Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
24 Sep 2019

Mamlakatimizda so‘nggi 3 yilda ko‘plab yirik loyihalar ishga tushirilib, ulkan bunyodkorliklar ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, zamonaviy, ko‘rkam bino va inshootlar, bir-biridan shinam ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. Albatta, bunday keng ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirishda sifatli va jahon standartlariga to‘la javob beruvchi, eksportbop qurilish materiallariga bo‘lgan talab ortadi. Shu bois, yurtimizda ko‘plab turdagi qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish, bu borada yangi quvvatlarni ishga tushirishga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, mamlakatimizda sifatli qurilish materiallarini ishlab chiqarish, bu boradagi ehtiyojni to‘laqonli qondirish, ushbu yo‘nalishda yirik loyihalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 20 fevraldagi PQ-4198 qaroriga ko‘ra “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tashkil etildi. Unga ko‘ra, sohaga oid barcha yo‘nalishlar, rejalar belgilab berildi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil avgust oyida Toshkent viloyatiga tashriflari davomida hududning tabiiy yer osti va usti boyliklaridan unumli foydalanish, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlarni yo‘lga qo‘yish, bu yerda umumiy qiymati 1 mlrd. AQSh dollari bo‘lgan yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Unga ko‘ra “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan 2018-2021 yillarda Toshkent viloyatida qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 1 mlrd. AQSh dollari bo‘lgan manzilli ro‘yxati ishlab chiqildi. 49 ta loyihani viloyatning Angren, Olmaliq, Yangiyo‘l, Bekobod, Yuqori Chirchiq, Oxangaron kabi yirik shaharlarida amalga oshirilishi belgilab olindi. Xorijiy hamkorlar, investorlar jalb qilindi. Olib borilgan say'i-harakatlar natijasida 2018 yil va joriy yilning shu davrigacha jami qiymati 201 mln. 200 ming AQSh dollari bo‘lgan 16 ta loyiha hayotga tadbiq etildi. E'tiborga molik jihati shundaki, mazkur ishlarga 47 mln. 900 ming AQSh dollari miqdoridagi chet el investisiya va 56 mln. 800 ming AQSh dollari xorijiy kredit liniyasi jalb etildi.

Tahlillarga ko‘ra, 2018 yilda viloyatda temir beton, metallokonstruksiya, profnastil va alyumin profillar, pardozbop pishiq g‘isht, plastik quvurlar, granit bardyurlar va keramik plitkalar ishlab chiqarish bo‘yicha 10 ta loyiha amalga oshirilgan. Bulardan 4 tasi Angrenda, 2 tasi esa Ohangaron shaharlarida amalga oshirilgan.

E'tiborli jihatlaridan yana biri, qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Xitoyning “Urumqi Haiyuanshengda Import and Export LTD”, “Hong Kong ZRC Technology”, “Zenith Mining&construction”, Turkiyaning “Dal Texnik Makina”, Italiyaning “SITI B&T Group” kompaniyalari bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirildi.

Joriy yilgi yirik loyihalardan biri Angren shahridagi yiliga 2,9 mln. kv. metr keramogranit ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Lyux Granit” MChJning tashkil etilishidir. Ushbu korxonaga Italiyaning “SITI B&T Group” kompaniyasi tomonidan 2,7 mln. AQSh dollari bo‘lgan investisiyasi jalb qilindi. Natijada, yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi va 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Qayd etish kerak, mazkur korxona tayyor mahsulotlarning 20 foizini xorijga eksport qilishni rejalashtirgan. Manzilli ro‘yxatga ko‘ra, Angrenda sanitar texnik buyumlar ishlab chiqaruvchi “Great Wall Ceramics Industrial” MChJ XK va plastik truba va fitinglar tayyorlovchi “Sistem Plastic” MChJ QK ham tashkil etildi.

Ohangaron tumanida ham yangi loyiha amalga oshirildi. Yillik quvvati 112 mln. dona keramik bloklar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Build Innovation” MChJ tashkil etildi. Loyihaning umumiy qiymati 36,1 mln. AQSh dollari bo‘lib, ushbu korxona yurtimizda keramik bloklarga bo‘lgan talabni to‘la qondira oladi. Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida esa bir yo‘la 2 ta loyiha amalga oshirildi. Bular asfal't-beton va eshik-deraza romlari ishlab chiqaruvchi “Evro Global Asfal't” ShK va “Global Invest Byuild” ShKlardir. Tumandagi loyihalarning umumiy qiymati 11,7 mln. AQSh dollarini tashkil etadi.

Albatta, bunday keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlarini qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohasini yangi bosqichga olib chiqadi. Zamonaviy texnologiyalar joriy etilib, nafaqat mahalliy balki, jahon bozorlari ham sifatli mahsulotlar bilan ta'minlanadi.

Joriy yil yakuniga qadar yana 9 ta ana shunda loyihalarni ishga tushirilishi rejalashtirilgan.


“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi
Matbuot xizmati

Manba: Matbuot xizmati
Ko'rishlar: 90
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech