Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
27.08.2020

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni geologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga shu yil yanvar oyidagi Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta yo‘nalishiga ustuvor ahamiyat qaratilib, ular jadal rivojlantirilishini ta’kidlagan edi. Joriy yilda geologiya sohasi ana shunday yo‘nalishlardan biri etib belgilangan.

Shu maqsadda Prezidentning 4 ta qarori qabul qilindi. Ularning ijrosi doirasida sohani modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, geologik qidiruv ko‘lami va samaradorligini oshirishga erishilmoqda.

– O‘zbekistonda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Uni rivojlantirishdan maqsad – tabiiy resurslarni xalqimiz manfaatiga yo‘naltirish, ish joylari tashkil etib, odamlarni boy qilish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birinchi navbatda geologik ilm-fanni tiklash va zamonaviy kadrlar tayyorlashga zamin yaratildi. Xususan, Geologiya fanlari universiteti tashkil etilib, uning tarkibiga 4 ta ilmiy-tadqiqot instituti birlashtirildi.

Zamonaviy burg‘ulash va laboratoriya uskunalari olib kelindi. Buning natijasida burg‘ulash unumdorligi 2019-yilga nisbatan 25 foiz oshdi. Jumladan, rudadagi elementlarni aniqlash ko‘lami 40 tadan 63 tagacha ko‘paydi.

Yil boshidan buyon 150 ta yangi kon davlat balansiga olindi. Oltin, kumush, uran, mis, molibden resurlari va zaxiralari ko‘paydi. Jumladan, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Kuljuktov hamda Auminzotov tog‘lari hududida 3 ta oltin, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani hamda Jizzax viloyati Arnasoy tumanida 2 ta uran koni aniqlandi.

Shuningdek, 32 ta geologiya-kon zaxirasi xalqaro JORC standartlariga o‘tkazildi.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida 155 ming gektar maydonda tezkor gidrogeologik izlanishlar olib borildi. Suv tanqis hududlarda sutkasiga qo‘shimcha 90 ming kubometr ta’minlaydigan suv zaxiralari tasdiqlandi.

Tadbirda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisining hisoboti eshitildi. 20 ta yangi konga onlayn auksionda, ochiq va shaffof tarzda salohiyatli xorijiy investorlarni jalb etish jarayonining borishi ko‘rib chiqildi.

Sohadagi ishlar natijadorligini oshirish, qonunchilik bazasini mustahkamlash hamda investitsiya salohiyatini yanada kengaytirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari kelgusi yili geologiya-qidiruv ishlarini 2 barobar kengaytirib, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash, sohaga zamonaviy laboratoriya texnikalarini joriy qilishni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.

Geologiya qo‘mitasiga sanoat kooperatsiyasi asosida yangi konlarni qidirish, topilgan resurslarni o‘zlashtirish uchun xususiy sektorga berish amaliyotini yanada keng qo‘llash bo‘yicha topshiriq berildi.

Namangan tajribasi asosida har bir hududda geologik, ayniqsa, gidrogeologik qidiruvlar bo‘yicha doimiy ekspeditsiyalar tashkil etish zarurligi aytildi.

Foydalanishga berilgan yer qa’ri uchastkalarini o‘zlashtirish samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech