashkil etildi.

Keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, keramogranit, sendvich panellar, yumshoq tomyopqich materiallari, bazalt armaturasi, suyuq gulqog'oz, issiqlikni saqlovchi materiallarni o'zlashtirishning yo'lga qo'yilishi ham sohada erishilgan yutuqlarimiz hisoblanadi.

– Jamiyat tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tashqi bozordagi o'rnini qanday baholaysiz?

– Albatta, ushbu korxonalar mahsulotlariga tashqi bozorda talab ortib borayotgani – bu haqiqiy bahodir. Jamiyat tizimida eksport hajmi 2016 yilda 12,9 million dollar, 2017 yilda 23,7 million dollarni tashkil etgan bo'lsa, joriy yilning sakkiz oyida 27 million 600 ming dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Reja bo'yicha ko'rsatkich 112,6 foizni tashkil etdi. Bugungi kunda jamiyat tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarilgan keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, quruq qurilish aralashmalari, pishgan g'isht, tabiiy toshdan yasalgan qoplovchi buyumlar, ohak, polipropilen quvurlar, fitinglar singari qurilish materiallariga Rossiya, Ukraina, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston bozorlarida talab ortib bormoqda.

Endilikda ular qatoriga Tojikiston va Afg'oniston ham qo'shildi. Negaki, bu davlatlarga 2017 yildan santexkeramika buyumlari, asbest buyumlar, keramik plitkalar, qurilish oynasi va tsement kabi mahsulotlar eksport qilinmoqda. Qayd etish joizki, jamiyatda qurilish materiallarining eksport salohiyatini oshirish bo'yicha zaruriy choralar ko'rilmoqda. Bu jarayonda eksport qilinadigan mahsulotlar turini ko'paytirish va ularning eksport geografiyasini kengaytirish bo'yicha aniq rejalar belgilab olingan.

Shu maqsadda, Pokiston Respublikasining “Baxriya tavn” yirik kompaniyasiga ishlab chiqarilayotgan 10 dan ortiq qurilish materiallarining namunalari, Belarus Respublikasiga mamlakatimizda mavjud tabiiy pardozbop toshlar, Hindistonga yangi va zamonaviy turdagi qurilish materiali ishlab chiqarish imkoniyatini beradigan tabiiy bazalt toshi namunalari yuborildi.

– Mamlakatimiz iqtisodiyotida investitsiya loyihalarini o'z vaqtida va sifatli amalga oshirish, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishda barcha sohalar, ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarining alohida o'rni bor. Jamiyat tarkibidagi korxonalar faoliyatida bu jarayon qanday kechmoqda?

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 1 avgustdagi “O'zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni investorlar faoliyatiga bo'lgan e'tibor va ularning erkin ishlashi uchun zarur qulayliklar yaratish yo'lida muhim qadam bo'ldi. Jamiyatimiz tarkibidagi korxonalarning aksariyati hamda tarmoq korxonalari faoliyati ham xorijiy sarmoyalar bilan chambarchas bog'liq.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 iyuldagi “2018-2019 yillarda investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga asosan jamiyat tomonidan 2018-2019 yillarda jami loyihalar qiymati 1 milliard 165 million dollarga teng (2018 yilda 227 million dollar, 2019 yilda 566,4 million dollar va istiqbolli loyihalar bo'yicha – 470 million dollar) 16 ta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi belgilangan.

Bugungi kunda investitsiya loyihalarini o'z vaqtida amalga oshirishni ta'minlash bo'yicha aniq muddat va mas'ullarni belgilagan holda “Yo'l xaritalari” ishlab chiqildi. Bundan tashqari, har bir loyiha bo'yicha tarmoq jadvallari tasdiqlandi.

Joriy yilning 8 oyida investitsiya loyihalari bo'yicha 18,7 million dollar o'zlashtirilishi rejalashtirilgan bo'lsa, bu ko'rsatkich amalda 37,1 million dollarni tashkil etdi. 2018 yilning 9 oyi yakuni bilan jami 53,2 million dollar mablag' o'zlashtirilib, belgilangan reja 132,2 foizga bajarilishi kutilmoqda

Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 128,7 million dollar bo'lgan 6 loyiha ishga tushirilishi ta'minlanadi, natijada Jizzax viloyatida yiliga 2,5 ming tonna bazalt armaturasi, Toshkent viloyatining “Angren” erkin iqtisodiy zonasi hududida yiliga 3,5 million kvadrat metr keramik plitka va 180 ming tonna metall armatura, Surxondaryo viloyatida jami 160 ming kvadrat metr tabiiy toshni qayta ishlash orqali gabbro va granit plitalar ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi.

2019 yilda 8 loyiha, jumladan, Farg'ona viloyatidagi “Kvarts” aktsiyadorlik jamiyati bazasida yiliga 20 million kvadrat metr qurilish oynasi, Surxondaryo viloyatida yiliga 150 ming kub metr qamishdan DSP, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida yangi tsement zavodlari hamda Navoiy viloyatidagi “Qizilqumtsement” aktsiyadorlik jamiyatining ikkinchi texnologik liniyasini modernizatsiya qilish hisobiga klinker ishlab chiqarish quvvatini 400 ming tonnaga ko'paytirish kabi yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Mamlakatimizda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 2018-2019 yillarda 26,2 trillion so'mlik 712 ta, shu jumladan, 2018 yilda 927,4 million dollarlik 549 qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi. 2018 yil 1 sentyabr holatiga 549 ta loyiha bo'yicha 4 trillion 232 milliard so'mlik mablag' o'zlashtirildi.

Xususan, Qoraqalpog'iston Respublikasida “Titan tsement” mas'uliyati cheklangan jamiyatida 200 ming tonna tsement ishlab chiqarish uchun 37,5 million dollar, Surxondaryo viloyatida “Surxon tsement invest” xorijiy korxonasida 360 ming tonna tsement ishlab chiqarish loyihasi uchun 46,7 million dollar, Navoiy viloyatida “Zarafshon oyna” mas'uliyati cheklangan jamiyatida yiliga 10 million kvadrat metr qurilish oynasi va 250 million dona shisha idishlar ishlab chiqarish loyihasi uchun 97 million evro, Xorazm viloyatida “Nyu best stayl” mas'uliyati cheklangan jamiyatida 2,1 million o'ram gulqog'oz va 1 million quti gulqog'oz elimi ishlab chiqarish loyihasi uchun 5,7 million dollar, Toshkent viloyati “Angren” erkin iqtisodiy zonasida “Great Wall Ceramic” qo'shma korxonasida yiliga 3,5 million kvadrat metr keramik plitkalar va 200 ming dona sanitar keramikasi ishlab chiqarish loyihasi uchun 24,3 million dollar miqdorida investitsiyalar o'zlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan 212,8 million dollarlik investitsiya mablag'lari o'zlashtirilishi hisobiga Sherobod tsement zavodi qurilib, yiliga 1,5 million tonna tsement va Toshkent shahrida “Pergament kvoliti eksklyuziv” mas'uliyati cheklangan jamiyatida 9,5 million dollar investitsiya hisobiga 2,5 million o'ram gulqog'oz ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.

Shuningdek, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida “Mingyuan silu industry” mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo'shma korxonasida yiliga 24 million kvadrat metr oyna mahsulotlari ishlab chiqarish bo'yicha 110 million dollar o'zlashtirilishi rejalashtirilgan bo'lib, shundan 56,1 million dollari to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalardir. 2017 yilda loyihaning birinchi bosqichida 29 million dollar xorijiy investitsiya o'zlashtirilib, yiliga chetdan import qilinayotgan 4 million kvadrat metr bezakli oyna ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi va 210 ta yangi ish o'rni yaratildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda mavjud qamish va g'o'zapoya asosida DSP ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida yiliga 30 ming kub metr DSP ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilgan bo'lsa, 2018-2019 yillarda Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida yana 50 ming kub metrdan, Surxondaryo viloyatida 150 ming kub metr, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlarida jami 50 ming kub metr DSP to'liq mahalliy xomashyodan ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi.

Ayni kunda, mahalliy xomashyodan energiya tejamkor va qurilishda ishlatishga ancha qulay devorbop gazobeton bloklari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda. Xususan, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Xorazm va Toshkent viloyatlarida jami 1 million kub metrdan ortiq gazobeton bloklari ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. Gazobeton o'zining engilligi, tabiiy gazni 8 marta kam sarflashi, energiya tejamkorligi va eng asosiysi, unumdor tuproqning ishlatilmasligi bilan pishiq g'ishtdan bir necha marotaba afzalligi bilan ajralib turadi.

Albatta, xorijiy, ayniqsa, to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarni jalb etishda axborotning o'z vaqtida hamda manzilli etkazilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, yurtimizdagi imkoniyatlar, davlat tomonidan xorijiy investorlar uchun yaratilgan engillik va imtiyozlardan xorijiy investorlarni etarlicha xabardor qilish investitsiyalarni ko'paytirishga xizmat qiladi.

– Jamiyat tomonidan mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, raqobatdosh, eksportga yo'naltirilgan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini va turini oshirish, shuningdek, yangi turdagi sifatli qurilish materiallariga bo'lgan ichki talabni qondirish bo'yicha qanday ishlar olib borilmoqda?

– Yurtimizga Yaratganning nazari tushgan. Chunki bu zaminda hamma narsa bor. Issig'i ham, sovug'i ham foydali. Mamlakatimizning barcha hududlarida qurilish materiallari xomashyo zaxirasi mavjud. Bu boradagi tahlillarga ko'ra, yurtimizda 924 ta qurilish materiallari xomashyo zaxirasi mavjud konlar aniqlangan. Bugungi kunda ularning 392 tasi, yoki 42,4 foizidan foydalanilayotganiga e'tibor beradigan bo'lsak, mahalliy va xorijiy investorlar uchun bu sohada katta imkoniyatlar mavjudligi tasdiqlanadi. 2016-2017yillarda mamlakat bo'yicha 149 yangi kon aniqlangan, mavjud konlarning 189 tasidan foydalanishga litsenziya berilgan. Asosiy qurilish materiallaridan biri bo'lgan tsementga to'xtalib o'tadigan bo'lsam, bugungi kunda respublikada 14 ta tsement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan yiliga 9,1 million tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Joriy yilda yillik quvvati 3 million 120 ming tonna bo'lgan 8 ta, 2019 yil yakuniga qadar yillik quvvati 4 million 720 ming tonna bo'lgan 9 ta loyiha amalga oshiriladi.

– Tarmoqni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun investitsiyalarni, ayniqsa, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, ushbu sohadagi etakchi chet el kompaniyalari bilan yuqori sifatli zamonaviy qurilish materiallarini keng turda ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma korxonalar tashkil etish borasidagi ishlarga ham to'xtalib o'tsangiz.

– Prezidentimizning Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Turkiya va Janubiy Koreya davlatlariga tashrifi doirasida 2017-2020yillarda zamonaviy import o'rnini bosuvchi qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida ilg'or xorijiy kompaniyalar bilan umumiy qiymati 1459,8 million dollarlik 29 ta kelishuv imzolandi. Bunda tarmoqda 3935 ta yangi ish o'rnini yaratish ko'zda tutilmoqda. Shulardan 12 tasi 2018 yilda, 14 tasi 2019 yilda, 3 tasi 2020 yilda ishga tushiriladi.

Bu borada barcha loyihalar bo'yicha tayyorlov ishlari boshlandi. Farg'onadagi “Kvarts” aktsiyadorlik jamiyatida float-oyna ishlab chiqarish, Toshkent viloyatidagi “Ran tong metall indastri” korxonasida armatura ishlab chiqarish, “Ohangarontsement” aktsiyadorlik jamiyatida tsement ishlab chiqarish ana shunday yirik loyihalar sirasidandir. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida import o'rnini bosuvchi eksportga yo'naltirilgan zamonaviy qurilish materiallarini, shu jumladan, arxitekturaviy oyna (60 million kvadrat metr), sendvich panellar (750 ming kvadrat metr), gulqog'oz (8 million kvadrat metr), granit va marmardan ishlangan buyumlar (580 ming kvadrat metr), tsement (4,4 million tonna), santexkeramika buyumlari (400 ming dona) ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlar ishga tushiriladi.

– Mamlakatimiz qurilish materiallari sanoatining istiqboli to'g'risidagi fikringiz qanday?

– Bugungi kunda tarmoqda jiddiy islohotlarni amalga oshirish talab etilmoqda. Birinchi navbatda sohaga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va bu borada mavjud imkoniyatlarni ishga solishimizni iqtisodiy jarayonlarning o'zi talab etmoqda. Negaki, yangi, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish uchun yangi g'oyalar hamda yurtimizda mavjud bo'lmagan innovatsion texnologik uskunalar zarur bo'lmoqda.

Erkin iqtisodiy munosabatlar asosida faoliyat yuritayotgan ichki va tashqi bozor, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va yangi turdagi mahsulotlarni o'zlashtirishni talab etmoqda. Tarmoqda juda katta zaxira, salohiyat va imkoniyatlar mavjud. Ulardan professional tarzda, oqilona va samarali foydalanish sohaning kelgusidagi istiqbolini belgilab beradi.

O'zA muxbiri Nasiba Ziyodullaeva suhbatlashdi

"@Ozqurilishmateriallari" telegram, "@aouzsm" facebook, "uzbuildmaterials" instagram kanallari orqali yangi ma'lumotlardan xabardor bo'ling.

Manba: O‘zA
Ko'rishlar: 66
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech