Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
10 Aug 2018

“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu jamiyat tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tashqi bozorda ham o‘z o‘rnini egallagan.

Jamiyat tizimida joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 22 million 41 ming dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Reja bo‘yicha ko‘rsatkich 103 foizni tashkil etdi.

Bugungi kunda jamiyat tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarilgan sopol plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, quruq qurilish aralashmalari, pishgan g‘isht, tabiiy toshdan yasalgan qoplovchi buyumlar, ohak, polipropilen quvurlar, fitinglar singari qurilish materiallariga Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlari bozorlarida talab ortib bormoqda.

Endilikda ular qatoriga Tojikiston va Afg‘oniston ham qo‘shildi. Negaki, bu davlatlarga 2017 yildan santexkeramika buyumlari, asbest buyumlar, sopol plitalar, qurilish oynasi va sement kabi mahsulotlar eksport qilinmoqda.

Qayd etish joizki, jamiyat qurilish materiallarining eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rmoqda. Bu jarayonda eksport qilinadigan mahsulotlar turini ko‘paytirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olingan.

Shu maqsadda Pokiston Respublikasining «Baxriya tavn» yirik kompaniyasiga ishlab chiqarilayotgan 10 dan ortiq qurilish materiallarining namunalari, Belarus Respublikasiga mamlakatimizda mavjud tabiiy pardozbop toshlar, Hindiston Respublikasiga yangi va zamonaviy turdagi qurilish materiali ishlab chiqarish imkoniyatini beradigan tabiiy bazalt toshi namunalari yuborildi.

Albatta, bunday sa’y-harakatlar O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar, xususan, Pokiston, Belarus va Hindiston davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA.

"@Ozqurilishmateriallari" telegram, "@aouzsm" facebook, "uzbuildmaterials" instagram kanallari orqali yangi ma'lumotlardan xabardor bo'ling.

Manba: O‘zA
Ko'rishlar: 105
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech