Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
04.08.2018

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 avgust kuni vinochilik sohasini rivojlantirish, alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport qilishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 28 fevraldagi “Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “O‘zsharobsanoat” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan edi. Uzum plantatsiyalarini ko‘paytirish va vinochilikni rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.

2018 yilning birinchi yarmida mamlakatimiz sanoati 11 foizga o‘sgan holda, sharobsanoat tarmog‘idagi o‘sish bor-yo‘g‘i 0,9 foizni tashkil etgani tanqid qilindi. Aroq ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 71 foiz, vino – 57 foiz, spirt – 76 foiz, shampan vinosi – 7 foizni tashkil etgan. Oqibatda birinchi yarim yillikda ishlab chiqarish prognozlari bajarilmagan.

Yana bir jihat – shu soha rivojlangan mamlakatlarda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish tarkibida vino ulushi 75-80 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda vinochilik e’tibordan chetda qolib ketgan, uzum vinosi ishlab chiqarish so‘nggi 10 yilda 2,5-3 barobar kamaygan. Birlamchi vino ishlab chiqarish korxonalari xomashyo kamligi sababli mavjud quvvatlardan atigi 15 foiz foydalanmoqda. Vinomaterial tayyorlovchi korxonalarning atigi 25 foizi modernizatsiya qilingan.

Aynan shu bois vinochilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, 2021 yilgacha “O‘zsharobsanoat” tarmog‘idagi uzumzorlarni 20 ming gektarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Yig‘ilishda ushbu vazifalarni amalga oshirish, vinobop uzumzorlar va zamonaviy pitomniklar tashkil etish, aroq zavodlarining litsenziya shartlariga ma’lum maydonda uzumzorlar barpo etish va tayyor vino mahsulotlari ishlab chiqarish talabini kiritish masalalari muhokama qilindi.

Uzumchilik va uzumni qayta ishlashni keskin rivojlantirish, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash va yangi quvvatlar tashkil etishga qaratilgan 5 yillik dastur ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“O‘zsharobsanoat” tizimidagi agrofirmalar faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, o‘zlashtirilmagan yoki samarali foydalanilmayotgan yer maydonlarini vinobop uzumzorlar tashkil etish uchun klaster usulida xususiy mulkdorlarga berish zarurligi ta’kidlandi.

Jahon bozori talabi darajasidagi vino ishlab chiqarish imkonini beradigan “pino nuar”, “shardone”, “sovinon-blan” kabi uzum navlari qalamchalarini olib kelib, qat’iy karantin sharoitida ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Ko‘pchilik mamlakatlarda uzumdan boshqa mevalardan ham vino, sirka va sidr tayyorlanadi. Ushbu xorijiy tajribani o‘rganib, qayta ishlanmayotgan meva-chevalardan mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish va keyingi yillarda kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Vinochilik va alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga investitsiya kiritish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish orqali tarmoq eksportini keskin oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish va sotish jarayoniga axborot texnologiyalarini keng joriy etish, “ishlab chiqaruvchi – ulgurji sotuvchi – chakana sotuvchi – iste’molchi” zanjirini ta’minlaydigan elektron tizim yaratish, yurtimizga sifatsiz mahsulotlar kirib kelishi va noqonuniy savdosining oldini olish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech