Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
04.06.2019

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyun kuni qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish borasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yer va suv resurslaridan oqilona hamda unumli foydalanilsagina yuqori hosildorlik va baraka bo‘ladi. Lekin so‘nggi 30 yil davomida irrigatsiya tarmoqlariga e’tibor berilmagani va yerga xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lish oqibatida 450 ming gektar sug‘oriladigan maydonlar foydalanishga yaroqsiz holga kelib qoldi.

Ayni paytda mamlakatimizda o‘zlashtirish imkoni bo‘lgan 1 million gektardan ortiq maydon mavjud. Ushbu yerlarni irrigatsiya ishlarini bajarish va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, kam suv talab qiladigan ekinlar ekish hisobiga o‘zlashtirish choralarini ko‘rish zarurligi aytildi.

Yig‘ilishda ushbu maydonlarni qayta o‘zlashtirish bo‘yicha samarali tizimni joriy qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Xalqaro tajriba asosida foydalanishdan chiqqan yerlarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida o‘zlashtirish tartibini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Bunda investorlar o‘zlashtirilgan yerlarda ekinlarni mustaqil joylashtirish, yer maydonlarini ikkilamchi ijaraga berish va zarur infratuzilma ob’ektlarini qurish huquqiga ega bo‘lishlari lozimligi aytib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari Jahon bankining foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni bitta tumanda namuna sifatida davlat-xususiy sheriklik asosida o‘zlashtirishga qaratilgan taklifini ma’qullab, tegishli vazirliklar rahbarlariga mazkur loyihani amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Irrigatsiya tarmoqlarini ham davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish mexanizmini joriy qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “Davergeodezkadastr” qo‘mitasiga 2019-2021 yillarda o‘zlashtiriladigan 281 ming gektar maydonni tashabbuskorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida berish tartibini puxta ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Bu yerlarda eksportbop meva va sabzavotlar yetishtirish, shu bilan birga, suvsizlikka chidamli ekinlarning yangi navlarini yaratish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zlashtirilgan yerlarning unumdorligini oshirish hamda meliorativ holati va suv ta’minotini yaxshilash texnologiyalarini joriy qilish, shu maqsadlarga sarflanadigan xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibini joriy qilish bo‘yicha takliflar aytildi.

Yig‘ilishda foydalanishga qaytarilgan yerlarni suv bilan uzluksiz ta’minlash, buning uchun faqat suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Yer osti suvi zaxirasini o‘rganish masalasi muhokama qilinar ekan, Geologiya va ekologiya qo‘mitalari, Suv xo‘jaligi vazirligiga lalmi va yaylovlarni sug‘orish uchun yaroqli bo‘lgan yer osti suvi zaxirasini aniqlash hamda undan samarali foydalanish choralarini ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Yerdan noqonuniy foydalanishni oldini olish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni belgilash hamda bu boradagi nazorat tizimini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

Yer kadastri ma’lumotlarining aniqligini ta’minlash va samarali boshqarish maqsadida yagona avtomatlashtirilgan tizimni ishga tushirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda ko‘rsatib o‘tilgan masalalar bo‘yicha mutasaddilarga yana qator tegishli topshiriqlar berildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech