Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
60



“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati ijro etuvchi apparati va uning tashkiliy tuzilmasidagi davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning
murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 11 sentyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-445-son Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 maydagi “Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi Namunaviy nizomni tasdiklash haqida”gi 341-son Qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

I. Умумий коидалар

1. Mazkur Nizom “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga (keyingi o‘rinlarda - Qonun deb ataladi) muvofiq, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati ijro etuvchi apparati va uning tashkiliy tuzilmasidagi davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlarda (keyingi o‘rinlarda - Jamiyat deb ataladi), jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (keyingi o‘rinlarda - murojaatlar deb ataladi) bilan ishlash tartibini belgilaydi.

2. Mazkur Nizomda Jamiyatda murojaatlar bilan ishlash tartibining umumiy qoidalari, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi, ko‘rib chiqish muddatlari, ko‘rmay qoldirish, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni tashkil etish, ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va Jamiyatning majburiyatlari, ko‘rib chiqishni nazorat qilish, umumlashtirish va tahlil qilish hamda ko‘rib chiqish muddatlari va tartibi buzilganligi uchun javobgarlik bayon etiladi.

3. Ushbu Nizomning amal qilishi:

ko‘rib chiqish tartibi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iktisodiy protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarga;

davlat organlarining Jamiyat bilan o‘zaro yozishmalariga nisbatan tadbiq etilmaydi.

4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

ariza - huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat;

taklif - davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat;

shikoyat - buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni ximoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat;

anonim murojaat - jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek uni identifikatsiya qilish imkoniyatini bermaydigan elektron murojaat yoxud imzo bilan tasdiqlanmagan yozma murojaat;

murojaatning dublikati - aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsning murojaati nusxasi;

takroriy murojaat - ayni bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan kelib tushgan, uning avvalgi murojaati yuzasidan qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilinayotgan yoki boshqacha tarzda norozilik bildirilayotgan, shuningdek, agar takroriy murojaat kelib tushgan paytga kelib qonun hujjatlarida belgilangan ko‘rib chiqish muddati tugagan bo‘lsa, ilgarigi murojaati o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligi to‘g‘risida xabar qilinayotgan murojaat;

elektron murojaat - belgilangan tartibda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida berilgan, shu jumladan davlat organining, tashkilotning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan murojaat, real vaqt rejimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda berilgan og‘zaki murojaatlar bundan mustasno;

ommaviy qabul - davlat organi rahbarining yoki bu borada vakolat berilgan mansabdor shaxsining jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillari bilan ommaviy uchrashuvlarida murojaatlarni qabul qilishga doir harakati;

video-konferens-aloqa - uzoqda joylashgan bir nechta abonentlarning real vaqt rejimida audio va videoaxborot almashish imkoniyati bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, interaktiv hamkorlik qilishi;

davlat ishtirokidagi tashkilot – ustav fondida davlat ulushi mavjud bo‘lgan tijorat tashkiloti yoxud to‘liq yoki qisman davlat organi tomonidan tashkil etilgan yoki ta’sis etilgan notijorat tashkiloti.

5. Murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda berilishi mumkin. Murojaatlar, ularning shakli va turidan qat’iy nazar, bir xil ahamiyatga ega bo‘ladi.

Jamiyatning “Ishonch telefoni”ga kelib tushgan murojaatlar og‘zaki murojaat sifatida, ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha “Ishonch telefonlari”ga kelib tushgan murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnalida ro‘yxatga olinadi, shuningdek ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha kartochkada qayd etiladi va ko‘rib chiqiladi.

Jamiyatga “Ishonch telefoni” orkali kelib tushgan murojaatlarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek ushbu murojaatlar bilan ish yuritishni tashkil etish, Jamiyatda - Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash guruhi tomonidan amalga oshiriladi.

“Ishonch telefoni” orkali kelib tushgan murojaatlar bilan ish yuritishni tartibli tashkil etish, Ishchi guruhi rahbarining zimmasiga yuklatiladi.

Jamiyatning rasmiy elektron pochta manziliga kelib tushgan murojaatlar elektron murojaatlar tarzida qayd etiladi va ushbu Nizomda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonalari orqali kelib tushayotgan murojaatlar Qonunda va ushbu Nizomda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Jamiyatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonalari orkali kelib tushayotgan murojaatlarga tegishlicha “j/sh yoki yu/sh” hamda “x/q yoki v/q” belgi qo‘yilgan holda ro‘yxatga olinadi.

Ommaviy axborot vositalari tahririyatlaridan kelib tushgan murojaatlar Qonunda hamda ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqiladi.
Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.

6. Murojaatlar arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida bo‘lishi mumkin.

Jismoniy va yuridik shaxslar yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat etishlari mumkin.

7. Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Jamiyatga murojaat qilish huquqiga ega.

8. Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga, shuningdek, yuridik shaxslarning mulk shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakllariga va boshqa holatlariga qarab kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti, yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning roziligisiz, Jamiyat xodimlari va mansabdor shaxslari tomonidan oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

II. Мурожаатларни бериш ва уларни кўриб чиқиш тартиби

9. Jismoniy va yuridik shaxslar mustaqil ravishda yoki vakili (qonuniy vakili (ota-onasi, farzandlikka oluvchisi hamda vasiysi yoki homiysi) yoki shartnoma bo‘yicha (ixtiyoriy) vakili) orqali pochta aloqa vositalari, internetdagi elektron pochta (manzil)laridan foydalangan holda murojaat etishlari mumkin.

10. Jismoniy shaxsning murojaatida uning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Jismoniy va yuridik shaxsning murojaatida Jamiyatning aniq nomi, murojaat yuborilayotgan mansabdor shaxsning lavozimi va (yoki) familiyasi (ismi, otasining ismi) ko‘rsatilgan, shuningdek, murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Murojaatlarda murojaat etuvchilarning elektron pochta manzili, aloqa telefonlari va fakslari raqamlari ko‘rsatilishi mumkin.

Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orkali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

11. Murojaat pochta orqali konvertda kelib tushganda konvertda murojaat va unga ilovalar mavjudligi tekshiriladi.

Konvertda murojaat mavjud bo‘lmasa yoki u shikastlangan bo‘lsa, shuningdek murojaatda ko‘rsatilgan ilovalar mavjud bo‘lmasa, ikki nusxada dalolatnoma tuzilib, uning bir nusxasi murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul Ishchi guruhida qoladi, ikkinchi nusxasi murojaat etuvchiga konvertda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha yuboriladi.

Kelib tushgan murojaatlar konvertlari murojaat etuvchining manzilini, murojaatning jo‘natilgan va olingan vaqtini aniqlash uchun saqlab qolinishi mumkin.

12. Yozma murojaat, murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiklangan bo‘lishi lozim.

Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan takdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.

III. Jamiyat ijro etuvchi apparatida va uning tashkiliy tuzilmasidagi davlat ishtirokidagi korxonalarda murojaatlar bilan ishlashni tashkillashtirish

13. Jamiyat ijro etuvchi apparati va uning tashkiliy tuzilmasidagi davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 maydagi 341-sonli qarori bilan tasdiqlangan Namunaviy nizomga 1-ilova bo‘lgan “Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash sxemasi”ga binoan amalga oshiriladi.

14. Jamiyatda murojaatlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish va ko‘rib chiqish uchun yuborish, shuningdek uning ko‘rib chiqilishini nazorat qilish Jamiyatda - Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash guruhi (keyingi o‘rinlarda - murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul guruh deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.

Jamiyatning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan guruhi, murojaatlarning ko‘rib chiqilishini nazorat qilish masalalarida bevosita Jamiyat Raisiga bo‘ysunadi.

Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha Ishchi guruhi xodimlariga quyidagi qo‘shimcha talablar qo‘yiladi:

o‘rta-maxsus yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lish;

kamida uch yillik ish staji bo‘lishi;

Jamiyat ijro etuvchi apparati tarkibiy bo‘linmalari, tashkiliy tuzilmadagi davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlarning faoliyati, funksiyalariga oid majburiyatlar to‘g‘risida xabardor bo‘lish;

yuksak ma’naviy-ahloqiy fazilatlarga ega bo‘lish;

kirishimlilik;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashni bilish.

Ishchi guruhi a’zolari murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha o‘z faoliyatini amalga oshirishda iltifotli, qat’iyatli, e’tiborli bo‘lishi kerak, murojaat qiluvchilarga nisbatan xushmuomala, vazmin va e’tiborli, shuxsning sha’nini kamsitmasligi, unga nisbatan mehribon bo‘lishi shart.

Murojaatlar bilan ishlash ishchi guruhi a’zolari o‘z xizmat vazifalarini bajarish vaqtida tashqi ko‘rinishi bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning Jamiyatga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga ko‘maklashishi, umumiy qabul qilingan ish tartibiga rioya etishi, vazmin va intizomli bo‘lishi kerak.

Jamiyat murojaatlar bilan ish olib boruvchi o‘z xodimlarini o‘qitadi va uch yilda kamida bir marotaba ularning malakasini oshiradi.

15. Jamiyatda ushbu Nizom talablariga muvofiq murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimi joriy qilinishi mumkin.

Jamiyatning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash guruhi hamda ularning xodimlarining huquqlari hamda vazifalari ushbu Nizomga muvofiq belgilanadi.

Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha Ishchi guruhi rahbari ishda bo‘lmaganida (ta’tilda, xizmat safarida va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrida) murojaatlar bilan ishlash Ishchi guruhi a’zolari yoki Jamiyat rahbari tomonidan o‘rnatilgan tartibda belgilangan mas’ul xodim tomonidan amalga oshiriladi.

15. Elektron murojaatlar tushgan kunida qog‘ozga bosib chiqarilishi, ish vaqti tamom bo‘lgandan keyin tushgan taqdirda esa - navbatdagi ish kunida qog‘ozga bosib chiqarilishi va ushbu Nizom qoidalari bo‘yicha ro‘yxatga olinishi hamda ko‘rib chiqilishi kerak.

16. Yozma va elektron (qog‘ozga bosib chiqarilgan) murojaatlar, tegishliligi bo‘yicha ushbu Nizomga 3 va 4-ilovaga muvofiq shakllar bo‘yicha murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnaliga zarur yozuvlarni kiritish, ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha hisobga olish kartochkasini to‘ldirish va murojaatning birinchi sahifasi quyi o‘ng qismida ro‘yxatga olish shtampini qo‘yish yo‘li bilan murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul guruh xodimlari tomonidan ro‘yxatga olinadi.

Bunda, jismoniy shaxslarning murojaatlariga “j”, yuridik shaxslarning murojaatlariga “yu” belgisi qo‘yilgan holda ro‘yxatga olinadi.

Qayd etish shtampida Jamiyatning rasmiy nomi (agar Jamiyatning rasmiy nomi uzun bo‘lsa, umumqabul qilingan qisqartirilgan nom yoki qiqsqartma ko‘rsatilishi mumkin), murojaatning kelib tushgan sanasi va qayd raqami ko‘rsatiladi.

Murojaatlarning tartib raqamlari har yil boshidan yangidan hisoblanadi.

17. Og‘zaki murojaatlar bilan kelgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul guruhlar tomonidan qabul kilinadi.

Murojaat etuvchining shaxsini tasdiklaydigan hujjatlar tekshirilgandan keyin ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha hisobga olish kartochkasi to‘ldiriladi. Hisobga olish kartochkasi og‘zaki murojaat sifatida, tegishliligi bo‘yicha ushbu Nizomga 3 va 4-ilovaga muvofiq shakllar bo‘yicha murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnaliga zarur yozuvlarni kiritish orkali ro‘yxatga olinadi.

18. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari Jamiyatga og‘zaki murojaat etishganda, ular tomonidan takdim qilingan yozma murojaatlar hamda boshqa materiallar qabul kilinishi va ushbu Nizomning 15-bandiga muvofiq to‘ldirilgan hisobga olish kartochkasiga ilova qilinishi kerak.

19. Ro‘yxatga olingan murojaatlar kelib tushgan paytidan boshlab bir ish kunidan kechikmay Jamiyat rahbariga yoki uning o‘rinbosariga kiritiladi, u mas’ul tarkibiy guruhni (xodimni) belgilagan holda murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha rezolyutsiyani (topshiriqnomani) qo‘yadi.

20. Rezolyutsiya (topshiriqnoma) qo‘yilgan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul guruh murojaatni ijro etuvchi sifatida belgilangan tarkibiy bo‘linma(lar)ga (xodimga) imzo qo‘ydirgan holda beradi. Murojaatni ijro etuvchi sifatida belgilangan tarkibiy bo‘linma(lar) murojaatni belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi.

21. Jamiyatga kelib tushgan murojaatlar Jamiyatning ish yurituviga qabul qilinishi, zarur hollarda, Jamiyatning tashkiliy tuzilmasidagi tegishli korxona va tashkilotlarga yuborilishi yoki tegishliligi bo‘yicha boshqa davlat organiga yuborilishi mumkin.

Zarur hollarda, Jamiyat, uning tarkibidagi davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlardan murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha olingan javob xatlari asosida murojaat etuvchiga murojaatni ko‘rib chiqish natijalarini yozma yoxud elektron shaklda xabar kiladi.

22. Qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘zining vakolati doirasiga kirmaydigan Jamiyatga kelib tushgan murojaatlar besh kun muddatdan kechiktirmay Jamiyatning rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolangan xat bilan tegishli organlarga yuboriladi, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.

Murojaatni ko‘rib chiqishi uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga o‘tkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.

Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, u holda ular besh kun muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan murojaat etuvchilarga qaytariladi.

23. Jamiyatning tashkiliy tuzilmasidagi korxona va tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan murojaatlar, unga murojaat kelib tushgan kunidan boshlab besh kun muddatdan kechiktirmay xat bilan yoki Jamiyatning rahbari yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan imzolangan topshiriq bilan birga yuborilishi, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar berilishi kerak.

24. Agar murojaatda bir nechta tarkibiy bo‘linmaga tegishli masalalar mavjud bo‘lsa, ularning barchasi murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha ijro etuvchilar etib belgilanadi. Ijro etuvchilar orasida birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan tarkibiy bo‘linma boshqa tarkibiy bo‘linmalar bilan birgalikda murojaatning ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi.

25. Murojaatni to‘liq, holis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha, ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zaruriyat paydo bo‘lgan taqdirda, murojaatni ko‘rib chiquvchi tarkibiy bo‘linma murojaat etgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek ushbu Jamiyatning vakolatlari doirasida belgilangan tartibda boshqa davlat organlaridan, tashkilotlardan qo‘shimcha axborotni rasmiy xat bilan so‘rab olishi mumkin.

Agar boshqa davlat organlari, tashkilotlar tomonidan ularning ish yurituvidagi murojaat(lar)ni ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zaruriyat paydo bo‘lganligi sababli, Jamiyatga so‘rovlar yuborilganda, Jamiyatning rahbari va o‘rinbosarlari so‘ralayotgan axborotlar davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, tegishli qo‘shimcha ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarni so‘rov yuborgan davlat organlariga, tashkilotlarga o‘n kun ichida takdim etishlari shart.

26. Agar murojaatda joyning o‘zida o‘rganishni talab etuvchi holat bayon qilingan bo‘lsa, shuningdek boshqa zarur hollarda murojaatni ko‘rib chiquvchi Jamiyat murojaatni joyning o‘zida ko‘rib chiqishni ta’minlashi mumkin. Murojaatni joyning o‘zida ko‘rib chiqish Jamiyat rahbarining topshirig‘i yoki uning roziligi bilan amalga oshiriladi.

27. Murojaatni murojaat etgan yoki boshqa shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqishning imkoniyati bo‘lmaganda, ular Jamiyatning rahbari yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan rasmiy xat bilan chaqirilishi mumkin. Chaqirilgan murojaat etuvchi kelmagan takdirda, Jamiyatning rahbari yoki uning o‘rinbosarlari murojaatni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqish mumkin emasligi to‘g‘risida javob yuboradi.

28. Agar murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida murojaatning dublikati kelib tushsa, ushbu murojaat avval tushgan murojaat bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi hamda natijasi bo‘yicha yagona javob beriladi.

Murojaatning dublikatiga avval tushgan murojaatning tartib raqami va “dublikat” so‘zi bilan belgi va murojaatning dublikati kelib tushgan sana qo‘yiladi. Murojaatning dublikati avval tushgan murojaat bilan birgalikda saqlanadi.

29. Agar murojaatda unda qo‘yilgan masalalar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga dahldor bo‘lsa, ularning vakillari murojaatni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun Jamiyat tomonidan o‘z vakolatlari doirasida rasmiy xat bilan jalb etiladi.

30. Zarur hollarda, murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Jamiyat tomonidan tegishli mutaxassislar jalb etilishi mumkin.

31. Murojaatni ijro etuvchi sifatida belgilangan tarkibiy bo‘linma(lar) o‘z yoki Jamiyat rahbariyati tashabbusiga ko‘ra yoxud murojaat etuvchining iltimosiga ko‘ra uni eshitishni tashkil etishi mumkin.

32. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Jamiyat tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi, bu haqda darhol yozma yoxud elektron shaklda murojaat etuvchiga xabar beriladi.

Murojaatni qoniqtirmasdan qoldirish to‘g‘risidagi qarorni:

Jamiyat ijro etuvchi apparatida - Rais, uning o‘rinbosarlari;

Jamiyatning tashkiliy tuzilmasidagi korxona va tashkilotlarda – rahbar qabul qiladi.

Murojaatga javob xatida murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni rad (inkor) etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslar (zaruriyatga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) bo‘lishi kerak.

33. Jismoniy shaxslarning murojaatlari bo‘yicha yozma yoki elektron javob xatlari Jamiyatda - Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash guruhi, Jamiyatning tashkiliy tuzilmasidagi korxona va tashkilotlarda - Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi tomonidan yig‘ma jildlar nomenklaturasi talablariga asosan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

34. Ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar, Jamiyatda – Moliya va buxgalteriya hisobi bo‘limida, Jamiyat tashkiliy tuzilmasidagi korxona va tashkilotlarda - Buxgalteriya hisobi va moliyaviy ishlar bo‘limi tomonidan yig‘ma jildlar nomenklaturasi talablariga asosan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

35. Murojaatga javob xati Jamiyat rahbari yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi.

Murojaatlarga javob xati, mumkin kadar, murojaat etilgan tilda bayon qilinadi.

36. Jismoniy yoki yuridik shaxslar jamoa bo‘lib murojaat qilgan taqdirda, ularning murojaatlari qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqiladi. Bunda murojaatga javob, murojaat kilganlarning ro‘yxatida birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan shaxsga yoki ularning talabiga ko‘ra, boshqa shaxsga yuboriladi.

37. Murojaat, unda ko‘tarilgan barcha masalalar Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat etuvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda, ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.

Murojaat etuvchiga javob yuborilgan kun murojaatni ko‘rib chiqish tugallangan kun hisoblanadi, bu haqda murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul guruh xodimi murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnaliga (tegishliligi bo‘yicha) va hisobga olish kartochkasiga belgi qo‘yadi.

Oraliq javoblar berilgan va to‘liq ko‘rib chiqilmagan murojaatlar ijrodan yoki nazoratdan olinmaydi.

38. Nazoratga olingan murojaat ushbu murojaatni nazoratga olgan rahbar yoki mansabdor shaxs tomonidan nazoratdan va ijrodan olinadi.

39. Jamiyatning ijro etuvchi apparati nazoratida turgan murojaatlar bo‘yicha murojaatni ko‘rib chiqqan tashkiliy tuzilmadagi korxona va tashkilotlar murojaat etuvchiga yuborilgan javob xatining nusxasini ilova qilgan holda murojaatni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida Jamiyatga yozma shaklda xabar beradi.

40. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarni va ular bilan bog‘liq materiallarni saqlash Jamiyat tomonidan belgilangan tartibda quyidagilar tomonidan amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslarning murojaatlarini va ular bilan bog‘liq materiallarni saqlash: Jamiyatda - Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash guruhi, tashkiliy tuzilmadagi korxona va tashkilotlar - Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash (mutasaddi) bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.

Saqlash muddati tugagan murojaatlarni va ular bilan bog‘liq materiallarni, shu jumladan elektron ko‘rinishdagi hujjatlarni yo‘q qilish ishlari Jamiyat tomonidan belgilangan tartibda hamda arxiv ishlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, Jamiyat tizimida qabul qilingan ichki me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

III. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari

41. Ariza yoki shikoyat masalani mazmuni bo‘yicha xal etishi shart bo‘lgan Jamiyatga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari Jamiyat rahbari yoki uning o‘rinbosari, tashkiliy tuzilmadagi korxona va tashkilotlar rahbarlari tomonidan, istisno tariqasida, ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

42. Taklif Jamiyatga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kun muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

43. Ayrim hollarda Jamiyatning rahbari yoki uning o‘rinbosari murojaatni ko‘rib chiqishning kiskartirilgan muddatini belgilashi mumkin.

44. Murojaatlar bilan ishlash muddatlari ular Jamiyatga kelib tushgan kundan boshlab hisoblanadi. Jamiyatning tashkiliy tuzilmasidagi korxona va tashkilotlarga yuborilgan murojaatni ko‘rib chiqish muddati, ushbu murojaat Jamiyatga kelib tushgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tegishli muddatning oxirgi kuni dam olish va bayram kunlariga to‘g‘ri kelsa, navbatdagi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.

45. Jismoniy yoki yuridik shaxsning iltimosiga ko‘ra murojaatni ko‘rib chiqqan mansabdor shaxs murojaatga javobni uning mazmunini o‘zgartirmasdan tushuntiradi, shuningdek yo‘l qo‘yilgan xatolar va arifmetik xatolarni o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki murojaat etuvchining iltimosiga ko‘ra, murojaatga javobning mazmuniga dahl qilmagan holda tuzatadi.

Murojaat etuvchining murojaatga javobni tushuntirish va uni tuzatish to‘g‘risidagi iltimosi u kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ko‘rib chiqiladi.

IV. Murojaatlarni ko‘rmay qoldirish va ko‘rib chiqishni tugatish

46. Quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:

anonim murojaatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orkali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;

Qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.

Yuqoridagi murojaatlar ham murojaatdagi mavjud ma’lumotlar asosida ushbu Nizomning 15 va 16-bandlarida nazarda tutilgan tartibda ro‘yxatga olinadi.

47. Murojaatni anonim deb e’tirof etish murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodim yoki murojaatni ko‘rib chiquvchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.

Murojaat anonim deb e’tirof etilganda bu haqda xulosa tuziladi. Xulosada murojaatni anonim deb e’tirof etish uchun asoslar ko‘rsatiladi. Murojaatni anonim deb e’tirof etish to‘g‘risidagi xulosa Jamiyat rahbari yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan tasdiqlanadi.

Jamiyatning “Ishonch telefonlari”ga tushgan murojaatlar Qonunda va ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda anonim deb e’tirof etilishi mumkin.

Anonim deb e’tirof etilgan murojaatlar xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab nazoratdan yoki ijrodan olinadi va ko‘rib chiqilmaydi.

48. Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar kelib tushganda, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodim ularning vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjudligini tekshiradi.

Agar murojaatda jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, bu haqda murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodim tomonidan xulosa tuziladi va Jamiyat rahbari yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan tasdiqlanadi.

Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud emasligi to‘g‘risidagi xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab ushbu murojaat ko‘rib chiqilmaydi, bu haqda murojaat etuvchi yozma ravishda xabardor kilinadi.

49. Quyidagi hollarda murojaatlarni ko‘rib chiqish tugatiladi:

agar takroriy murojaatlarda yangi vajlar yoki yangidan ochilgan holatlar keltirilmagan bo‘lsa, ilgarigi murojaat materiallarida esa tekshiruvlarning to‘la-to‘kis materiallari mavjud bo‘lsa va murojaat etuvchiga belgilangan tartibda javoblar berilgan bo‘lsa;

agar murojaat etuvchi o‘z murojaatini belgilangan tartibda chaqirib olgan bo‘lsa yoki uni ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risidagi iltimos qilgan bo‘lsa;

yashash joyi, turgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili yoki boshqa rekvizitlari o‘zgarganligi to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilmaganligi tufayli chaqirishning imkoni yo‘qligi sababli murojaatni murojaat etuvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqish imkoniyati bo‘lmaganda;

murojaatni murojaat etuvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqish imkoniyati mavjud emasligi sababli, Jamiyat, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilgan murojaat etuvchi kelmay qolgan taqdirda;
agar murojaat etuvchi jismoniy shaxs vafot etganidan so‘ng, murojaatni ko‘rib chiqish huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa.

50. Murojaatni ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risidagi qarorni Jamiyatning rahbari yoki uning o‘rinbosarlari qabul qiladi.

Takroriy murojaatni ko‘rib chiqish ushbu Nizomning 47-band ikkinchi xatboshisiga muvofiq tugatilganda, murojaat etuvchi takroriy murojaatning asossizligi va ushbu masala yuzasidan u bilan yozishmalar tugatilishi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilinadi. Yozishmalar olib borish tugatilgan murojaat etuvchidan takroriy murojaat kelib tushgan taqdirda, bunday murojaatni ko‘rib chiqish murojaat etuvchini bu haqda xabardor qilmasdan tugatiladi.

Murojaatni ko‘rib chiqish uni chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza bo‘yicha tugatilganda, murojaat murojaat etuvchiga Jamiyatning xati bilan birga uch kun ichida qaytariladi. Murojaatni chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilishini istisno etmaydi.

Murojaat qiluvchi chaqirilgan jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining kelmay qolganligi sababli murojaatni ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risida tegishli tartibda xabardor qilinadi.

V. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni tashkil etish

51. Jamiyatda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish belgilangan kun va soatlarda qabul qilish jadvaliga muvofiq o‘tkaziladi.

Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish Jamiyat rahbari yoxud uning o‘rinbosarlari tomonidan amalga oshiriladi.

52. Jamiyatda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish uchun alohida xona ajratiladi.

53. Qabul qilish jadvali va uni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi to‘g‘risidagi axborot, shuningdek qabul qilish tartibi Jamiyatning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilish, shuningdek ularning Jamiyat joylashgan ma’muriy binoda hamma kirishi mumkin bo‘lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi.

Jamiyatning tashkiliy tuzilmasidagi korxona va tashkilotlarda Jamiyat rahbariyatining qabul qilish jadvallari ham manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi.

Jismoniy shaxs og‘zaki murojaat etayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa - o‘z vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni, shuningdek o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi kerak.

54. Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul guruh qabulga kelgan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni, shuningdek jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etadi.

Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining qabullar vaqtida berilgan og‘zaki murojaatlari ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiq rasmiylashtiriladi va ro‘yxatga olinadi.

55. Jamiyatda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul guruh xodimi yoki tegishli tarkibiy bo‘linma xodimlari ishtirokida amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, agar ularning shunday xususiyatga ega bo‘lgan ilgarigi murojaati bo‘yicha Jamiyat tomonidan qaror qabul qilingan bo‘lsa va bu haqda ularga Qonunda belgilangan tartibda xabar qilingan bo‘lsa, rad etilishi mumkin.

Jamiyatning shaxsiy qabulni o‘tkazuvchi rahbari yoki uning o‘rinbosarlari har qanday masalalar, shu jumladan o‘z vakolatlariga kirmaydigan masalalar bo‘yicha murojaat etilganda qabulni rad etishga haqli emas.

56. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul etuvchi rahbar yoki uning o‘rinbosarining ko‘rsatmasi bo‘yicha Jamiyatning boshqa xodimlari ham qabul qilish jarayoniga jalb etilishi mumkin.

57. Agar jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qilish paytida murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish Jamiyatning vakolatiga kirmasligi aniqlangan taqdirda, ularga murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish kerakligi tushuntiriladi. Bunda jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining talabi bilan bu haqda yozma shaklda javob beriladi.

58. Jamiyatning rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan sayyor shaxsiy qabullar tashkil etilishi mumkin.

Sayyor shaxsiy qabullar vaqtida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul guruh xodimi va Jamiyatning boshqa mas’ul xodimlari ishtirok etishi mumkin.

59. Sayyor shaxsiy qabullar alohida tasdiklanadigan jadvalga muvofiq o‘tkaziladi.

Zarur hollarda jadvalda nazarda tutilmagan sayyor shaxsiy qabullar o‘tkazilishi mumkin.

60. Sayyor shaxsiy qabullarni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi to‘g‘risidagi axborot ushbu Nizomning 51-bandida belgilangan tartibda manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi, shuningdek mahalliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

61. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullar vaqtida berilgan og‘zaki murojaatlari ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiq rasmiylashtiriladi va ro‘yxatga olinadi hamda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

VI. Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari

62. Murojaatlar Jamiyat tomonidan ko‘rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxslar quyidagi huquqlarga ega:

murojaat ko‘rib chiqilishining borishi haqida axborot olish;

vajlarni shaxsan bayon etish va tushuntirishlar berish;

murojaatni tekshirish materiallari hamda uni ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish;

qo‘shimcha materiallar takdim etish yoki ularni boshqa organlardan so‘rab olish to‘g‘risida iltimos qilish;

advokat yordamidan foydalanish;

murojaatni ko‘rib chiqishni to‘xtatish to‘g‘risida yoxud murojaatga javobni tushuntirish va (yoki) uni tuzatish to‘g‘risida iltimos qilish;

o‘z murojaatini u ko‘rib chiqilguniga qadar va ko‘rib chiqilayotgan paytda murojaat bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan chaqirib olish;

murojaatni qabul qilishni yoki ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etganlik ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat qilish.

Jismoniy va yuridik shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq murojaatlarni ko‘rib chiqishda boshqa huquqlarga xam ega bo‘lishi mumkin.

VII. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda Jamiyat va uning mansabdor shaxslarining huquq va erkinliklari

63. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda Jamiyat va ularning mansabdor shaxslari quyidagi huquqlarga ega:

murojaatni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;

murojaat etuvchi yoki uning vakilini ular yo‘qligida murojaatni ko‘rib chiqish mumkin bo‘lmaganda yoxud murojaatni eshitish uchun chaqirish;

bila turib yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan murojaatni tekshirish sababli yetkazilgan xarajatlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risida sudga murojaat qilish.

64. Jamiyatning murojaatni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxslari yoki boshqa vakolatli shaxslari:

murojaat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;

murojaat qiluvchiga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga dahldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini, agar ular davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, ta’minlashi;

murojaat etuvchiga ko‘rib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat ko‘rib chiqilganidan so‘ng zudlik bilan yozma yoxud elektron shaklda xabar qilishi;

murojaat yuzasidan qabul qilingan qaror ustidan, agar jismoniy yoki yuridik shaxs ushbu qarorga rozi bo‘lmasa, shikoyat berish tartibini tushuntirishi;

murojaatni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi;

qonunga xilof harakatlarni (harakatsizlikni) bartaraf etish yuzasidan darhol chora-tadbirlar ko‘rishi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablar va sharoitlarni o‘z vakolatlari doirasida aniqlashi;

jismoniy shaxs, uning vakili, ularning oila a’zolari, yuridik shaxs, uning vakili va yuridik shaxs vakilining oila a’zolari ularning murojaatlari sababli ta’qib etilishini belgilangan tartibda bartaraf etish choralarini ko‘rishi;

agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma’naviy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o‘rnini qoplash yoki ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish choralarini ko‘rishi shart.

Jamiyat va ularning mansabdor shaxslari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

VIII. Murojaatlar ko‘rib chiqilishini monitoring va nazorat qilish. Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish

65. Jamiyat rahbari yoki ularning o‘rinbosarlari o‘z tuzilmaviy bo‘linmalari tomonidan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshiradi, ularning to‘liq, holisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash choralarini ko‘radi.

66. Murojaat u qaysi rahbar yoki vakolat berilgan o‘rinbosar tomonidan nazoratga olingan bo‘lsa, o‘sha shaxs tomonidan nazoratdan va ijrodan olinadi.

67. Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul guruh (xodim) tarkibiy bo‘linmalar tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini doimiy nazorat qiladi va uning monitoringini olib boradi, ularning o‘z vaqtida va zarur tarzda ko‘rib chiqilishini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘radi.

Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul guruh (xodim) murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari va tartibi tarkibiy bo‘linmalar tomonidan buzilishi to‘g‘risida Jamiyat rahbarini darhol xabardor qiladi.

Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul guruh (xodim) monitoring natijalari bo‘yicha har oyda Jamiyat rahbariga murojaatlar ko‘rib chiqilishining holati to‘g‘risidagi axborotni, zaruriyat bo‘lganda, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l kuygan Jamiyat xodimlariga nisbatan javobgarlik choralarini ko‘rish yuzasidan tegishli takliflar bilan birgalikda takdim etadi.

68. Jamiyat jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlatning manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida, har chorakda murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilishni ta’minlaydi.

Tahlil natijalari bo‘yicha murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul guruh (xodim) yoki tarkibiy bo‘linma, zarur hollarda Jamiyat rahbariga Jamiyatda murojaatlarni ko‘rib chiqishning qonuniyligini ta’minlash va samaradorligini oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlatning manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi.

Jamiyatning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash guruhi, tashkiliy tuzilmasidagi korxona va tashkilotlarning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limlari tomonidan rasmiy veb-saytlarida murojaatlarni tahlil qilish yakunlari bo‘yicha tegishli statistika hisobotlarini xar oyda e’lon kiladilar.

Jamiyatning tashkiliy tuzilmasidagi korxona va tashkilotlar tomonidan murojaatlarni tahlil qilish yakunlari bo‘yicha har chorakda, belgilangan muddatlarda Jamiyatga tahliliy jadvallar takdim etiladi.

Jamiyat har oyda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga murojaatlar bo‘yicha ish yuritish to‘g‘risida hisobotni takdim etadi.

IX. Yakunlovchi qoidalar

69. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini ta’minlamaganlik, jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi yoxud yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, jismoniy va yuridik shaxsni murojaat kilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqid uchun ta’qib qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzish, shuningdek tuhmat va haqoratdan iborat murojaat qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

70. Qonun va ushbu Nizom talablariga rioya etishni ta’minlash uchun javobgarlik Jamiyat rahbariga va ularning o‘rinbosarlariga, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimlar va tegishli tarkibiy bo‘linmalar rahbarlariga yuklanadi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech