Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
02.08.2019

Prezident Shavkat Mirziyoev Belarus' Prezidenti Aleksandr Lukashenko hamrohligida Minskda tashkil etilgan O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.

Mamlakatimizning keng turdagi mahsulot va xizmatlari uchun «BelEkspo» milliy ko‘rgazmalar markazida alohida majmua ajratilgan.

Maydoni 3 ming kvadrat metr bo‘lgan usti yopiq manejda 25 ta eksklyuziv stendlar qurilib, “O‘zeltexsanoat”, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zcharmsanoat”, “O‘zbekoziqovqatxolding”, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zsanoatqurilishmateriallari”, “O‘ztreyd”, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari kabi yetakchi kompaniya va uyushmalar, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentliklari mahsulotlari ko‘rgazmaga qo‘yilgan. 500 kvadrat metr ochiq maydonda esa avtomobillar, qishloq xo‘jaligi texnikalari, yuk mashinalari, avtobuslar va boshqa tovarlar namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazmada o‘nta viloyatimizdan yuzdan ziyod korxona va tadbirkorlik sub'ektlari o‘z mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda. Yurtimizning turizm salohiyati targ‘ibotiga ham alohida e'tibor qaratilgan.

29 iyul' kuni ochilgan ushbu ko‘rgazmaga Belarusning barcha hududlaridan ishbilarmon doiralar, savdo va sanoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik vakillari kelmoqda.

Aleksandr Lukashenkoga mamlakatimiz kompaniyalarining quvvati va salohiyati, mahsulotlarning sifati haqida so‘zlab berildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston kompaniya va agentliklarining mutasaddilariga Belarusdagi manfaatdor korxonalar bilan kooperasion aloqalarni o‘rnatish, qo‘shma savdo va investisiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech