Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
22 May 2020

Toshkent viloyati tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun tabiiy boyliklari va geografik joylashuvi jihatidan boshqa hududlarga qaraganda ancha qulay hisoblanadi. Shu bois bu yerda sanoatning barcha turlari yildan-yilga taraqqiy etib, ishlab chiqarish hajmlari ortib bormoqda. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali yangi korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Toshkent viloyati

Bu borada “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan viloyat hokimligi bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, 2020-2022 yillarda viloyatda energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha xorijiy investorlar ishtirokida 6 ta yirik loyiha ishga tushiriladi. Jumladan, “Ohangaronsement” AJ hududida yana bir yangi sement zavodi qad rostlamoqda. E’tiborlisi, mazkur zavod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga bunyod etilyapti. Loyihaning umumiy qiymati 160 mln dollarni tashkil etadi. Yillik quvvati 2,4 mln tonna bo‘lgan korxona joriy yili o‘z ishini boshlaydi. E’tiborlisi, bu yerda 400 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Gazobeton bloklari ishlab chiqarish bo‘yicha ham eng yirik loyihalar ushbu hududda amalga oshirilmoqda. "East Manning Invest" MChJ QK tomonidan yillik quvvati 500 ming kub metr bo‘lgan korxona bunyod etilyapti. Loyiha qiymati 22 mln dollar bo‘lib, bu yerda 100 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Hozirda so‘nggi qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur zavod ham joriy yili foydalanishga topshirishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Angren shahrida "Ecoton sharq" MChJ tomonidan yiliga 300 ming kub metr gazobeton bloklari ishlab chiqarish imkoniyatiga ega korxona ham tashkil etiladi.

Toshkent viloyati

Energiya tejamkor, innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish hozirgi kunning eng muhim masalasi hisoblanadi. Shu bois Toshkent viloyatida “ANGREN INSULATION” MChJ QK tomonidan yangi loyiha amalga oshirilyapti. Hududda yiliga 30 ming tonna shisha tolasidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani qurilish ishlari boshlab yuborildi. Qiymati 15,7 mln dollar bo‘lgan tadbirkorlik sub’ekti 2021 yilning uchinchi choragida foydalanishga topshirilishi belgilangan. Angren shahrida shuningdek, "Lyuks Stoun" MChJda yiliga 100 ming kv metr yangi qurilish materiali ya’ni shisha kristalit ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Yuqori Chirchiq tumanida esa shaharsozlikda eng muhim bo‘lgan qurilish materiali uy qurilish kombinatini tashkil etish loyihasi amalga oshirilyapti. "Yevro Global Invest" ShKda eshik, oynasi o‘zida mujassamlashtirgan beton bloklari ya’ni yarim tayyor uylar ishlab chiqariladi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi mamlakatimizda bino va inshootlarni barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Manba: Matbuot xizmati
Ko'rishlar: 43
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech