2023-yil yanvar-mart oylarida 5,1 trln. so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi

News image

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan “2023-yil 1-chorakda qurilish materiallari sohasida amalga oshirilgan ishlar tahlili” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda uyushma rahbariyati, soxa mutaxassislari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Anjumanda dastlab, 2023-yilda mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish, eksport-import ko‘rsatkichlari, investitsiya loyihalari haqida to‘liq ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, 2023-yil I-choragida qurilish materiallari sohasida jami 5,1 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, o‘sish 104,7 foizni tashkil etgan. Jumladan, o‘tgan hisobot yilida 2,5 mln tonna sement, 7,6 mln kv m qurilish oynasi, 13,0 mln kv m gipsokarton, 6,4 mln kv m keramik plitka, 400 ming o‘ram gulqog‘oz kabi qurilish materiallari ishlab chiqarildi.

Shuningdek, 2023-yil I-choragida uyushma tarkibidagi korxonalar tomonidan jami 2 trln 158,7 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish 100,3 foizni tashkil etdi.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-fevraldagi № 74-F-sonli farmoyishi bilan 2023 yilda sement ishlab chiqarish va iste’mol qilish balansining parametrlari tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra joriy yilda 17,0 mln tonna sement ishlab chiqarish va shundan 7,6 mln tonnasini birja savdolari orqali sotish belgilangan.

Joriy yilning birinchi choragida jami 2,5 mln tonna sement ishlab chiqarilgan. Ushbu davrda birja savdolarida sotilgan 515,4 ming tonna sement iste’molchilarga yetkazib berilgan.

Bugungi kunda, birja savdolarida 1 tonna sementning o‘rtacha narxi 654,5 ming so‘mni tashkil etib 6,0 foizga ko‘paygan, 1 kv metr qurilish oynasining narxi 47,5 ming so‘mni tashkil etib 1 foizga kamaygan, 1 dona shiferning narxi esa 55 ming so‘mni tashkil etib 1,8 foizga kamaygan.

2023 yil yakuni bilan yiliga 5,8 mln tonna sement ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi va jami sement ishlab chiqarish quvvatlari 32 mln tonnaga yetkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-dekabrdagi PQ-459-sonli “O‘zbekiston Respublikasining 2023–2025-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra va Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi yig‘ilishining 14- son va 23-son bayonlariga asosan 2023-yilning manzilli ro‘yxat bo‘yicha umumiy qiymati 951,1 mln dollarlik 27 ta loyiha bo‘yicha joriy yilda jami 193,9 mln dollar o‘zlashtirish belgilangan.

2023-yilning yanvar-mart oyning yakuni bilan 17,7 mln dollar o‘zlashtirilib, reja 100,8 foiz bajarildi. E’tiborlisi, 2023-yilda 9 ta loyihani ishga tushirish va 840 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Hududlarning sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturlari doirasida dastlabki ro‘yxatga asosan ushbu davrda 936 ta loyiha bo‘yicha 3 trln 400 mlrd so‘mlik mablag‘lar o‘zlashtirilgan.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish natijasida yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi float oyna, yuqori markali sement, bazalt va shisha momig‘li issiqlik saqlovchi plitalar, kompozit armaturalar va quvurlar, keramogranit, gulqog‘oz, suyuq oboy, marmar, travertin va granit plitalar, keramik plitkalar, santexnika buyumlari, lok-bo‘yoq mahsulotlari, keramik plitkalar va sanitar-texnik buyumlar, gipsokarton, burama mixlar, metal konstruksiyalar, gazobeton va penobeton bloklari kabi qurilish materiallarini ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.

2023-yil I-choragida 97,9 mln dollar miqdorida eksport amalga oshirildi. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida 14,0 mln dollar PVX profillar va trubalar, 8,1 mln dollar alyumin profillar, 11,2 mln dollar keramik plitka va keramika mahsulotlari, 8,3 mln dollar quruq qurilish aralashmalari va sementdan bog‘lovchi materiallar, 9,7 mln dollar oboy kabi qurilish materiallarining eksporti amalga oshirildi.

Ushbu davrda qurilish materiallari eksporti geografiyasi an’anaviy hisoblangan bozorlar ya’ni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikistondan tashqari Ozarbayjon, Turkiya, Kanada, Ruminiya davlatlari hisobiga kengaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 24-yanvardagi PQ-99-son qaroriga asosan 2023 yil I-choragida mahalliylashtirish dasturi doirasida jami 192,5 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan rejani 138,1 foizga bajarilishi ta’minlandi.Tadbir davomida OAV o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxasislardan to‘liq javob olishdi.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech