Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
5 Dec 2017

Yurtimizda bunyodkorlik ishlari kun sayin keng quloch yozib, yangi-yangi bino va inshootlar, ko‘p qavatli turar joylar, madaniy-maishiy obyektlar, yo‘llar, ko‘priklar va boshqa obyektlar jadal sur’atlar bilan qurilishi bilan birga, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari ham keng ko‘lamda qurilib, ishga tushirilmoqda. Qurilish qancha ko‘p bo‘lsa, qurilish materiallariga bo‘lgan talab va ehtiyoj ham shunchalik ortib boraveradi.

Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2017 yilning 9 oyida 11 trillion 272 milliard so‘mlik bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105,3 foizga o‘sish ta’minlangan.

Asosiy faoliyat yo‘nalishi yangi-yangi loyihalarni topish, tashabbuskorlarning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar va imtiyozlar bilan tanishtirish, bir so‘z bilan aytganda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘lgan “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 25 oktyabrdagi “Respublika qurilish materiallari sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, qurilish materiallari sanoati tuzilmasini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish, texnologik va texnik qayta jihozlash uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish hamda uning eksport potensialini oshirish, xalqaro talab va standartlarga muvofiq zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, yangi quvvatlarni barpo etish va kam resurs va energiya sarf etgan holda, zamonaviy, raqobatbardosh, eksportbop qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli amaliy ishlarni amalga oshirmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan soha mutasaddilari oldiga qo‘yilgan vazifa va topshiriqlarni so‘zsiz bajarish, sanoatning qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishini yanada rivojlantirish maqsadida, yangi-yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, qurilish materiallarining kam resurs va energiya talab etadigan zamonaviy turlarini ishlab chiqarishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Birgina, 2017 yilning 11 oyida respublikamiz bo‘yicha 1977 ta, umumiy qiymati 1 trln. 829 mlrd.so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilib, 881 mlrd. loyiha tashabbuskorlarining o‘z mablag‘i, 773 mlrd. so‘m tijorat banklari kredit mablag‘lari, 41,6 mln. dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi hamda 22,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Birgina misol, Samarqand shahar, Farhod qo‘rg‘onida “Praym Keramiks” O‘zbekiston-Shvetsariya-Omon davlati qo‘shma korxonasida 1-bosqichda 46 mln. dollar mablag‘ o‘zlashtirilishi natijasida, Italiya texnologiyasi asosida yiliga 2,75 mln. kv.m katta o‘lchamdagi keramik qoplamali plitkalar ishlab chiqarish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi hamda ushbu korxonada 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Mazkur loyihaning 2018 yilning 4-choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan 2-bosqichida jami 12 mln. dollar, shundan 2 mln. dollar korxonaning o‘z mablag‘i, 10 mln. dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi natijasida, bir yilda 2750 ming kv.m. pol keramik plitkalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi hamda 100 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.

Shu bilan birga, 2018 yilda umumiy qiymati 596,2 mln. dollar bo‘lgan 22 ta yirik ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish mo‘ljallangan bo‘lib, ushbu bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish uchun 90,84 mln. dollar loyiha tashabbuskorlarining o‘z mablag‘i, 286,8 mln. dollar tijorat banklari kredit mablag‘lari, 218,6 mln. dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi (loyihalar ro‘yxati 3 varaqda ilova etiladi).

Birgina misol, Jizzax shahridagi “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida qurilayotgan, O‘zbekiston-Xitoy “Miguan silu indastriy” qo‘shma korxonasi tomonidan 100 foiz 110 mln. dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi natijasida yillik quvvati 24 mln. kv.m. bezakli, float va ultrayupqa oynalar ishlab chiqarishning 1-bosqichi, joriy yilning dekabr oyida, 2-bosqichi keyingi yilning 4-choragida yo‘lga qo‘yiladi, natijada 391 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Yurtimiz zamini qurilish materiallari sanoati uchun boy mineral-xom ashyo resurslariga ega.

Respublika hududida jami mingga yaqin qurilish materiallari, shu jumladan granit va marmar, sement xom-ashyosi, g‘isht va cherepitsa xom-ashyosi, qum-shag‘al aralashmasi, gil, bentonit gil, izvest, dolomit, granit, gipsli tosh, granosiyenit-porfir, valun-qumli-gravir, ohaktosh, kaolin, marmarlashgan ohaktosh, granodiorit konlari aniqlangan bo‘lib bugungi kunda ular bazasida devorbop materiallar, tabiiy tosh mahsulotlari va boshqa qurilish va pardozlovchi materiallar, sement, asbotsement mahsulotlari va bog‘lovchi materiallar ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritmoqda.

Mazkur qurilish materiallari xom ashyo zahiralari mavjud konlarning 37 foizidan foydalanilayotgan bo‘lsa, 63 foizidan foydalanilmayapdi. Bu raqamlar sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyalar mavjudligini ko‘rsatadi.

Respublika qurilish materiallari bozorini mahalliy xom-ashyolardan ishlab chiqarilgan, halqimizga manzur yuqori sifatli, zamonaviy qurilish materiallari bilan to‘liq ta’minlash, eksport hajmini oshirish tarmoqning bugungi kundagi asosiy maqsadi va vazifasi hisoblanadi.
Mazkur loyihalarni amalga oshirishda jamiyatning har bir mutasaddi xodimlari tomonidan mahalliy hokimliklar hamda tegishli idora va tashkilotlarning mas’ul vakillari bilan hamkorlikda hisob-kitoblarning asoslanganligi, kafolatlangan moliyalashtirish manbalari va erishiladigan prognoz natijalarning aniqligiga asosiy e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu ezgu maqsadlarni yuqori saviyada, samarali va natijali amalga oshirishimiz uchun mamlakatimiz Prezidenti va Hukumati tomonidan barcha imkoniyat va sharoitlar yaratib berilgan bo‘lib, aniq maqsad va vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishga zaruriy imkoniyatlar mavjud.

Manba: Axborot xizmati
Ko'rishlar: 51
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech