O'zbekiston Milliy matbuot markazida “O'zqurilishmateriallari” AJ tomonidan matbuot anjumani


2018 yil 30 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zqurilishmateriallari” jamiyati tomonidan o‘tkazilgan Matbuot anjumani

Press-relizi

2018 yilning 30 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”! degan ezgu g‘oyasi asosida, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining ichki bozorda qurilish materiallari narxining oshib ketishining oldini olish va ularni arzonlashtirish borasida belgilangan chora-tadbirlar, Respublikada raqobatdosh va eksportbop qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar mavzularida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, ijro etuvchi apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va mutaxassislari, jamiyat tarkibiga kiruvchi yirik zavod va korxonalar mas’ul xodimlari, OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibidagi ishlab chiqarish korxonalari tomonidan davlatimiz rahbarining aholini sifatli qurilish materillari bilan ta’minlash, tarmoq korxonalarini modernizatsiyalash orqali, import hajmini kamaytirib, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, pirovardida ichki bozorda qurilish materiallari narxining oshib ketishining oldini olish va ularni arzonlashtirish borasida berilgan topshiriqlar ijrosi soha rivojida muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Ta’kidlab o‘tish kerakki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 25 oktyabrdagi “Respublika qurilish materiallari sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish, tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish, texnologik va texnik qayta jihozlash uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport potensialini oshirish, xalqaro talab va standartlarga muvofiq zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish maqsadida qayta tashkil etilgan.

Bugungi kunda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarmoqda qator islohot va yangiliklarni amaliyotga tadbiq etmoqda. Yurtimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlari qatorida o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarning lozim darajada bajarilishiga erishmoqda.

I. Ichki bozorda qurilish materiallari narxining oshib ketishining oldini olish va ularni arzonlashtirish borasida belgilangan chora-tadbirlar

Ichki bozorda qurilish materiallarining narxining oshib ketishining oldini olish va ularning narxini arzonlashtirish borasida o‘tgan davrda aniq chora-tadbirlar belgilanib, kutilgan natijalar qayd etildi.

Jumladan, joriy yilning 1 noyabr holatiga mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan 1 tonna sementning o‘rtacha birja narxi shu yil yanvar oyidagidan (568,4 ming so‘m) 26,2 foizga pasayib 476,2 ming so‘mni, 1 kv metr qurilish oynasining narxi (34,4 ming so‘m) 29,9 foizga pasayib 24,1 ming so‘mni, 1 dona shiferning narxi (34,3 ming so‘m) 5,0 foizga pasayib 32,9 ming so‘mni tashkil etdi.

Sement narxining joriy yil boshidagiga nisbatan pasayishiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “Ichki bozorni sement bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3696-sonli qaroriga asosan sement bo‘yicha qo‘shimcha foyda solig‘i bazasini ko‘tarish natijasida erishildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining tegishli qarorlariga asosan sement ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha ko‘rilayotgan aniq chora-tadbirlar sement narxining pasayishida asosiy omillardan biri bo‘lmoqda.

Jumladan, “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” AJ tomonidan Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yiliga 1,5 tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan yangi zavod ishga tushirildi. Yangi zavodda ishlab chiqarilgan sement joriy yilning oktyabr oyidan birja savdolariga qo‘yilishi boshlandi.

Qurilish materiallari narxining oshishiga quyidagi omillar sabab bo‘ldi:

birinchidan, 2017 yilda shahar va qishloqlarda 11,3 mln. kvadrat metr yangi turar-joylar qurilishi hamda respublikamizning barcha shahar va tumanlarida keng miqyosda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida, qurilish materiallariga bo‘lgan talab ham mutanosib ravishda oshib bormoqda;

ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 dekabrdagi 1025-sonli qaroriga asosan, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab, tabiiy gaz va elektr energiyasi tariflari tegishincha 3,8 va 1,6 barobarga oshirilgan;

uchinchidan, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab sement, oyna va metall prokat mahsulotlari ichki bozorda faqat birja savdolari orqali sotish mexanizmi joriy etilib, narxdagi cheklovlar bekor qilingan. Bu o‘z navbatida, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar tomonidan o‘z mahsulotlariga erkin narx belgilashlariga sharoit yaratdi;

to‘rtinchidan, daryo o‘zanlaridan qum-shag‘al qazib olishga bo‘lgan mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan berilgan ruxsatnomalarning bekor qilinishi, inert materiallari (qum, shag‘al) narxining oshishiga sabab bo‘ldi.

O‘tgan davrda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va narxlar barqarorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan:

qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarining tannarxi tahlil qilinib, mahsulotlar narxini asossiz oshirmaslik choralari ko‘rildi;

pishiq g‘isht va ohak ishlab chiqaruvchi korxonalarni muqobil yoqilg‘i turi – ko‘mirga o‘tkazish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi va mahalliy hokimliklar bilan manzilli dastur ishlab chiqildi;

2018-2019 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalarini belgilangan muddatlarda ishga tushirishni ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xarita”si tasdiqlandi hamda o‘tgan davr uchun belgilangan rejalar ijrosi ta’minlandi.

II. Respublikada raqobatdosh va eksportbop qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, jamiyat tizimida bu borada mahalliy hokimliklar, boshqa mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda aniq maqsadlar belgilab olingan.

Ijtimoiy soha ob’ektlari, noturar va aholi turar joylari uchun sifatli, arzon, zamonaviy qurilish materiallari zarur bo‘lmoqda. Qurilish ishlari qiymatining 55-60 foizini qurilish materiallari tashkil etishini, zamonaviy arxitektura yangi, sifatli, arzon, yengil va zilzilabardosh, innovatsion qurilish materiallarini talab etishini inobatga oladigan bo‘lsak, tarmoq taraqqiyoti ahamiyatini his qilish qiyin emas.

2017 yilga qadar tarmoqda 7 ming 995 korxona faoliyat yuritgan. Ayni kunda yurtimizda 10 ming 552 qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. 120 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda ular soni 180 dan oshib ketdi.

Joriy yilda jamiyat tarkibidagi korxonalar tomonidan jami 4 trillion 600 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va o‘sish sur’atini 2017 yilga nisbatan 104 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Belgilangan reja bo‘yicha o‘tgan 9 oylik natijalarga e’tibor qaratamiz. Bunda jami 3 trillion 510 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 102,2 foizga yetkazildi. Shuningdek, bu davrda 288 milliard so‘mlik iste’mol tovarlari ishlab chiqarilishi evaziga o‘sish 109,8 foizga ta’minlangani yanada e’tiborga loyiq.

Joriy yilning 9 oyida 5753,9 ming tonna sement, 9,3 million kvadrat metr qurilish oynasi, 66,5 ming tonna quruq qurilish qorishmalari, 64,8 ming tonna qurilish gipsi, 25,2 ming tonna ohak, 37,0 million dona devorbop materiallar, 5,4 million dona shifer, 58,9 ming dona santexkeramika mahsulotlari kabi sifatli va arzon mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqarildi. Ushbu davrda qiymati 2346,0 milliard so‘mlik 231 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Natijada 4857 ta ish o‘rinlari tashkil etildi.

Keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, keramogranit, sendvich panellar, yumshoq tomyopqich materiallari, bazalt armaturasi, suyuq gulqog‘oz, issiqlikni saqlovchi materiallarni o‘zlashtirishning yo‘lga qo‘yilishi ham sohada erishilgan yutuqlar hisoblanadi.

Albatta, jamiyat tarkibidagi korxonalar mahsulotlariga tashqi bozorda talab ortib borayotgani – bu haqiqiy bahodir. Jamiyat tizimida ekport hajmi 2016 yilda 12,9 million dollar, 2017 yilda 23,7 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning to‘qqiz oyida 40,0 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Reja bo‘yicha ko‘rsatkich 100,4 foizni tashkil etdi. Bugungi kunda jamiyat tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarilgan keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, quruq qurilish aralashmalari, pishgan g‘isht, tabiiy toshdan yasalgan qoplovchi buyumlar, ohak, polipropilen quvurlar, fitinglar singari qurilish materiallariga Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston bozorlarida talab ortib bormoqda.

Endilikda ular qatoriga Tojikiston va Afg‘oniston ham qo‘shildi. Negaki, bu davlatlarga 2017 yildan santexkeramika buyumlari, asbest buyumlar, keramik plitalar, qurilish oynasi va sement kabi mahsulotlar eksport qilinmoqda. Qayd etish joizki, jamiyatda qurilish materiallarining eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rilmoqda. Bu jarayonda eksport qilinadigan mahsulotlar turini ko‘paytirish va ularning eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olingan.

Shu maqsadda, Pokiston Respublikasining «Baxriya tavn» yirik kompaniyasiga ishlab chiqarilayotgan 10 dan ortiq qurilish materiallarining namunalari, Belarus Respublikasiga mamlakatimizda mavjud tabiiy pardozbop toshlar, Hindistonga yangi va zamonaviy turdagi qurilish materiali ishlab chiqarish imkoniyatini beradigan tabiiy bazalt toshi namunalari yuborildi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 1 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsion muhitni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni investorlar faoliyatiga bo‘lgan e’tibor va ularning erkin ishlashi uchun zarur qulayliklar yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Jamiyatimiz tarkibidagi korxonalarning aksariyati hamda tarmoq korxonalari faoliyati ham xorijiy sarmoyalar bilan chambarchas bog‘liq.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 iyuldagi “2018-2019 yillarda investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, jamiyat tomonidan 2018-2019 yillarda jami loyihalar qiymati 1 milliard 165 million dollarga teng (2018 yilda 227 million dollar, 2019 yilda 566,4 million dollar va istiqbolli loyihalar bo‘yicha – 470 million dollar) 16 ta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi belgilangan.

Bugungi kunda investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha aniq muddat va mas’ullarni belgilagan holda “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Bundan tashqari, har bir loyiha bo‘yicha tarmoq jadvallari tasdiqlandi.

Investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida ob’ektlarning loyiha hujjatlari, texnik-iqtisodiy asoslari hisob-kitoblari va smeta hujjatlarini tayyorlash ishlari jadal olib borilmoqda.

2018 yilning 9 oyi yakuni bilan jami 53,2 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, belgilangan reja 132,2 foizga bajarildi.

Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 128,7 million dollar bo‘lgan 6 loyiha ishga tushirilishi ta’minlanadi, natijada Jizzax viloyatida yiliga 2,5 ming tonna bazalt armaturasi, Toshkent viloyatining “Angren” erkin iqtisodiy zonasi hududida yiliga 3,5 million kvadrat metr keramik plitka va 180 ming tonna metall armatura, Surxondaryo viloyatida jami 160 ming kvadrat metr tabiiy toshni qayta ishlash orqali gabbro va granit plitalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

2019 yilda 8 loyiha, jumladan, Farg‘ona viloyatidagi “Kvars” aksiyadorlik jamiyati bazasida yiliga 20 million kvadrat metr qurilish oynasi, Surxondaryo viloyatida yiliga 150 ming kub metr qamishdan DSP, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida yangi sement zavodlari hamda Navoiy viloyatidagi “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatining ikkinchi texnologik liniyasini modernizatsiya qilish hisobiga klinker ishlab chiqarish quvvatini 400 ming tonnaga ko‘paytirish kabi yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Mamlakatimizda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 2018-2019 yillarda 26,2 trillion so‘mlik 712 ta, shu jumladan, 2018 yilda 927,4 million dollarlik 549 qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi. 2018 yil 1 sentyabr holatiga 549 ta loyiha bo‘yicha 4 trillion 232 milliard so‘mlik mablag‘ o‘zlashtirildi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Titan sement” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 200 ming tonna sement ishlab chiqarish uchun 37,5 million dollar, Surxondaryo viloyatida “Surxon sement invest” xorijiy korxonasida 360 ming tonna sement ishlab chiqarish loyihasi uchun 46,7 million dollar, Navoiy viloyatida “Zarafshon oyna” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yiliga 10 million kvadrat metr qurilish oynasi va 250 million dona shisha idishlar ishlab chiqarish loyihasi uchun 97 million yevro, Xorazm viloyatida “Nyu best stayl” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 2,1 million o‘ram gulqog‘oz va 1 million quti gulqog‘oz yelimi ishlab chiqarish loyihasi uchun 5,7 million dollar, Toshkent viloyati “Angren” erkin iqtisodiy zonasida “Great Wall Ceramic” qo‘shma korxonasida yiliga 3,5 million kvadrat metr keramik plitkalar va 200 ming dona sanitar keramikasi ishlab chiqarish loyihasi uchun 24,3 million dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 212,8 million dollarlik investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi hisobiga Sherobod sement zavodi qurilib, yiliga 1,5 million tonna sement va Toshkent shahrida “Pergament kvoliti eksklyuziv” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 9,5 million dollar investitsiya hisobiga 2,5 million rulon gulqog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida “Mingyuan silu industry” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasida yiliga 24 million kvadrat metr oyna mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 110 million dollar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 56,1 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. 2017 yilda loyihaning birinchi bosqichida 29 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, yiliga chetdan import qilinayotgan 4 million kvadrat metr bezakli oyna ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va 210 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda mavjud qamish va g‘o‘zapoya asosida DSP ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida yiliga 30 ming kub metr DSP ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilgan bo‘lsa, 2018-2019 yillarda Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida yana 50 ming kub metrdan, Surxondaryo viloyatida 150 ming kub metr, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlarida jami 50 ming kub metr DSP to‘liq mahalliy xomashyodan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Ayni kunda, mahalliy xomashyodan energiya tejamkor va qurilishda ishlatishga ancha qulay devorbop gazobeton bloklari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda. Xususan, Buxoro, Jizzax, Samarkand, Xorazm va Toshkent viloyatlarida jami 1 million kub metrdan ortiq gazobeton bloklari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Gazobeton o‘zining yengilligi, tabiiy gazni 8 marta kam sarflashi, energiya tejamkorligi va eng asosiysi unumdor tuproqning ishlatilmasligi bilan pishiq g‘ishtdan bir necha marotaba afzalligi bilan ajralib turadi.

Jamiyat tomonidan mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, raqobatdosh, eksportga yo‘naltirilgan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini va turini oshirish, shuningdek, yangi turdagi sifatli qurilish materiallariga bo‘lgan ichki talabni qondirish bo‘yicha zaruriy tashkiliy ishlar olib borilmoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlarida qurilish materiallari xom ashyo zaxirasi mavjud. Bu boradagi tahlillarga ko‘ra, yurtimizda 924 ta qurilish materiallari xomashyo zaxirasi mavjud konlar aniqlangan. Bugungi kunda ularning 392 tasi, yoki 42,4 foizidan foydalanilayotganiga e’tibor beradigan bo‘lsak, mahalliy va xorijiy investorlar uchun bu sohada katta imkoniyatlar mavjudligi tasdiqlanadi. 2016-2017 yillarda mamlakat bo‘yicha 149 yangi kon aniqlangan, mavjud konlarning 189 tasidan foydalanishga litsenziya berilgan. Asosiy qurilish materiallaridan biri bo‘lgan sementga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, bugungi kunda respublikada 14 ta sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan yiliga 9,1 million tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Joriy yilda yillik quvvati 3 million 120 ming tonna bo‘lgan 8 ta, 2019 yil yakuniga qadar yillik quvvati 4 million 720 ming tonna bo‘lgan 9 ta loyiha amalga oshiriladi.

Prezidentimizning Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Turkiya va Janubiy Koreya davlatlariga tashrifi doirasida 2017-2020 yillarda zamonaviy import o‘rnini bosuvchi qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida, ilg‘or xorijiy kompaniyalar bilan umumiy qiymati 1459,8 million dollarlik 29 ta kelishuv imzolandi. Bunda tarmoqda 3 935 ta yangi ish o‘rnini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Shulardan 12 tasi 2018 yilda, 14 tasi 2019 yilda, 3 tasi 2020 yilda ishga tushiriladi.

Barcha loyihalar bo‘yicha tayyorlov ishlari boshlandi. Farg‘onadagi “Kvars” aksiyadorlik jamiyatida float-oyna ishlab chiqarish, Toshkent viloyatidagi “Ran tong metall indastri” korxonasida armatura ishlab chiqarish, “Oxangaronsement” aksiyadorlik jamiyatida sement ishlab chiqarish ana shunday yirik loyihalar sirasidandir. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida import o‘rnini bosuvchi eksportga yo‘naltirilgan zamonaviy qurilish materiallarini, shu jumladan, arxitekturaviy oyna (60 million kvadrat metr), sendvich panellar (750 ming kvadrat metr), gulqog‘oz (8 million kvadrat metr), granit va marmardan ishlangan buyumlar (580 ming kvadrat metr), sement (4,4 million tonna), santexkeramika buyumlari (400 ming dona) ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlar ishga tushiriladi.

Mamlakatimiz bugungi kunda ulkan qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylandi. Respublikamizning barcha hududlarida zamonaviy turar-joy massivlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, murakkab konstruksiyali inshootlar qad rostlamoqda. Birgina, poytaxtimiz misolida aytadigan bo‘lsak, Toshkent siti markazi, Toshkent metropolitenining yer usti liniyalari, ko‘priklar qurish jadal sur’atlarda amalga oshmoqda. Bu esa o‘z–o‘zidan sifatli qurilish mahsulotlariga bo‘lgan talabning keskin oshishiga olib kelmoqda.

“O‘zqurilishmateriallari” jamiyati va jamiyat tarkibiga kiruvchi zavod va korxonalar, ularda mehnat qilayotgan ko‘p ming sonli ishchi-xodimlar bunyodkorlik ishlariga o‘z mehnati, yangi turdagi mahsulotlari bilan munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

“O‘zqurilishmateriallari” AJ Axborot xizmati


Файл
Yuklab olish
Hajmi: 422.69 KB

Мероприятия calendar icon

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech