O‘zbekiston ishtirokidagi xalqaro arbitraj o‘zaro kelishuv bilan tugatildi

News image

O‘zbekiston va da’vogarlar 2013 yildan buyon Investitsiya nizolarini hal etish xalqaro markazida davom etayotgan xalqaro arbitrajni tugatishga kelishib oldi (Vladislav Kim and others v. Republic of Uzbekistan, ARB/13/6-son ishi) – “ICSID Arbitraji”.

2013 yilda Qozog‘istonning o‘n ikki fuqarosi davlat organlarining “Bekobodsement” AJ va “Quvasoysement” AJga nisbatan qilgan harakatlari munosabati bilan ICSIDga arbitraj da’vosini kiritgan, da’vogarlar o‘sha paytda mazkur jamiyatlarning aksariyat ulushini egalari bo‘lgan.

Da’vogarlar davlat organlarining harakatlari 1997 yil 2 iyundagi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi “Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida”gi Bitimni buzganligini ta’kidlagan (“Investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risida Bitim”). O‘zbekiston tomoni da’vogarlarning barcha ayblovlarini rad etib, Investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi Bitimning buzilishi holatlari mavjud emasligini ta’kidladi, shu bilan birga, nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishga tarafdorligini bildirdi.

Olib borilgan muzokaralar natijasida tomonlar o‘zaro manfaatli shartlar asosida ICSID arbitrajini tugatish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Ushbu kelishuv doirasida O‘zbekiston tomoni “Bekobodsement” AJning 51 foiz aksiyalarini mazkur jamiyatning aksiyadoriga qaytardi.

O‘zbekiston tomoni mamlakatda keng qo‘lamli iqtisodiy islohotlar dasturi amalga oshirilayotganligini va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sohasida faol siyosat olib borayotganligini qayd etadi.

2020 yilning oktyabriga kelib tomonlar kelishuv bitimida nazarda tutilgan barcha shartlarni bajardilar.

Shundan so‘ng, 2020 yilning 9 dekabrida ICSID Tribunali arbitraj muhokamasini qayta murojaat qilish huquqisiz tugatish haqida qaror qabul qildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech