Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
04.12.2017

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 4 dekabr kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. 

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi. 

Qisqa suhbatdan so‘ng Afg‘oniston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi. 

Tashrifning asosiy tadbirlari 5-6-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi. 

Avval xabar qilinganidek, oliy darajadagi uchrashuvlarda O‘zbekiston va Afg‘oniston munosabatlarining bugungi holati va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari va dolzarb xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan. 

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, fan-ta’lim va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, shuningdek, tijorat shartnomalari imzolanishi kutilmoqda. 

Afg‘oniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi dasturidan, shuningdek, Buxoro shahrini ziyorat qilish ham o‘rin olgan. Oliy martabali mehmon Buxoro davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashadi hamda ular huzurida ma’ruza qiladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech