Penobeton bloklari innovatsion qurilish materiali

News image

So‘nggi yillarda dunyoda qurilish jarayonida energiya tejamkor, innovatsion qurilish materiallaridan foydalanish bino-inshootning tannarxi arzon bo‘lishi hamda qurilish ishlarini tez fursatda, sifatli amalga oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Rivojlangan davlatlarda pishgan g‘isht, blok g‘isht va yog‘och o‘rniga energiya tejamkor penobeton bloklaridan foydalanish keng ommalashgan bo‘lib, mamlakatimizda ushbu qurilish materiallarini ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish, bu yo‘nalishda jahon tajribasini qo‘llashga alohida e’tibor berib kelinmoqda.

Respublikamizda penobeton, gazobeton bloklaridan foydalangan holda uy-joy qurilishi doimiy yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. An’anaviy qurilish materiallari (g‘isht, yog‘och) uchun narxlarning oshishi turar joy uylarning ham narxini oshishiga sabab bo‘ladi. Penobeton shu muammolarni yechishda juda qul keladi. Penobeton bloklari g‘ovak betonning bir turi bo‘lib, zamonaviy qurilish materiali hisoblanadi. Mutaxassislar ta’riflaganidek, penobeton bloklari - bu yengil beton hisoblanib, qum, suv, sement va ko‘pirtiruvchi qo‘shimchalardan tashkil topgan aralashmaning qattiqlashishi natijasidir. Penobeton bloklari bir qator afzalliklarga ega, birinchi navbatda, konstruksiya yengillashadi, ikkinchidan materialga harorat o‘zgarishi ta’sir ko‘rsatmaydi, uchinchidan, penobeton bloklari issiqlik, sovuqlik va shovqin o‘tkazuvchanligi juda kam.

foto_main_news_NEW-8420.jpg

Bugungi kunda mamlakatimizda penobeton bloklari ishlab chiqarishga bo‘lgan talab ancha yuqori. Shu sababli penobeton bloklarni ishlab chiqarish investitsiyalarning istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi.

Respublikamizda penobeton bloklari ishlab chiqarish va uni sotish bozori o‘z rivojlanishining dastlabki bosqichida. Penobeton bloklari asosida qurilishning ulushi (uy-joy qurilishi umumiy hajmining taxminan 10 foizi) rivojlangan mamlakatlarga nisbatan (30-40 foiz) pastligi penobeton bloklari bozorining o‘sish ko‘rsatkichlari istiqbolli ekanligini ko‘rsatadi.

Penobeton – sement, qum, suv va kupikdan tashkil topgan qorishmaning qotishi natijasida olingan yengil blok. Ko‘pik betonga zarur bo‘lgan kislorodni butun massa bo‘ylab xujayralar shaklida teng taqsimlanishini ta’minlaydi va ko‘pikli konsentrat yordamida hosil qilinadi. Bloklarning qulayligi shundaki, ularni arralash, qotirish, shakl berish va terish juda osondir.

Penobloklar juda yengil va katta o‘lchamga ega hisoblanib, 500x300x200 li blok zichligiga qarab 18 kg dan 28 kg gacha bo‘ladi. Penoblokni 120 m3 o‘lchamdagi uyni 3 kishi 10-12 kunda qurib bitirishi mumkin. Penobloklar 1970 yillardan buyon 40 dan ortiq davlatlarda ishlatilib kelingan.

Bo‘sh joylarni to‘ldirish uchun mo‘ljallangan penobeton zichligi - 600-1000 kg/m3;

Qurilish uchun penobeton bloklari - 700-800 kg/m3;

Devor, to‘sinlar, balkonlar uchun - 800-1000 kg/m3;

Mustahkamlangan va mustahkamlanmagan parda devorlar, devor panellari, pollar ishlab chiqarish uchun - 1200-1400 kg/m3.

Ya’ni, ushbu mahsulotni strukturaviy va issiqlik izolyatsiya qiluvchi mahsulot sifatida ham ishlatish mumkin.

Manba: Matbuot xizmati

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech