Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
11.05.2019

Prezident Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumanidagi umumta’lim maktabi va tikuvchilik sexini borib ko‘rdi.

Birlik mahallasida joylashgan 238-maktabda ikki mingdan ziyod o‘quvchi ta’lim oladi. 1969-yilda qurilgan bino eskirgan. Maktab sig‘imiga nisbatan o‘quvchilar soni juda ko‘pligi sababli darslar ikki smenada yo‘lga qo‘yilgan. 2018-yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq 240 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilgan. Lekin poytaxtimizda eski, sig‘imi kichkina maktablar hali ko‘p.

Shu yerda Toshkent shahrida yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirishga oid rejalar muhokama qilindi.

Prezidentimiz maktablar sig‘imini oshirish uchun ularni to‘rt qavatli qilib qurish, shu bilan birga bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish zarurligini ta’kidladi. O‘qituvchilarga qo‘shimcha sharoit yaratish orqali o‘quv-tarbiya ishlari sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar.

Davlatimiz rahbari «Kozimjon reyting servis» korxonasi tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik sexida ham bo‘ldi.

Ushbu loyiha «Ko‘kcha tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Xorijdan 100 ta zamonaviy tikuv mashinasi va yordamchi uskunalar olib kelib o‘rnatildi. Natijada yiliga 500 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Band bo‘lmagan 200 nafar xotin-qiz qayta o‘qitilib, ishga qabul qilindi.

Prezident mahsulotlar turini ko‘paytirish va sifatiga e’tibor qaratish, bozorni doimiy o‘rganib, eksportini ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Korxona faoliyatini kengaytirish va ishni ikki smenada tashkil etish orqali yana ko‘proq xotin-qizlarni jalb etish, ularning bandligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Shu yerda Uchtepa tumanida qurilayotgan boshqa korxonalar haqida ham ma’lumot berildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech