Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
27 Nov 2019

Mamlakatimiz qurilish sanoati va xalq xo‘jaligida yog‘och-qirindili plitalar (DSP)ga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Shu bois, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan import o‘rnini bosuvchi, mahalliy xom-ashyodan foydalangan holda sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yurtimizda keng yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qator investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yog‘och-qirindili plitalar (DSP) hamda ularning muqobil turlarini ishlab chiqarishga alohida e'tibor qaratilgan.

Uyushmaning 2019-2021 yillarda mahalliy xom-ashyodan DSP mahsulotlari ishlab chiqarish investisiya loyihalari ro‘yxatiga ko‘ra, umumiy qiymati 80 mln. 800 ming AQSh dollari bo‘lgan jami 595 ming kub metr yillik quvvatga ega 11 ta loyiha amalga oshiriladi va natijada ushbu mahsulotga bo‘lgan talabni to‘liq qoplash imkoniyati yaratiladi.

Ayni paytda, ushbu yo‘nalish bo‘yicha 3 ta korxona o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, ularning yillik quvvati 70 ming kub metrni tashkil etadi. Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida “Termiz Ta'minot” MChJ va Sirdaryo tumanida joylashgan “Fayz” MChJ qo‘shma korxonalari qamish va g‘o‘zapoyadan DSP ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, O‘zbekiston tumanidagi “Yaypan vodiy laminati” MChJ esa terak va boshqa yog‘och qipiqlaridan ana shunday mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Dasturga ko‘ra, 2020 yilda Surxondaryo viloyatida umumiy yillik quvvati 195 ming kub metr bo‘lgan 2 ta loyiha amalga oshiriladi. Navoiy erkin iqtisodiy zonasida esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investisiyasi yo‘naltirilgan umumiy qiymati 7,5 ming AQSh dollari bo‘lgan korxona foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida esa “Mo‘ynoq LDSP” MChJ tomonidan umumiy qiymati 8 mln. AQSh dollari (shundan, o‘z mablag‘i 2,6 mln. AQSh dollari, chet el bank krediti 5,4 mln. AQSh dollari) hisobiga qamishdan DSP ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Natijada, mazkur korxonada yiliga 50 ming kub metr DSP ishlab chiqariladi va 200 ta doimiy va 500 ta mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ham DSPning muqobil turlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar ustida ishlar olib borilyapti.

Qayd etish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ushbu yo‘nalishdagi loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-qo‘vvatlash, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berildi.

Maqsad mahalliy bozorni sifatli, import o‘rnini bosuvchi yog‘och-qirindili plitalar (DSP) hamda ularning muqobil turlari bilan ta'minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishdir.

Manba: Matbuot xizmati
Ko'rishlar: 16
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech