Xorijiy investitsiyalar ishtirokida 31 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi

News image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4937-sonli qaroriga ko‘ra “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining Investitsiya dasturi bo‘yicha umumiy qiymati 469,0 mln dollarlik 31 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

investitsiya loyihalari

E’tiborlisi, 2021 yilning o‘zida jami 327,6 mln dollar o‘zlashtiriladi, shundan 215,0 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga moliyalashtiriladi. Ushbu yirik loyihalar asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Farg‘ona, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Toshkent viloyatlarida hamda Toshkent shahrida amalga oshiriladi.

Eng yirik loyihalardan biri "Qizilqumsement" AJda hayotga tadbiq etilmoqda. Korxonada umumiy qiymati 126 mln dollar bo‘lgan klinker ishlab chiqarish yangi 4-liniyasi ishga tushiriladi. Natijada korxona yillik sement ishlab chiqarish quvvati 2,2 mln tonnaga ortib, jami 5.5 mln tonnaga yetkaziladi. Hozirda aksiyadorlik jamiyatida qurilish-montja ishlari bajarilmoqda, asbob-uskunalar buyurtma asosida xorijda tayyorlanmoqda. Navoiy viloyatida shuningdek, "PETRAWOOL" MChJ QK da bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish (umumiy qiymati 18,2 mln dollar), Tomdi tumanida "Mega kvars" MChJda kvars qumini qazib olish va qayta ishlash (umumiy qiymati 3,9 mln dollar) kabi loyihalar ishga tushuriladi.

investitsiya loyihalari

Mamlakatimizning Shimoliy hududi bo‘lmish Qoraqalpog‘iston Respublikasida qo‘shimcha yiliga 1 mln tonna sement ishlab chiqarish bo‘yicha "Qoraqalpoqsement" MChJ QKda qiymati 50 mln AQSh dollarlik yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi, ya’ni korxonaning 3-bosqichi foydalanishga topshiriladi. Bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgach sement ishlab chiqarish quvvatlari 1,4 mln tonnaga yetadi va 100 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Farg‘ona viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 5 ta loyihaga 50 mln dollarlik investitsiyalar jalb qilinadi. Natijada, "Knauf Gips Fergana" xorijiy korxonasida gipsokarton listlari, "Azamat savdo Ziyo" va "Ulugbek export trade" jamiyatida mix va burama mixlar, "Flat Tile" jamiyatida keramogranit va metallogranit, "Agro Impex Valley" jamiyatida metal konstruksiyalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Sanoatlashgan Toshkent viloyatida ham ko‘plab investitsiya loyihalari amalga oshirilayapti. Xususan, hududda joriy yilda quvvati 30 ming tonna bo‘lgan kvars qumidan mineral plitalar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega yangi korxona ishga tushuriladi. Shuningdek, linoleum, avtoklav gazobeton bloklari, olovbardosh g‘ishtlar, burama mixlar, asfalt va temir-beton buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar foydalanishga topshiriladi.

investitsiya loyihalari

“Oriyent keramiks” jamiyati tomonidan Toshkent shahrining Sergeli tumanida yiliga 9,0 mln. kv. metr keramik plitkalar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega yangi korxona barpo etilmoqda. Shuningdek, poytaxtda "ALMUS" jamiyatida ham 6,0 mln dollar investitsiya hisobiga yog‘och qirindi plitalarni laminatsiya qilish, "GRAND ROAD TASHKENT" jamiyati tomonidan tabiiy pardozbop toshlarni qayta ishlash orqali yiliga 80 ming kv.metr plitalar ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayapti.

Albatta, ushbu investitsiya loyihalarini foydalanishga topshirish orqali mamlakatimizda sifatli, jahon standartlariga mos qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, qolaversa, qurilish materiallariga bo‘lgan ichki talab qoplanadi. Eng muhimi yangi doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

investitsiya loyihalari

Manba: Matbuot xizmati
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech