Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
6 Nov 2018

Surxondaryo viloyatidagi “Komfort Inert Servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati Sherobod tumani togʻli “Zarabogʻ” qishloq fuqarolar yigʻini hududida granit va gabbro toshlarini qazib olib, qayta ishlash korxonasini foydalanishga topshirdi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar va korxona ishchilari ishtirok etdi.

Prezidentimiz 2017 yil 10-11 fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur loyiha bilan tanishib, tegishli koʻrsatmalar bergan edi. Shunga muvofiq, korxona zamonaviy xorij uskunalari bilan jihozlanib, noyob pardozbop qurilish materiallari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Qiymati 2,5 million dollarlik asbob-uskunalar bir yilda 300 ming kvadrat-metr granit va gabbro toshlarini qazib olib, qayta ishlash quvvatiga ega.

– Korxonani qurib, ishga tushirish uchun 5 million 100 ming dollar mablagʻ sarflandi, – deydi “Komfort Inert Servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi B. Qodirov. – Bunda tashlandiq besh gektar yer maydoni va boʻsh turgan binolar “nol” xarid qiymatida berilgani tabiiy pardozbop toshlarni qayta ishlash jarayonini tezlashtirish uchun qulay imkoniyat yaratdi. Mavjud inshootlar tubdan rekonstruksiya qilinib, xorij uskunalari oʻrnatildi. Bu ishlarni tez, sifatli amalga oshirishga “Oʻzsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki yaqindan koʻmaklashib, 2,2 million dollar miqdorida kredit mablagʻi ajratdi.

Togʻli qishloqda qad rostlagan korxonada ikki yuzdan ortiq aholi bandligi taʼminlandi. Ularning aksariyati yoshlardir.

– Sherobod iqtisodiyot kasb-hunar kollejini tugatganman, – deydi yosh mutaxassis X.Quvondiqov. – Oʻzimga munosib ish izlab yurgandim. Qishlogʻimizga yaqin hududda ish boshlagan shu korxonaga operator boʻlib ishga joylashdim. Bu yerga oʻrnatilgan asbob-uskunalar zamonaviy kompyuter yordamida boshqariladi. Bu ishni tez oʻzlashtirib oldim. Ayni paytda granit toshlarni qayta ishlab, pardozbop qurilish materiali tayyorlamoqdamiz. Bizning unumli mehnat qilishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan.

Yangi korxonada ishlab chiqarilayotgan tayyor materiallar mamlakatimizda barpo etilayotgan zamonaviy qurilish inshootlariga yetkazib beriladi. Mahalliy ehtiyojdan ortiq qismi xorijga eksport qilinadi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi B.Poʻlatov soʻzga chiqdi.

"@Ozqurilishmateriallari" telegram, "@aouzsm" facebook, "uzbuildmaterials" instagram kanallari orqali yangi ma'lumotlardan xabardor bo'ling.

Manba: O‘zA
Ko'rishlar: 39
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech