Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
14 Jan 2019

“Knauf Gips Buxoro” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona faoliyati tobora rivojlanib borayotir. Chet ellik ta’sischi tomonidan 16 million yevro miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilishi tufayli o‘tgan yili may oyida bu yerda gipsokarton – Knauf qoplamalari ishlab chiqarish hajmi kengaydi.

– Yangi loyiha natijasida korxonamizning ishlab chiqarish quvvati 40 foizga oshdi, – deydi “Knauf Gips Buxoro” MChJ shaklidagi xorijiy korxona direktori o‘rinbosari O‘tkir Jumayev. – Boshqacha aytganda, biz yiliga 33,5 million kvadrat metr gipsokarton tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ldik. Shu tariqa, buyurtmachilarimizning mazkur qurilish materialiga oshib borayotgan ehtiyojini ta’minlayapmiz. Albatta, mahsulotimiz eksport ham qilinmoqda.

Buxoro viloyatida iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiya, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Birgina 2018 yilda chet ellik investorlar ishtirokidagi 22 ta loyiha doirasida 110 million AQSh dollarilik sarmoya o‘zlashtirildi. Loyihalarning 4 tasi amalga oshirildi.

“BCT Clucter” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonaning Romitan tumanidagi agrokompleksi moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanmoqda. Ta’sischi – Rossiyaning “Petromaruz” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritilgan 8 million AQSh dollari miqdoridagi sarmoya hisobidan 210 ta zamonaviy traktor, ekskavator, 139 ta kultivator va boshqa texnikalar xarid qilindi. Bu esa, paxta yetishtirish bilan bog‘liq barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

Mamlakatimizda, jumladan, Buxoro viloyatida barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishishni ta’minlashga qaratilgan investitsiya siyosati izchil va yuqori sur’atlarda davom ettirilmoqda. Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida mazkur yo‘nalishda katta marralar belgilangan. Masalan, viloyatda umumiy qiymati o‘tgan yilga nisbatan ikki barobardan ziyod, ya’ni 246 million AQSh dollariga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan 19 ta loyiha o‘zlashtiriladi hamda qo‘shimcha chet el sarmoyalari jalb etiladi.

Viloyat hokimi rahbarligidagi voha delegatsiyasi o‘tgan yili amaliy hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Belgiya, Niderlandiya mamlakatlarida bo‘lib, qator xorijiy kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Xalqaro miqyosda o‘tkazilgan “Buxoro-agro“ forumi doirasida logistika markazlariga ega zamonaviy issiqxonalar va boshqa ishlab chiqarishlar tashkil etish bo‘yicha shartnomalar imzolandi, kelishuvlarga erishildi. Joriy yilda Turkiyaning “Varnet” kompaniyasi tomonidan Buxoro tumanida bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan issiqxonalar qurish loyihasi ham xalqaro hamkorlik natijasi bo‘ldi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritayotgan “BCT Cluster” xorijiy korxonasi joriy yilda Buxoro shahrida umumiy loyiha-smeta qiymati 52,6 million dollar bo‘lgan to‘qimachilik kompleksini ishga tushiradi. Korxona yiliga 8 ming tonna ip-kalava, mazkur xomashyo asosida 9 million pagon metr ip-gazlama ishlab chiqaradi hamda tayyorlangan matoning bir qismidan 500 ming dona tayyor jinsi mahsulotlari tikiladi. Loyihaning eng muhim jihati shundaki, bu yerda 1000 kishi ish bilan ta’minlanadi.

Zamonaviy va sifatli tibbiy xizmat tashkil qilishda ham xorijliklar bilan hamkorlikning o‘rni alohida. Buxoro shahrida Janubiy Koreyaning “Korea Medikal Fund Sangwon Clinic Humchan” kompaniyasi mazkur sohaga 5 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kirityapti. Ushbu sarmoya hisobiga bo‘shab qolgan Bank kolleji binosida ortopedik, neyrojarrohlik, reabilitatsiya va fizioterapiya markazi tashkil etiladi. Hozirgi paytda xorijiy hamkor tomonidan bino-inshootlarni rekonstruksiya qilish va klinika faoliyatiga moslashtirish ishlari olib borilayotir.

Viloyatda xorijiy investitsiyalar hisobidan qator qo‘shimcha loyihalar amalga oshiriladi. Shulardan biri Xitoyning “Xinjiang Runtian Wangluo Keji Youxian Gonsi” kompaniyasi sarmoyasi ishtirokida tashkil etiladigan qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonasidir. Umumiy qiymati 68,8 milliard so‘mlik mazkur sub’ekt iste’molchilarga yiliga 150 ming tonna gips aralashmasi, 10 million kvadrat metr gipsokarton qoplamasi va 80 ming tonna quruq gips aralashmasi yetkazib berish quvvatiga ega bo‘ladi.

Buxoroda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida soha infratuzilmasini mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Bu borada xorijiy investitsiyalardan ham keng foydalanilmoqda. Xitoyning “Beston Machinary” So L.T.D” kompaniyasi “Zarafshon”, Buyuk Britaniyaning “Wide tent system” kompaniyasi “Buxoro Palas” mehmonxonalarini mos ravishda 3 va 3,4 million dollar miqdorida investitsiya kiritgan holda, rekonstruksiya qilish ishlarini nihoyasiga yetkazishadi. Ancha yillardan buyon ishlamayotgan mazkur yirik ob’ektlar faoliyatining zamonaviy qulayliklarga ega holda tiklanishi Buxoro shahrining sayyohlarni qabul qilish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

Yaqinda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari loyihalar uchun mo‘ljallangan joy zarur infratuzilma tarmoqlariga ega bo‘lishi investorlarning yagona talabi ekanini ta’kidladi. Investitsiya loyihalarini to‘g‘ri joylashtirish ayni shu jihatdan muhimdir. Bu xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish, ko‘plab ish o‘rinlari yaratish va katta daromad olishning muhim omili bo‘lgan sanoatni tizimli rivojlantirishga xizmat qiladi.

2018 yilda tashkil etilgan “Buxoro agro” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda investorlar uchun ajratiladigan yerlar hududining avtomobil trassalari va temir yo‘lga yaqinligi, gaz, elektr energiyasi tarmoqlari va suv bilan ta’minlangani inobatga olindi.

– Davr erishilgan va erishilayotgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslikni, doimo izlanish va tashabbus ko‘rsatib ishlashni taqozo etmoqda, – deydi viloyat investitsiyalar bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i Hayot Davlatov. – Shuning uchun ham viloyat hokimligi tomonidan Xitoy kompaniyalari bilan qamishni qayta ishlash, issiqxonalar tashkil etish, Chexiya, Germaniya, Ispaniya kabi mamlakatlar investitsiyalari ishtirokida shisha mahsulotlari ishlab chiqarish, mehmonxonalar qurish, turizmni rivojlantirish bo‘yicha tizimli muzokaralar olib borilayotir. Shu bilan birga, Buxoro viloyatiga biriktirilgan mamlakatimizning Xitoy, Isroil, Indoneziya va qator musulmon davlatlaridagi elchixonalari bilan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

Manba: O‘zA
Ko'rishlar: 118
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech