Gender tenglikka erishish strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati mavzusida seminar o‘tkazildi

News image

Bugun “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida “O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati” mavzuida videokonferensaloqa tarzda seminar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ushbu tizim va unga qarashli tashkilotlar xodimlari ishtirok etdi.

2.jpg

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmud Parpiyev, uyushma boshqaruvi raisining ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, texnika fanlari doktori, professor Azizbek Bahodirov, Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori, mayor Nazokat Tojiyeva va boshqalar mamlakatimizda gender tengligi masalasi va O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinishining mazmun-mohiyati xususida to‘xtaldi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash borasida muhim qadam tashlanib, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi.

3.jpg

2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinishi esa mamlakatda inson huquqlariga nisbatan hurmat bilan qarashni shakllantirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirish imkonini beradi.

Strategiya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli qoidalari asosida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatning uzoq muddatli maqsadlari va ustuvorliklariga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, hujjat qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda darajalarida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi.

4.jpg

E’tiborli jihati shundan iboratki, mazkur strategiyadagi yo‘nalishlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda belgilangan.

Strategiyaning amalga oshirilishi amalda va yuridik nuqtai nazardan gender tenglikni hamda mamlakat hayotining turli sohalarida jamiyatning barcha a’zolari ishtirokini ta’minlash imkonini beradi.

Gender strategiyasini amalga oshirish orqali yuqori va quyi tizimdagi davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyotini kengaytirish, gender nomutanosiblik mavjud bo‘lgan davlat organlarida vaqtinchalik kvotalash tizimini joriy qilish orqali xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlash, eng asosiysi - xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldi olinib, jamiyatda ularga nisbatan shakllangan salbiy qarashlarga barham berilishiga erishilishi, ushbu natijalarga erishish uchun barcha vazirlik, idora va tashkilotlar ularning quyi tuzilmalari, keng jamoatchilik birgalikda harakat qilishi lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

Seminarda shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati shuningdek, Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishda himoya orderining ahamiyati to‘g‘risida ishtirokchilarga ma’lumotlar berildi.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech