Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
28 Mar 2018

Jonajon Ona Vatanimizda bunyodkorlik ishlari kun sayin keng quloch yozib, yangi-yangi bino va inshootlar, ko‘p qavatli turar joylar, madaniy-maishiy ob’ektlar, yo‘llar, ko‘priklar va boshqa ob’ektlar jadal sur’atlar bilan qurilishi bilan birga, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari ham keng ko‘lamda qurilib, ishga tushirilayotganligiga bugungi kunda barcha yurtdoshlarimiz guvoh bo‘lmoqdalar.

Qurilish qancha ko‘p bo‘lsa, qurilish materiallariga bo‘lgan talab va ehtiyoj ham shunchalik ortib boraveradi.

Iste’mol bozorini zamonaviy qurilish materiallari bilan to‘ldirish va unga bo‘lgan talab va ehtiyojni qondirish maqsadida, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan sanoatning boshqa sohalari qatori, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘ini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada, respublikamizning sohaga mutasaddi idorasi bo‘lgan “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yangi-yangi loyihalarni aniqlash, tashabbuskorlarning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni Muhtaram Prezidentimiz hamda davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar va imtiyozlar bilan tanishtirish, bir so‘z bilan aytganda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida, barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq, xorijiy investorga xalqaro normalarda belgilangan barcha imtiyoz va ustuvorliklar, shu jumladan xorijiy investorlarning mulki dahlsizligi, moliyaviy mustaqillik, mablag‘larni erkin tasarruf etish, tashqi savdoda, shuningdek mehnat munosabatlarida erkinlik taqdim etilganligi bilan birga, soliq, bojxona, valyuta imtiyozlari berilgan hamda kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarda ham mahalliy investorlar kabi bir xil yondashuv sharoitlari yaratilgan.

Ayniqsa, respublika hududlarida Erkin iqtisodiy hududlarda alohida tartib o‘rnatilgan bo‘lib, ularning ishtirokchilariga, ayniqsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritgan chet ellik tadbirkorlarga yer, daromad, mol-mulk va boshqa soliq hamda majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyoz va yengilliklar berilgan.

Tegishli imtiyozlar kiritilgan investitsiya hajmidan kelib chiqib 3 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatga, xususan:

  • 300 ming AQSh dollaridan 3 mln. AQSh dollarigacha – 3 yilga;
  • 3 mln. AQSh dollaridan 5 mln. AQSh dollarigacha – 5 yilga;
  • 5 mln.AQSh dollaridan 10 mln. AQSh dollarigacha – 7 yilga;
  • 10 mln. AQSh dollari va undan ziyodga – 10 yilga tegishli imtiyozlar va yengilliklar taqdim etilgan.

Xorijiy investorlarga yaratilgan imtiyoz va yengilliklar samarasi natijasida, “Jizzax” erkin iqtisodiy hududi”da ham xorijiy investorlar tomonidan yirik investitsiya loyihalari muvaffaqiyat bilan amalga oshirilmoqda.

Xususan, Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda, Jizzax shahrida tashkil etilgan “Minguan Silu industry” mas’uliyati cheklangan shaklidagi qo‘shma korxonasi tomonidan, umumiy qiymati 110 mln AQSh dollarlik, yiliga 24 mln. kvadrat metr oyna mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega loyihaning, 2017 yilning dekabr oyida ishga tushirilgan birinchi bosqichida, 29 mln.dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, yiliga 4 mln. kvadrat metr turli bezakli oyna ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va 210 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, Forish tumanida “Mega Invest Industrial” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston - Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi tomonidan, umumiy qiymati 61,1 mln.dollarlik, shundan 36,4 mln.dollar bank krediti, 17,6 mln.dollar xorijiy investitsiya, 7,1 mln. dollar ekvivalentidagi korxonaning o‘z mablag‘i hisobiga, yiliga 2500 tonna bazalt tolasidan zamonaviy qurilish materiali bo‘lgan armatura ishlab chiqarish loyihasining birinchi bosqichi ishga tushirildi hamda 90 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Mazkur yuqori sifatli zamonaviy qurilish materiallari ichki bozorda sotilishi bilan birga, xorijga eksport qilinadi.

Manba: O'zA
Ko'rishlar: 310
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech