Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
31 May 2018

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi tashkil etilishi va joriy yilni aynan Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili, deb nomlanishi ham bu boradagi ezgu ishlarning yanada jadallashishiga keng yo'l ochmoqda.

Ayniqsa, hukumatimiz tomonidan tadbirkorlikka keng imkoniyat va imtiyozlar, engilliklar berilayotgani, iqtisodiyotning barcha sohalari kabi sanoatning qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog'i ravnaqida, “O'zqurilishmateriallari” aktsiyadorlik jamiyati hamda mahalliy hokimliklar tomonidan samarali qo'shimcha chora-tadbirlar ko'rilishida muhim omil bo'layotir. Xususan, mazkur tarmoqda amalga oshirilayotgan ishlar va o'zgarishlarni birgina Farg'ona viloyati misolida ham ko'rishimiz mumkin.

Viloyat sanoatida qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog'i allaqachon o'z o'rnini egallab ulgurgan. Chunki “Kvarts”, “Quvasoytsement”, “Quvasoyshifer” kabi korxonalarning sifatli mahsulotlari nafaqat mamlakatimiz, balki qo'shni davlatlardagi har bir xonadonga kirib borgan.

Buning sababi esa korxonalar faoliyatini takomillashtirish, mahsulot hajmi va turini ko'paytirish, ichki bozor talabini to'liq qondirish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan bog'liqdir.

Yana bir jihati, bugun mamlakatimizning har bir fuqarosi zamon talabiga mos uy-joy bunyod etish istagi bilan yashamoqda. Ularning aynan shu istagining amalga oshirish uchun qurilish qiymatining 50-60 foizini tashkil etadigan qurilish materiallarining hajmi, turlari va sifati, narxi va zamonaviyligi bugun barcha uchun qiziqarlidir. Qurilish materiallarining har jihatdan pishiq va sifatli bo'lishi, ularning yangi turlarini aholi ehtiyoji uchun qo'llashda tarmoqda amalga oshirilayotgan loyihalar muhim ahamiyat kasb etadi.

Keling, shu o'rinda viloyatda bu borada bajarilgan ishlar natijasiga ahamiyat qarataylik.

2017 yil viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo'yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash bo'yicha umumiy qiymati 171,2 milliard so'm bo'lgan 154 loyiha ishga tushirildi. Buning natijasida 3 ming 272 yangi ish o'rni yaratildi. Loyihalarning 116,3 milliard. So'mi tashabbuskorlarning o'z mablag'lari, 54,8 milliard so'mi tijorat banklari krediti hisobiga to'g'ri keladi.

Bu jarayonda Farg'ona shahridagi “Moderna Keramiks Indastri Farg'ona” qo'shma korxonasi faoliyati ham e'tiborga loyiq. Masalan, bu erda umumiy qiymati 13 milliard so'mlik kafel ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi amalga oshirilishi evaziga 100 ta yangi ish o'rni vujudga keldi. Bu yana yiliga 2,2 million dollarlik mahsulotni eksport qilish imkonini berdi. Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu yangilik tufayli endi korxona mahsulotlari Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston bozorlariga kirib bordi va xaridorlar ishonchini oqladi.

Korxonaning joriy yilgi yutug'i yana bir loyiha bilan bog'liq. Ya'ni, korxona umumiy qiymati 42,1 milliard so'mlik loyihani amalga oshiradi. Endigi maqsad ishlab chiqarish quvvatini ikki baravar oshirishdir. Qo'qon shahrida “Mir granita” korxonasida erishilgan natijalar ham salmoqli. Bu erda umumiy qiymati 2,5 milliard so'm bo'lgan granit plitkalari ishlab chiqarish loyihasining amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 90 ta ish o'rni yaratildi. Shuningdek, “Mebel xom-ashyo” korxonasi umumiy qiymati 5 milliard so'm bo'lgan DSPga qoplamalar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish hisobiga 40 ta ish o'rni, O'zbekiston tumanidagi “Sho'rsuv hamkor biznes kapital” korxonasi umumiy qiymati 8,2 milliard so'm bo'lgan zamonaviy energotejamkor usulda ohak ishlab chiqarishning tashkil etilishi natijasida 30 ta ish o'rnini yaratishga imkon bo'ldi.

Dang'ara tumanida “Vodiy toza havo” korxonasi tomonidan umumiy qiymati 3,9 milliard so'mlik taxtani laminantlash loyihasi amalga oshirilishi natijasida yaratilgan 20 ta yangi ish o'rni ham aholiga qulaylik bo'lishi uchun izlanayotgan imkoniyatlardan. Hududda mavjud qurilish materiallari xom ashyo zaxiralari mavjud 48 ta noruda foydali qazilma konlarining 20 tasidan foydalanilmoqda. Shu bilan birga, viloyatning O'zbekiston, Farg'ona, Bag'dod, So'x, Buvayda, Dang'ara, Oltiariq, Beshariq, Quva, Yozyovon, Toshloq, Uchko'prik tumanlaridagi 28 ta gips, ohaktosh, mineral bo'yoqlar, keramzit, tabiiy pardozbop toshlar, qurilish toshlari, qum-shag'al aralashmasi kabi konlar mavjudligi bu borada nafaqat mahalliy tadbirkorlar, balki xorijiy investorlarga keng imkoniyatlar ochadi.

Ana shunday ehtiyoj va qurilish materiallariga bo'lgan talablardan kelib chiqib, viloyatda 2018-2019 yillarda umumiy qiymati 1 trillion so'mdan ortiq 80 ga yaqin loyihani amalga oshirish hamda 2,5 mingdan ortiq yangi ish o'rnini vujudga keltirish bo'yicha maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2018-2019 yillarda o'nga yaqin yangi qurilish materiallari, ya'ni shurup va samorez mixlar, friz (keramik plita), DSP uchun laminat plyonkalari, folgali ruberoid, metallashtirilgan plyonkalar, santexnika mahsulotlari, gazobeton, travertin ishlab chiqarish yo'lga qo'yilishi rejalashtirilgan.

Masalan, Quvasoy shahrida “Kvarts” aktsiyadorlik jamiyati qiymati 60 million dollar miqdorida bo'lgan yiliga 20 million kv.metr yuqori sifatli float (avtomobillar, arxitekturaviy va qurilish) oynasi ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish evaziga 250 ta, O'zbekiston tumanida “Turon eko tsement” korxonasi 130 milliard so'm hisobiga yiliga 700 ming tonna tsement ishlab chiqarish natijasida 100 ta, Farg'ona tumanida “Eko keramika” korxonasi tomonidan 32 mililard so'm hisobiga yiliga 100 ming dona import o'rnini bosuvchi santexnika mahsulotlari (sanfayans) ishlab chiqarish asosida 180 ta va Farg'ona shahrida “V end B Kemikal” korxonasi 26,5 milliard so'm o'zlashtirilishi hisobiga yiliga 3,6 million dona friz (keramik plitkalar) ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish tufayli 50 ta yangi ish o'rnini yaratish maqsad qilingan.

Muxtasar aytganda, tadbirkorlik biznes faoliyatini innovatsion, ya'ni zamonaviy yondashuvlar, ilg'or texnologiya va boshqaruv usullari asosida tashkil etadigan iqtisodiy yo'nalishdir. Bu yo'nalish ravnaqida o'zaro raqobatni shakllantirish asosiy omillardan. O'zaro raqobat esa barcha ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini jadallashtirib, xalq manfaati yo'liga xizmat qilishga zamin yaratadi. Zero, yurt ravnaqi, uning iqtisodiy imkoniyatlarining kengayishi tadbirkorlik rivojiga bog'liqdir.

Nasiba Ziyodullaeva, O'zA

Manba: O'zA
Ko'rishlar: 134
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech